Яратилиш санаси 27.12.2023

Qur`onning sharhi va tafsiri haqidagi qarashlar

Tafsir so`zining lug`aviy ma`nosi “izoh”, “sharh”dir. Arablarda ilmiy, falsafiy asarlarga yozilgan sharhlar ham tafsirlar deb atalgan. Qur`onda ham “tafsir”–“sharh” mazmunida qo`llanilgan: 

وَلَا يَأْتُونَكَ بِمَثَلٍ إِلَّا جِئْنَاكَ بِالْحَقِّ وَأَحْسَنَ تَفْسِيراً 

“Ular sizga biron misol keltirsalar, albatta, Biz sizga haq va eng go`zal sharhni keltirib qo`ydik” . 

Tafsirga berilgan ta`riflarni umumlashtirib shunday deyish mumkin: “tafsir arab tilini mukammal bilgan holda Qur`on, hadis, sahobiy va tobiiylar rivoyatidan istifoda etib, inson qudrati doirasida Qur`on oyatlarini sharhlash, izohlashdir”. 

“Al-Qomus al-muhit” asarida “fasr tafsir kabi sharhlash va berkingan narsani kashf etish ma`nosini bildiradi”, deyiladi. “Lisonul-arab” asarida esa: “Fasrning ma`nosi sharhlash, izohlash bo`lib, tafsir ham shu kabi ma`noni anglatadi, yana “fasr” ning ma`nosi berkingan narsani kashf etish. “Tafsir” esa turli so`zlardan murodni kashf etishdir, deyilgan. Abu Hayyon “Bahrul-muhit” asarida: “tafsir so`zi yalang`ochlab bo`shatish, erkin qo`yish ma`nolarida ham ishlatiladi. Bunda u kashf etish ma`nosiga qaytadi”, deb sharh bergan. 

Ushbu so`zning istilohiy ma`nosi haqida ba`zi ulamolar: “Tafsir ilmi boshqa ilmlar kabi cheklangan qoidalar asosidagi ilm emas. Chunki u qoidalar, yoki boshqa ilmlarga o`xshab qoidalarning amaliyotida shakllangan o`ziga xosliklar emas. Tafsirni Alloh kalomining sharhi, yoki Qur`onning so`zlari va tushunchalariga sharh deyish kifoya”, deganlar. 

Yana ba`zi ulamolar “Tafsir juz`iy masalalar, qoidalar, yoki qoidalar amaliyotida shakllangan xususiyatlarga ega ilmdir. Unga ta`rif ham bor. Ushbu ta`rifda Qur`onni fahmlash uchun foydalaniladigan lug`at, sarf, nahv, qiroat va boshqa bir nechta ilmlar zikr etiladi”, deydilar. 

Tafsir cheklangan qoidalar asosidagi ilm degan ulamolar ta`riflariga nazar solinsa, ularni ko`plab ta`rif aytganlarini ko`rishimiz mumkin. Lekin ushbu ta`riflarning hammasi tuzilish jihatidan har xil bo`lsa ham ma`no jihatidan bir maqsadga yo`naladi. 

Suyutiy ta`riflardan ayrimlarini zikr etadi: “Bu ilm oyatlarning nozil bo`lish sabablarini, ularning kichik qissalarini, makkiy va madaniyligi tartiblarini, aniq va o`xshashlarini, nosix va mansuxlarini, xos va umumiylarini, mutlaq va chegaralanganlarini, mujmal va mufassallarini, halol va haromlarini, va`da va va`idlarini, chaqirganlarini va qaytarganlarini, ibrat va misollarini hamda shunga o`xshashlarni o`rganadigan ilmdir”. 

Zarkashiy: “Tafsir – bu Allohning payg`ambari Muhammad (a.s.)ga nozil qilgan kitobining ma`nolari, hukmlari tushuniladigan ilm. Bunda lug`at ilmidan, nahv va sarfdan, bayon ilmidan, fiqh ilmi asoslaridan, qiroatlardan foydalaniladi hamda bu ilm oyatlarning nozil bo`lish sabablari va nosix, mansuxlarni bilishga muhtoj”, deb ta`rif bergan. 

Yana boshqa ta`rifga ko`ra, “Tafsir ilmi islom ilmlaridan biri bo`lib, mufassir qudraticha hukmlarni istinbot qilishda Qur`on oyatlarini sharhlashga ixtisoslashadi”. 

