
Mufassirda bo'lishi kerak bo'gan shartlar
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlari – saodat zamonida Qur'oni Karimni yetarlicha anglash saviyasidagi kishilar ko'pchilikni tashkil qilar edi. Ular sof arab tabiati va tilining oliy darajadagi namoyandalari edilar. Arabistonning turli joylarida doimiy ravishda so'z, xutba, she'r ustalarining musobaqalari o'tkazib turilar edi.
Bu ma'nodagi ishlar arablar hayotida qanday joy egallaganligini yaxshiroq tushunib etish uchun she'r musobaqasi g'oliblarining she'rlari Ka'bai muazzama ichiga osib qo'yilganligini eslashning o'zi etarli. Lekin shunday bo'lsa ham, ko'pchilik Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o'zi yaxshi tushuna olmagan oyati karimalarning ma'nosini so'rab olar edi. Shuningdek, sahobai kiromlar ham bir-birlaridan Qur'oni Karim ma'nolarini so'rashar va bilganlar aytib berar edilar. Demak, Qur'oni Karimning ma'nosini aytuvchi birinchi mufassir Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning o'zlari bo'lsalar, u zot sollallohu alayhi vasallamdan keyingi o'rinda ilmi o'tkir sahobalar turganlar.
Shubhasiz, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning o'zlarining borliklari bu boradagi barcha muammolarni osonlik bilan hal qilishning bosh omili bo'lgan. Ammo u zot sollallohu alayhi vasallam Rafiqi A'loga intiqol qilganlaridan so'ng Qur'oni Karim ma'nolarini noto'g'ri tafsirlardan muhofaza qilish mas'uliyati Islom ummati zimmasiga tushdi.
Bu ulkan mas'uliyatni talab darajasida ado etish uchun Qur'oni Karim tafsiri bilan shug'ullanadigan kishida bo'lishi zarur shartlar ishlab chiqildi. Quyida ana shu shartlardan ba'zilarini keltiramiz:
Birinchi shart – tafsir bilan shug'ullanadigan kishi sof e'tiqodli bo'lishi kerak. Chunki e'tiqod masalasi o'ta nozik ish ekani hammaga ma'lum. E'tiqod masalasida nuqsoni bor kishi tafsir qilsa, tafsiri ham nuqsonli chiqishi turgan ran.
Shuning uchun ham e'tiqodida Ahli sunna va jamoa mazhabidan ozgina og'ish bor bo'lgan shaxsga tafsir qilishga izn berilmagan yoki unday odam qilgan tafsir yo'q qilingan, yoxud noto'g'ri joylari e'lon qilingan. Bas, ran shunday ekan, e'tiqodsiz, benamoz, ba'zi gunoh ishlarni sodir etgani ma'lum bo'lgan kishilar haqida gapirib o'tirmasa ham bo'ladi.
Ikkinchi shart – havoi nafsga ergashishdan xoli bo'lish. Boshqacha aytganda, tafsirchi bo'lish niyatidagi odam tarafkashlik dardiga chalingan bo'lmasligi kerak. Aks holda uning ishida xiyonat sodir bo'lishi hech ran emas. Shuning uchun ham qadariya, rofiza, mo''tazila kabi toifalarga mansub kishilarning tafsirlari qabul qilinmagan.
Uchinchi shart – arab tilini juda yaxshi bilishi kerak. Bu hech qanday izohga o'rin qoldirmaydigan shartdir. Qur'oni Karim arab tilida nozil bo'lgan, arab tilini yaxshi bilmay turib, Qur'oni Karimni bilaman, deyish mutlaqo noo'rindir.
Arab tili cheksiz lug'at ummoni bilangina chegaralanib qolmaydi. Balki arab tili bundan boshqa yana bir necha ulug' ilmlarni o'z ichiga olgandir. Nahv, sarf, maoniy, bayon, badi', fasohat kabi ilmlar shular jumlasidandir.
Bu borada ulug' tobe'inlardan bo'lmish Mujohid roziyallohu anhuning quyidagi gaplarini keltirishning o'zi kifoya qilsa kerak, deb o'ylaymiz:
«Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan kishi uchun arab tili olimi bo'lmay turib, Allohning Kitobi haqida so'z aytmoq halol emas».
To'rtinchi shart – Qur'oni Karimga bog'liq ilmlarni yaxshi bilish. Mazkur shjlarga, jumladan, qiroatlar ilmi, tavhid ilmi, sababi nuzul ilmi, nosix va mansux ilmi, om va xos ilmi, mutashobih ilmi va boshqa bir qancha ilmlar kiradi.
Beshinchi shart – avvalo, Qur'onni Qur'on bilan tafsir qilmog'i shart. Chunki bir ma'no Qur'oni Karimning bir joyida umumiyroq zikr qilingan bo'lsa, boshqa bir joyida batafsilroq bayon qilingan bo'ladi, bir oyatda qisqa ishora qilib ketilgan narsa ikkinchi oyatda kengaytirib tushuntiriladi. Shuning uchun Qur'oni Karimni yaxshi va chuqur anglashda uning oyatlarini bir-biriga solishtirib o'rganish katta ahamiyat kasb etadi.
Oltinchi shart – Qur'oni Karimni sunnati mutahhara bilan tafsir qilish. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Qur'oni Karimning sharhi va tatbig'i bo'lib kelganligi oydek ravshan narsa. Shuning uchun Qur'oni Karimni tafsir qilmoqchi bo'lgan kishi Payg'ambar alayhissalomning sunnatlarini juda ham yaxshi bilmog'i shart.
Yettinchi shart – tafsirni Qur'oni Karimning o'zidan yoki Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan topmasa, sahobalarning gaplariga murojaat qilish.
Chunki sahobai kiromlar Qur'oni Karimning nozil bo'lishiga shohid bo'lgan, o'sha davrni Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashagan, Qur'oni Karimni aniq tushunib etgan kipshlardir.
Sakkizinchi shart – agar tafsirni yuqorida zikr qilingan masdarlardan birortasida ham topa olmasa, tobe'inlarning tafsiriga marojaat qilish. Chunki tobe'inlar sahobalardan dars olganlar, sahobalardan keyin Qur'oni Karimni eng yaxshi biladigan avlod ham o'sha kishilardir.
To'qqizinchi shart – o'tkir fahmli bo'lish. Bu sifat bir ma'noni ikkinchisidan ustun qo'ya bilish va shariat maqsadlariga mos ma'nolarni istinbot qilish uchun kerak bo'ladi.
Nazrullayev Muhammadsodiq
ta'lim muassasasi 54-guruh talabasi