Яратилиш санаси 28.11.2026

Bir oyat sharhi

Alloh taolo Qurʼoni Karimning «Ibrohim» surasida marhamat qilib: “Qaysi bir Rasulni yuborgan boʻlsak, ularga bayon qilib berishi uchun, oʻz qavmi tili ila yuborganmiz”, deydi (4-oyat).
​Barcha paygʻambarlarni oʻz qavmi tili ila yuborish ham Allohning bandalariga bergan neʼmatidir. Chunki boshqa qavmning tilini tushunish qiyin boʻlar edi. Hamma paygʻambarlar oʻz qavmlariga yuborilgan va ularga oʻz qavmlari tilida vahiy kelgan.
​Butun olamlarga va barcha qavmlarga paygʻambar boʻlgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ham oʻz qavmlarining tili — arab tilida vahiy keldi. Buning asosiy hikmatlarini Allohning Oʻzi biladi. Ammo bu oʻrinda ulamolarimiz mulohaza qilgan hikmatlardan baʼzilarini aytib oʻtish joizdir.
​Boshqa paygʻambarlar maʼlum qavmga va maʼlum muddatga kelgan boʻlsalar, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qavmlarning hammasiga qiyomat kuniga qadar paygʻambar qilib yuborilganlar. U zotning umrlari cheklangan. Shuning uchun dinni hamma qavmlarga oʻzlari yetkazishlari qiyin. Shunga binoan, u zot Allohning oxirgi dini taʼlimotlarini oʻz qavmlariga, qavmlari esa uni butun dunyoga tarqatadi. Darhaqiqat, shunday ham boʻldi. Islom dini arablar yashab turgan joylarga yoyilib boʻlishi bilan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot topdilar. Islomni dunyoning qolgan qismiga u zotning qavmi yetkazdilar.
​Turli makon va zamonlarda yashaydigan turli qavmlarga bir paygʻambarni turli tillar bilan yuborib boʻlmas edi. Avvalo, bu ishni ado etish jismonan amri mahol. Qolaversa, dunyoda tillarning turi juda koʻp. Hozirgi tillar ichida Islomning ilohiy Kitobi — Qurʼoni Karim nozil boʻlganidan keyin paydo boʻlganlari ham bor. Demak, har bir qavmga oʻz tilida vahiy kelishi kerak boʻlsa, keyin paydo boʻlgan tillarda soʻzlashuvchilar nima qilardi?
​Qolaversa, tillarning imkoniyati ham har xil. Shuning uchun Alloh taolo eng boy va kalomining abadiy moʻjiza boʻlib qolishini ham koʻtara oladigan tilni — arab tilini tanlab, oʻsha tilda qiyomatgacha boqiy qoladigan Kitobini — Qurʼoni Karimni tushirdi. Qavmlar, tillar, lahjalar, zamonlar almashaveradi, ammo Qurʼon moʻjiza boʻlib turaveradi. Undan arab ham, ajam ham, oq ham, qora ham barobar foyda olaveradi.
​Ha, Paygʻambar oʻziga kelgan ilohiy taʼlimotlarni odamlarga bayon qilib beradi. Shu bilan uning vazifasi tugaydi. Qolgani Alloh taoloning ixtiyorida.

Usmanov Abdusamad

Ta'lim muassasasi oʻqituvchisi