Яратилиш санаси 10.10.2025

Pochta va kommunikatsiya devoni

Islom svilizatsiyasi pochta va kommunikatsiya tizimiga juda ham kuchli ahamyat qaratgan. Islom davlati yerlari kengayib, o‘sha hududlarni idora qilishga hojat ortar ekan, o‘z-o‘zidan xalifalik va boshqa shaharlar o‘rtasini bog‘lashga katta e’tibor qaratildi. Xususan, bu ish xalifalar va voliylar o‘rtasidagi jo‘natmalarda o‘z aksini topdi. Bu nizom tobora rivojlanib bordi va katta bir tashkilotga aylanib, Islomiy davlatda katta e’tiborga ega soha sanala boshlandi. 

Arablar “pochta” ma’nosini ifodalash uchun “barid” so‘zini ishlatadilar. Bu so‘zining kelib chiqishi haqida ko‘plab fikrlarga mavjud. Lekin bu so‘z arab tilidan olingan bo‘lib, bir nechta ma’noga ega. Shular jumlasidan “Rasul” ya’ni “elchi”. “Isitma o‘lim elchisidir”, degan ibora mavjud.  Ya’ni undan oldin borib, o‘limdan ogohlantiradi degan ma’noda ishlatganlar. Rojiz aytadilar: “Men o‘limning muzdek elchisi borligini ko‘rdim”, dedilar. Shunigdek, “g‘oroniq (oyoqlari uzun, qanotlari keng suv qushi) qushini “elchi” deb aytadilar. Chunki sher kelishidan oldin ogohlantiradi.

Shuningdek, “barid” so‘zini pochta jonivori bilan kelgan elchilarga ham ishlatiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: “Agar menga biror bir elchi jo‘natadigan bo‘lsangiz, yuzi va ismi chiroylisini yuboring”, dedilar. Yana bir hadisda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Men ahdni buzmayman, elchini ham ushlab qolmayman”, dedilar.

Pochta bo‘limida faoliyat yuritganligi sababli Pochta jonivoriga ham xuddi shu nom ishlatiladi. Tanavvuxiy shunday deydi: “Pochta hurmatli va xavfli tashkilot bo‘lib, uni boshqarish katta guruh ishchilar va ko‘p resurs talab qiladi. Uning vazifalari orasida yo‘lni saqlash, uni qo‘riqlash,  o‘g‘ri va qaroqchilardan uni asrash, josuslarni quruqlik va suv yo‘lidan o‘tib kelishidan ehtiyot bo‘lish, port egalari va chekka hokimlarning maktublarini eng qisqa yo‘l bilan ma’muriyatga yetkazish, pochta jonivori va uni minadigan kishini tanlash ishlari kiradi. Shu bilan birgalikda, pochta sohibi podshohning joylardagi ko‘radigan ko‘zi va eshitadigan qulog‘i hisoblangan. Agar podshoh ushbu jihatga beparvo qaraydigan bo‘lsa, o‘zining do‘st-u dushmanlarining holidan bexabar qoladi, ular borasidagi xabarlar to‘silib qoladi, to‘g‘ri siyosat yurgiza olmay qoladi. Balki toki yomonlikka yo‘liqmaguncha o‘ziga tayyorlanayotgan fitnalardan bexabar qolaveradi. 

Pochta egasining vazifalaridan biri bu lavozimga tayinlagan kishilarga xabar yuborishdir.Ular xabardor qiladigan xodimlar hisoblanadilar. Ularning ishlaridan biri yuqori lavozimli amaldorlar, shahzodalar va podshohlarni o‘z ish va vakolatiga kiruvchi joyning umumiy sharoitlari to‘g‘risida xabardor qilish, shubhali harakatlar haqida mas’ul organlarni xabardor qilishdir.

Davlatga qarshi fitna uyushtirilishi mumkin bo‘lgan holatlar va yuqori mansabdor shaxslarning o‘zboshimchalik bilan qiladigan xatti-harakatlari va ularning davlatga bo‘ysunmasliklari haqidagi e’lonlaridan boxabar qilish ham kirgan. 

Demak, islom dinining boshida pochtadan maqsad xalifalarning buyruqlarini o‘z hokimlari va ishchilariga yetkazish, hokimlar va ishchilarning xabarlarini esa xalifaga yetkazish bo‘lgan. Bu holat toki poshta sohibi xalifaning ayg‘oqchisi bo‘lgunicha davom etdi. Bundan keyin pochta sohibi xalifaning buyruqlarini voliylari va ishchilariga yetkazib turgani bilan bir vaqtda ularning ustidan zimdan nazorat ham qilgan. Shuning uchun pochta ham mudofaa vazirligidagi razvedka idorasiga o‘xshardi. Sohib Alouddin aytaqdilar: “Pochtani joriy qilishdan maqsad molni asrash, xabarlarni tez yetkazish, doimo vaziyatdan xabardor qilib turish edi”. Avvalboshda, pochta davlat maqsadlarining o‘zigagina cheklab qo‘yilgan edi, keyinchalik oddiy xalq ham undan foydalanishiga ruxsat berildi”. 

Musulmonlar pochta tizimini joriy qilar ekanlar, bekatlarga e’tibor qaratdilar. Bu haqida ibn Toqtoqa shunday deydilar: “Pochta xizmati bir necha joylarga jonivorlarni qo‘yishdir. Ya’ni xabar olib ketayotgan kishi ma’lum bir joygacha borgunicha oti charchab qoladi. Shundan so‘ng‘u qo‘lidagi xabarni bekatda otini dam oldirib turgan, boshqa sherigiga beradi. Shunday qilib xabar tez yetkazib beriladi”. 

Isoqjanov Muhammadibrohim

ta'lim muassasasi o'qituvchisi