
Namozda bosh kiyim kiyish
Xalqimiz orasida namozda bosh kiyim kiyishlik yoki kiymaslik borasida turli-tuman gap soʻzlar yuradi. Baʼzilar kiyish lozim desa, baʼzilar buning teskarisini aytadi. Bu tortishuvlarni koʻtarib yuruvchilarning orasidagi ayrim kimsalar esa “bosh kiyimsiz namoz qabul boʻlmaydi”, deydi. Qizigʻi shundaki bu gap-soʻzlarni nafaqat shariat ilmiga ega boʻlmaganlar, balki ayrim ahli-ilmlardan ham eshitasiz. Aslida bu masala borasida dinimiz ahkomlari qanday?
Nabiy alayhissalom, sahobalar, tobeʼinlar va oʻtgan barcha ulugʻlar bosh kiyim bilan namoz oʻqiganlar. Mana shuning oʻzi hujjatlikka kifoya qiladi aslida. Ammo tushunishni istamagan, hatto namoz ahkomlarini toʻliq bilmaydigan, ixtilofni, hammadan ajrab turishni sevuvchi kimsalarga buni qanday qilib tushuntirasiz?! Shunday ekan bu masala borasida kelgan asarlarga yuzlanamiz: Amr ibn Hurays roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning minbarda turganlarini koʻrdim. Boshlarida qora salla, uning peshini kiftlari orasiga tushirib olgan edilar”. (Imom Termiziy, Imom Muslim, Imom Nasoiylat rivoyat qilishgan. Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam salla oʻrab, uning bir uchini orqalariga tashlab yurishlari bayon qilinmoqda.
Sallaning qora rangda boʻlishi esa shart emas. Amr ibn Hurays roziyallohu anhu koʻrganlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ittifoqo shundoq rangda salla oʻragan ekanlar. Boshqa ranglar ham boʻladi.
Oq rang afzal ekanligi haqida rivoyatlar bor. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon salla oʻrasalar, peshini kiftlari orasidan tushirib olar edilar. Nofeʼ aytadiki: «Ibn Umar ham sallasining peshini kiftlari orasiga tushirib yurar edi”. Imom Termiziy rivoyat qilgan. Bu hadis ham oldingisini tasdiqlaydi hamda ummatning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bu ishda ham iqtido qilishi kerakligini taʼkidlaydi.
Mahmudjanov Javohir
ta'lim muassasasi o'qituvchisi