"UYLANISHMI yoki O'YLANISH..?" Yohud yana to'ylarimiz haqida

08:38 03 Декабрь 2019 1050

Turkum maqola 1-qism.

    Yaqinda bir tanishim bilan suhbatlashib qoldim. Suhbat jarayonida mavzu o’z-o’zidan ish joyi va qancha maosh olishiga borib taqaldi. U bir oyda ikki millionga yaqin pul topishi va ishi o’ziga yoqishini aytdi. Lekin shunga qaramay uy-ro’zg’oridan orttira olmayotgani va uylanish uchun Rossiya yoki Qozog’istonga o’xshash biror chet davlatda ishlab, pul topib kelishini aytdi. Men uning bu gapidan qattiq ta’sirlandim. Naxotki endi to’y o’tkazish uchun begona davlatga borishga ehtiyoj sezilsa, naxotki bitta to’y qilish shunchalik qimmat bo’lsa. Bu muammoning yechimi qayerda? Bir necha savollar hayolimdan o’tdi bir zumda. Xo’sh, chindan ham aslida shundaymi,yoki o’zimiz qiyinlashtirib yubordikmi? Shu on Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak hadislari yodimga tushdi: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuda sariqlik alomatini ko’rib: “Bu nima?” dedilar. “ Ey Allohning Rasuli, danak og’irligidagi tilloga bir ayolga uylandim.”, dedi u. “Alloh senga baraka bersin. Bir qo’y so’yib bo’lsa ham to’y qilgin”, dedilar”. (Beshovlari rivoyat qilishgan) E’tibor beryapsizmi to’y uchun faqatgina bir qo’y so’yishni aytyaptilar. Va holanki Abdurrohman ibn Avf eng boy sahobalardan bo’lganlar. Agar to’yda xohlagancha harajat qilish kerak bo’lganda Payg’ambar alayhis salom bu boy sahobani shunga buyurardilar.

    Boshqa bir hadisda esa Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Nikohning eng barakalisi chiqimi yengilrog’idir”, deganlar. Demak bundan ko’rinib turibdiki, muammoning ildizi o’zimizda ekan. Biz qancha ko’p harajat qilganimiz sari shunga yarasha tashvishimiz ham ortib bormoqda. Birgina nabaviy hadisga amal qilmasligimiz oqibatida o’zimizni qiyin ahvolga solib qo’ymoqdamiz. To’g’risi ham shunday emasmi, Siz nima deysiz..!?

 

Yusufxon Shodiyev

Hidoya o’rta maxsus

islom bilim yurti o’qituvchisi