Makkiy va Madaniy suralarining bir-biridan farqi (2-qism)
XIX asrda evropalik olimlar bu borada yangicha qarashni ilgari surganlar. Ayniqsa, T. Nyoldeke o`zining tadqiqotida Makka va Madinada nozil bo`lgan suralarni musulmon olimlarining an`anaviy uslubi kabi ajratgan bo`lsa-da, u Makka davrini yana uch davrga bo`ladi. Unga ko`ra, birinchi davrga asosan qasam bilan boshlangan suralarni kiritadi. Ikkinchi davrga biroz uzunroq suralarni kiritib, Allohning barcha narsaga qodirligi bayon etilgan suralar, qissalar, Muhammad (s.a.v.) ning faoliyati boshqa payg`ambarlar kabi ekanligi, unga ergashganlarning holati boshqa payg`ambarlar ergashuvchilari kabi ekanligi aytiladi. Uchinchi davrda ilgarigi suralar xususiyatlari yanada aniqroq bayon etiladi, payg`ambarlar qissalari takrorlanib, qo`shimchalar qilinadi.
Bunday bo`lishda u asosan suralarning uslublariga tayanadi hamda uning tadqiqotida makkiy suralar orasida madaniy oyatlarning bo`lishi yoki madaniy suralar tarkibida makkiy oyatlarning bo`lishi istisno holatlarda ekanligi ta`kidlanadi.
Makkiy va madaniy suralarni ajratish rivoyatlar asosida aniqlanishi bilan birga, ularning uslublari bo`yicha ham o`rganiladi. Musulmon ulamolari tomonidan bu borada ayrim qoidalar ishlab chiqilgan:
1. Sajda oyati mavjud suralar makkiy.
2. “Kallo” so`zi ishlatilgan suralar makkiy.
3. Baqaradan tashqari payg`ambarlar qissasi va o`tgan qavmlar haqidagi qissalar mavjud suralar makkiy.
4. Baqaradan tashqari Odam va Iblis zikr etilgan har bir sura makkiy.
5. Haj surasidan tashqari “Ya ayyuhallaziyna omanu” oyati bo`lmay “Ya ayyuhannos” so`zlari mavjud suralar makkiy.
6. Agar surada fiqhiy hukmlar, qoidalar kelgan bo`lsa u madaniy.
7. Agar surada munofiqlar haqida so`z yuritilgan bo`lsa, u madaniydir. Faqat makkiy “Ankabut” surasining 1 dan 11-oyatgacha bo`lgan qismida munofiqlar zikr etilgan bo`lib, ushbu oyatlar Madinada nozil bo`lgan.
8. “Ya ayyuhal laziyna omanu” so`zlari bilan boshlangan sura madaniy.
9. Madaniy suralar uzun bo`ladi.
10. Madaniy suralar so`zlari oson va ko`pincha kam ishlatiladigan so`zlar kelmaydi.
11. Ahli kitoblar bilan bahs-munozaralarda kuchli hujjatlar keltirilishi va bosiqlik uslubi suraning madaniyligini bildiradi.
Qur`on nozil bo`lishi tartibiga ko`ra emas, balki nozil bo`lgan oyatlar majmuasi yoki oyatlar ko`rsatma asosida hamda qisman sahobiylar ijtihodi bilan tartibga solingan. Natijada, Usmon mushafi va u asosda hozirgi kunimiz mushafi tartibi shakllangan.
Makkiy, madaniy sura va oyatlarni aniqlash ilk davrlardagi rivoyatlarda to`liq va mukammal zikr etilmagani bois, bu borada hozirga qadar ham ayrim tadqiqotlarda ixtiloflar yuzaga chiqib turadi. Hozirgi kundagi Madinada chop etilayotgan Mushaf makkiy va madaniy suralarni ajratish bo`yicha bir to`xtamga kelishda ko`mak bermoqda.
Qayumov Sofvatulloh
ta'lim muassasasi o'qituvchisi