Яратилиш санаси 28.10.2025
Bir hadis sharhi (Iymon va islom birodarligi)
Rosulullohning xodimlari bo’lmish Abu Hamza Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh “Sizlardan biringiz o’ziga yaxshi ko’rgan narsani boshqaga ravo ko’rmaguncha mo’min bo’lmaydi.” dedilar.
Imom Navaviy ushbu hadisni sharhlab shunday deganlar: O’z zamonining Mag’ribdagi (Marokash) molikiy imomlaridan bo’lgan buyuk imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abu Zayd: “barcha yaxshi odob ushbu to’rt hadisda jamlangan…” deb ularni orasida yuqoridagi hadisni ham sanaganlar.
Hadisdan olinadigan foydalar:
- Musulmon jamiyatining o’zaro mehr oqibati va birdamligi. Islom dini insonlarning barchasi o’zaro bir biriga meh oqibatli, har bir kishi qolganlarning foydasini va jamiyat farovonligini o’ylab harakat qilishini maqsad qilgan. Natijada adolat qaror topadi, qalblarda xotirjamlik hukm suradi, o’zaro yordam va hamkorlik amalga oshadi. Bular esa har bir kishi o’ziga ravo ko’rgan narsasini boshqaga ham ravo ko’rgandagina amalga oshadi. Shuning uchun Nabiy alayhissalom bu amalni iymonga bog’lab, uning belgilaridan biri sifatida sanayaptilar.
- Komil iymon. Aslida iymon qalban qat’iy tasdiqalsh, Alloh taoloning rob ekanligini tan olish hamda farishtalar, ilohiy kitoblar, payg’ambarlar, oxirat kuni, qazoyu qadarga iymon kabi boshqa arkonlarni qabul qilish bilangina ro’yobga chiqadi. Iymon bulardan boshqasiga qarb turmay ro’yobga chiqaveradi. Yuqoridagi hadisda esa, Payg’ambar alayhissalom bizga iymon urug’i qalbdada unib o’rnashishi va musulmon hotirjamligi mukammal bo’lishi, qachonki inson hudbinlik, hasad va yomon ko’rishdan uzoqda bo’lgandagina amalga oshishini, bu esa faqatgina odam o’ziga yaxshi ko’rgan aziyatdan salomatlik, farovon hayot kabi narsalarni boshqalarga ham ravo ko’rgandagina amalga oshishini bayon qilib beryaptilar.
- Musulmonning oliyjanobligi va odamgarchiligi. Musulmon odamning yaxshilikni o’zidan boshqaga xohlab, yomonlikni ham o’zidan boshqaga ravo ko’rmasligi va buni faqatgina musulmonlarga cheklanmagani komil iymon alomatidandir. Chunki g’ayrimusulmonga ham shu munosabatda bo’lish shart. Ayniqsa iymon degan ne’matni. Zero Payg’ambar alayhissalom: “O’zingga yoqtirgan narsani insonlarga ham ravo ko’r, shunda (haqiqiy) musulmon bo’lasan” deganlar. Shuning uchun kofirga hidoyat so’rab duo qilish mustahab amallardandir.
- Iymonsiz jamiyat hudbin va adovatli jamiyatdir. Qachonki iymon qalblarda qurib, kamoloti yo’qolsa, insonlarga yaxshilikni ilinish yo’qoladi. Uning o’rnini hasad, yomon niyat egallab, jamiyatni hudbinlik qamrab oladi. Insonlar odamsimon bo’riga aylanib, hayot izidan chiqadi va zulm yoyiladi.
Xulosa shuki, qachon inson o’zidan boshqalarni o’ylab, o’zgalar manfaati uchun hamda jamiyat rivoji uchun harakat qilsa, shunda millat fozil odamlar mamalakatiga aylanadi.
Ahmadjanov Ibrohimjon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi