Abu Lays rohimahullohning hayoti (2-qism)
Olimning hayoti va uning ilmiy faoliyati Samarqand bilan bog`liq holda kechgan. Bunga uning tafsiridagi «Samarqand qorilari bunday o`qishadi», «Samarqand mufassirlaridan ba`zilari shunday deganlarini eshitdim...», «Abu Mansur Abdulloh al-Faroiziy Samarqandda shunday rivoyat qiladi..» kabi ma`lumotlarni misol qilib keltirish mumkin. Tafsirda yuqorida zikr etilgan Abu Mansur Abdulloh al-Faroiziy va Abdulvahhob ibn Muhammaddan rivoyat qilgan hadislarida ham Samarqandda rivoyat qilganlarini zikr etib o`tadi. Shuningdek, «Tanbihul-g`ofilin» asarida ham «Mansur ibn Ja`far Abu Nasr ad-Dabusiy Samarqandda rivoyat qilib shunday deydi..» degan so`zni keltiradi.
Kafaviyning «Muntaxab a`lom al-axyor fi tabaqot hanafiy al-muxtor» asarida allomaning yuqoridagi asarlaridan tashqari «Qur`on tafsiri», «Navozil», «Uyun al-masoil», «Fatovo», «Xizona al-fiqh», «Buston al-orifin», «Muqaddima fis-solat», «Ta`sis an-nazoir», «Muxtalif ar-rivoya» kabi asarlari zikr etiladi. So`ng olim 373/983 yilda vafot etgani, Abu Ja`far al-Hinduvoniydan fiqhni o`rgangani aytiladi». Abdulqodir ibn Muhammad al-Qurashiyning (696/1297-775/1373) «Javohiru-l-muziyya» asarida ham deyarli shunday ma`lumot bor.
Muhammad ibn Ahmad az-Zahabiy (673/1274-748/1347) «Siyarul-a`lomin-nubalo» asarida Abu Laysni zikr etib shunday deydi: «Abu Lays Muhammad ibn Fazl al-Buxoriy va boshqa ko`plab ulamolardan rivoyat qiladi. Uning asarlarida mavzu hadislar mavjud. Abu Bakr Muhammad ibn Abdurahmon at-Termiziy va boshqalar undan rivoyat qilganlar».
Abu Lays o`z zamonasining yetuk olimlaridan tahsil olib, islom ilmlarida yuksak martabaga erishgan. Uning bahs-munozaralarda o`ziga xos o`rni alohida ta`kidlanishi bunga misol bo`la oladi.
Abu Laysning laqablaridan biri «al-Faqih» bo`lib, kunyasi bilan bu laqabi qo`shilib, «faqih Abu Lays» deb aytilar edi. Olim shu nom bilan tarixda tanildi. Alloma fiqh ilmida ham yuksak martabaga erishgan, o`z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas, uning «al-Faqih» deb atalishi esa shunga dalolat qiladi.
Rivoyatlarga qaraganda, Abu Laysning o`zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko`rar ekan. Bir kun uning tushiga Payg`ambar (s.a.v.) kirib faqih deb atagan ekanlar. Abu Laysning ikkinchi laqabi “Imom al-huda” bo`lib, bu laqab bilan mutakallim Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.
Olimni zohid deb ham ataganlar. Ma`lumki, zohid deganda, mansab, amaldan yiroq, hayotini ilm-fanga, ibodatga baxshida etuvchi kishilar tushunilgan.
Abu Laysning otasi Muhammad ibn Ibrohim at-Tuziy o`z zamonasining faqih ulamolaridan bo`lgani manbalarda zikr etilgan. Sam`oniy u haqda qimmatli ma`lumot berib, shunday deydi: «Uning otasi Varsanin degan qishloqda yashagan so`ng, undan 3 farsax uzoqdagi Samarqand qishloqlaridan biri Tuz qishlog`iga ko`chib o`tgan. Muhammad ibn Ibrohim Abbos ibn al-Fazl ibn Yahyo an-Nadabiy, Muhammad ibn G`olib as-Samarqandiy va Ahmad ibn Bakr as-Samarqandiy kabi olimlardan dars olgan. Undan Abu Ja`far ibn al-Makkiy an-Navoiy rivoyat qilgan».
Abu Lays ma`rifatli oilada tavallud topgan. Undagi ilmga nisbatan qiziqishni dastlab otasi uyg`otgan.
Umuman olganda, AbuLays avlodlari ham ilm ahllaridan bo`lgan. Jumladan, Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy (vaf. 537/1155)ning «Kitobul-Qand fi zikri ulama Samarqand» («Samarqand olimlari haqida qanddek shirin kitob»)da Abu Laysning nabirasi Abu Sa`id Balxiy nomi muhaddislar qatorida zikr etilgani ham bejiz emas.
«Al-Qand fi zikri ulama Samarqand» asarining hozirgacha topilgan nusxalariga «kof» harfigacha bo`lgan olimlar ismlari haqidagi ma`lumotlar kiritilgan. Abu Laysning ismi Nasr bo`lgani uchun ushbu nusxada u haqda ma`lumot mavjud emas. Lekin bu asarda alloma ba`zi olimlar rivoyatlari keltirilganda silsilalar tarkibida 5 o`rinda tilga olingan. Silsilalarda Abu Lays rivoyatlarni Muhammad ibn Fazl va Xalil ibn Ahmad as-Sijziylardan qilganini ko`ramiz. Shuningdek, “al-Qand”da Abu Laysdan boshqa manbalarda uchramagan shogirdlari rivoyat qiladilar.
Abu Lays tafsirining O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo`lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag`ida shunday ma`lumot mavjud:
«Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush al-Hasiyriy «al-Hodiy al-Hasiyriy» asarining oxirgi qism ikkinchi–«Fatvo berishda ehtiyot qilish» nomli faslida shunday yozadi: 258/872 sanada vafot etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: «Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o`tgan ulamolarning so`zlariga tayandim... Mening kitobimdan qiyomat kuni g`iybatdan biror narsa chiqmaydi. O`ng qo`limni chap qo`limdan ajratganimdan buyon yolg`on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko`targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim», degan. “Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo`lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki`, Muhammad ibnul-Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko`plab asarlari bor...”.
Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma`lumotda Abu Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn al-Fath haqidagi ma`lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko`rsatilgan vafot yili ham hofiz Abu Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi.
Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda uchraydi. Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko`rsatilgan o`rinlar ham mavjud.
Faqih Abu Laysning Muhammad ash-Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o`z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniy, Vaki`, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko`p keltirganligi sababli bu ma`lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o`zining tafsirida «Muhammad ibn al-Hasan «as-Siyar al-Kabir» asaridan ma`lumot keltiradi.
Abu Lays Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko`tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo`lgani haqidagi ma`lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o`z davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo`lgan va uning fatvo hamda hikmatli so`zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin an-Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko`ra o`z tadqiqotida allomani madarasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug`aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin.
Abu Lays ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta`sir ko`rsatgan bo`lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo`lgan shaharlar olimlarining ta`lim-tarbiyalari sezilarli bo`lgan. Abu Lays balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o`rgangan bo`lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o`rganish orqali ularni o`zining ustozi deb hisoblagan.
Qayumov Sofvatulloh
ta'lim muassasasi o'qituvchisi