Яратилиш санаси 09.09.2021

Inson o‘zgarmasa…

Vatanimiz istiqlolining shonli 30 yilligi xalqimiz tomonidan katta tantana bilan nishonlandi. “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!”, degan ezgu da’vat, ulug‘ maqsadga yo‘g‘rilgan shodiyonalar barchamizning qalbimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda. Mustaqillik bayrami tadbirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Vatanimiz mustaqilligi — biz uchun kuch-qudrat va ilhom manbai, taraqqiyot va farovonlik asosi” mavzusidagi nutqi yurtimizdagi yangilanish va yuksalishlarga muxtasar baho bo‘lib yangradi.

Binobarin, mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalaridagi o‘zgarishlar xalqimiz hayotidagi farovonlik va tinchlik-totuvlikda namoyon bo‘layotgan bo‘lsa, ilmiy-madaniy, diniy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiya sohalardagi tub islohotlar samarasi farzandlarimizning kasb-hunar, sport va madaniyat jabhalaridagi muvaffaqiyatida o‘z isbotini topayotgani haqiqat.

Albatta, mustaqil davlatimiz bosib o‘tgan o‘ziga xos murakkab va sinovlarga boy davr ko‘hna tarix charxpalagida ko‘z ochib yumgunchalik fursatga tenglanishi mumkin. Ammo istiqlolga erishish, uni saqlab qolish va mustahkamlash yo‘lida bedor orttirilgan har bir soniya, oy va yillar, agar ta’bir joiz bo‘lsa, ona Vatanimizda yashayotgan millionlab insonlar taqdiridagi evrilish, hayotidagi yuksalish, farovonlik hamda yosh avlod kelajagining yorug‘ istiqbolida asrlarga tatigulik bo‘lishi muqarrar.

Shu o‘rinda, Yurtboshimizning: “Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli so‘zlarini qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.

Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa, butun jamiyatimiz o‘zgaradi”, degan fikrlarida juda katta yuk, donishmandlik hikmati mujassam, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, inson ilm-ma’rifat, ma’naviyat orqaligina olamni anglaydi, o‘zligini taniydi. Nafaqat o‘z taqdiri balki, jamiyat ertasiga daxldor bilib yashash ilg‘or tashabbus va g‘oyalarga undaydi. Bunga “Ilm Chin (Xitoy)da bo‘lsa ham izlab, topib egallangiz”, degan muborak hadisi sharifga butun hayoti davomida rioya qilib, ilm-fanning barcha sohalarida dovruq qozongan mutafakkir bobolarimizning “Sharq uyg‘onish davri”ga tamal toshini qo‘yganlari yorqin dalildir. Bugungi kunda ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi ne-ne buyuk mutafakkir bobolarimiz yaratgan boy ilmiy-ma’naviy meros jahon sivilizatsiyalari bebaho xazinasi sifatida hamon tadqiq etilayotgani esa qalbimizda faxr, zimmamizga mas’uliyat yuklaydi. Chunki ulug‘ ajdodlari nomi va sharafiga munosib bo‘lmoq yosh avlodning azaliy burchidir.

Ma’lumki, 2021-yil yurtimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deya nomlandi. Mazkur ramziy ma’nodagi yil nomiga mos ravishda mamlakatimizda qabul qilingan Davlat dasturining mazmun-mohiyatiga chuqur ahamiyat qaratilsa, har qanday iqtisodiy rivojlanish asosida, eng avvalo, ILM-MA’RIFAT ustuvor bo‘lishiga e’tibor qaratilgani namoyon bo‘ladi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “...ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi”.

Shu nuqtai nazardan, yosh avlod kamoloti, mamlakat taraqqiyotida ta’lim-tarbiya, ilm-ma’rifat sohasi vakillari ota-onalar, ustoz-muallimlar mehnati, ularning fidoyiligi katta ahamiyat kasb etadi. Farzandlarimizning kelajakda barkamol inson bo‘lib yetishishi, avvalo, ularning yoshligida olgan odobaxloqi hamda ilm-ma’rifatiga bog‘liqdir. “Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, deydi donishmand xalqimiz. Shu bois, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun yurtimizda bor kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda. Bunga munosib bo‘lish, imkoniyatdan samarali foydalanish esa shu yurtni ona Vatan bilgan har bir o‘g‘il-qiz, yoshu qari, umuman, barchamizning muqaddas burchimizdir.

Muzaffar KOMILOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Manba: “Jamiyat” gazetasi 2021-yil 9-sentabr, 36-son