“Ta`vil” so`zi “avl” so`zidan olingan bo`lib, qaytish ma`nosini hamda tafsir, sharhlash ma`nolarini bildiradi: 

فأما الذين في قلوبهم زيغ فيتبعون ما تشابه منه ابتغاء الفتنة وابتغاء تأويله وما يعلم تأويله إلا الله

“Ammo, dillarida og`ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o`z talqiniga muvofiq ma`nolar berish uchun uning (Qur`onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki unday oyatlar ta`vilini (tafsirini) faqat Allohning o`zigina bilur”. 

Shu kabi ta`vil so`zining izoh, sharh ma`nolarida kelgan ko`plab oyatlar mavjud. 

Ulamolar tafsir va ta`vilni farqlashda turlicha fikrlar bildirdilar. Ba`zi ulamolar ularning ikkisi bir xil ma`noni bildiradi, desalar, boshqalari ularning orasini farqlaydilar. 

Imom Moturidiy: “Tafsir bu so`zning ma`nosi qat`iy mana shu deyish va Alloh o`sha so`zdan mana shuni nazarda tutgan deb, guvohlik berishdir. Agar bunga dalili bo`lsa u holda so`zi to`g`ri, agar unday bo`lmasa, unda faqat o`zining ra`yi bilan tafsir qilgan bo`ladi. Bu man etilgan. Ta`vil esa, biror so`zning taxminiy ma`nosini qat`iy deb aytmay va Allohning nazarda tutgani mana shu, deb guvohlik bermay o`sha ma`noni boshqa ma`nolaridan ustun qilishdir”. 

Abu Ubayda: “Tafsir va ta`vil bir xil ma`noni bildiradi”, degan. Bu fikr ilgari o`tgan tafsir olimlarining oralarida keng tarqalgan edi. 

Rog`ib Isfahoniy “Tafsir ta`vildan ko`ra chuqurroq ma`noni bildiradi. Tafsir so`zlar uchun ko`p ishlatilsa, ta`vil ma`nolar uchun ko`proq ishlatiladi, tush ta`vili (ta`biri) kabi. Ta`vil ilohiy kitoblar uchun ishlatiladi. Tafsir esa ilohiy kitoblar uchun ham, undan boshqalari uchun ham ishlatiladi. Tafsir ko`pincha alohida so`zlarga ishlatiladi. Ta`vil esa, jumlalarga ishlatiladi” . 

Sa`labiy tafsir va ta`vil haqida shunday deydi: “Tafsir so`zning haqiqiy yoki majoziy vaziyatini bayon etadi. Xuddi “sirot” so`zi “toriq(yo`l)” deb tafsir qilinganidek. Ta`vil esa so`zning botinini sharhlaydi. Ta`vil qaytish, ya`ni narsaning asliga qaytishi ma`nosini anglatadi. Ta`vil istalgan narsani haqiqatidan xabar berish. Tafsir istalgan narsaning dalolatini xabar qilishdir”. 

Bag`aviy: “Ta`vil – bu oyatning o`zidan oldingi va keyingilariga muvofiq holda ehtimolli (bo`lishi mumkin bo`lgan) ma`noga ishlatish bo`lib, istinbotda Qur`on va hadisga zid bo`lib qolmasligi kerak. Tafsir esa oyatning nozil bo`lish sabablari va qissalari haqida so`z yuritishdir”, degan. 

Yana bir qancha ulamolar shunday ta`rif beradilar: “Tafsir rivoyat asosida bo`lib, ta`vil esa bilim asosidadir”. 

Zahabiy u ikkisi haqida shunday deydi: “Tafsirning ma`nosi kashf, bayon etish. Ya`ni Allohning murodini kashf etish. Bunda Rasulidan kelgan xabarlarga qarab yoki ba`zi sahobiylar xabarlariga qarab sharhlanadi. Chunki sahobiylar vahiy tushishiga shohid bo`lganlar, o`sha vaqtdagi o`rab turgan voqea-hodisalarni idrok etganlar va Rasululloh (s.a.v.) bilan uchrashib turganlar hamda ular Qur`onning ma`nolarini tushunishga qiynalganlarida unga murojaat qilganlar. Ta`vil bu so`zlarning birorta ehtimolini boshqasidan ustun qilishdir. Ustun qilish esa ijtihodga tayanadi. Bu esa so`zlarning arab tilidagi ma`nolarini bilishni, joylariga qarab ishlatishni, arab tili uslublarini bilgan holda ma`nolarini chiqarishni talab etadi”.

Qayumov Sofvatulloh

“Hidoya” o'rta maxsus islom
blim yurti mudarrisi