QASR NAMOZI VA UNING MASOFASI
Alloh taolo safarda namozni qasr qilib, to‘rt rakaatli farz namozlarni ikki rakaat qilib o‘qishni shariatga kiritgan. Chunki safarning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari va mashaqqatlari bo‘ladi. Safardagi kishilarga o‘sha mashaqqatlarni kamaytirish uchun Alloh taolo mehribonlik qilib, to‘rt rakaatli namozlarning yarmini qisqartirib, yengillik bergan.
Bu holat Alloh taoloning dini – Islom osonlik dini ekanini, shu bilan bir vaqtda, namozning naqadar ahamiyatli ibodat ekanini ham ko‘rsatadi. Alloh taoloning safarga alohida yengil namoz joriy qilishi shunga dalil bo‘lmasa, nimaga dalil bo‘lar edi?!
Ushbu bobda, umuman, fiqhda "namozni qasr qilib o‘qish" deganda to‘rt rakaatli farz namozlar ko‘zda tutiladi. Sunnat namozlarning hammasi safarda ham to‘liq o‘qiladi.
Musofirning namozni qasr qilib o‘qishi Qur’on, Sunnat va Ijmo’ bilan sobit bo‘lgan.
Alloh taolo Niso surasida:
وَإِذَا ضَرَبْتُمْ فِى ٱلْأَرْضِ فَلَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَن تَقْصُرُوا۟ مِنَ ٱلصَّلَوٰةِ إِنْ خِفْتُمْ أَن يَفْتِنَكُمُ ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓا۟ إِنَّ ٱلْكَٰفِرِينَ كَانُوا۟ لَكُمْ عَدُوًّا مُّبِينًا
Alloh taolo: «Qachonki Yer yuzida safar qilsangiz, sizlarga namozni qasr qilishingizda gunoh yo‘qdir», degan (Niso: 101).
Sharh: Ushbu oyati karima ila Alloh taolo safarda namozni qasr qilib, to‘rt rakatli farz namozlarni ikki rakat qilib, o‘qishni shariatga kiritgan. Chunki safarning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari va mashaqqatlari bo‘ladi. Safardagi kishilarga o‘shalarni yengillashtirish uchun Alloh taolo mehribonlik qilib to‘rt rakatli namozlarning yarmini qisqartirib yengillik bergan.
Ibn Umar va Ibn Abbos roziyallohu anhumlar to‘rt barid – o‘n olti farsaxda (namozni) qasr qilib o‘qir va og‘zini ochar edilar. Buxoriy rivoyat qilgan.
Sharh: Barid masofa birligi bo‘lib, bir barid masofa to‘rt farsaxga, hadisda kelgan to‘rt barid esa o‘n olti farsaxga to‘g‘ri keladi. Bir farsax 5544 metr, to‘rt farsax esa 22176 metr bo‘ladi. To‘rt barid esa 88704 metr bo‘ladi.
Barid lug‘atda, pochta ma’nosini bildiradi. Ilgari vaqtda Islom o‘lkalarida pochta ishlari ot ila yurib amalga oshirilgan. Shaharlar orasidagi pochtaxonalar ma’lum masofaga qurilgan. Bir barid bilan ikkinchisining orasi to‘rt farsax, ya'ni, 22176 metr bo‘lgan. Har pochtaxona – baridda xodimlar otlarini boqib, shay bo‘lib turganlar, avvalgi baridning xodimlari uzoqdan ko‘rinishi bilan yo‘lga tayyor bo‘lib otni minib turganlar. Ular kelib pochtani topshirishi bilan ot choptirib olg‘a bosganlar. Birinchi pochtaxona bilan ikkinchi pochtaxona orasi kilometr deb emas, o‘sha vaqtning taomiliga ko‘ra “barid” deb aytilgan.
Ushbu biz o‘rganayotgan rivoyatga ko‘ra to‘rt barid, ya’ni, 88 km 704 metr joyga safar qilgan odam musofir hisoblangan. Hanafiy mazhabi o‘lchoviga ko‘ra 96 km masofa – safar masofasi hisoblangan.
Ushbu hadisda va boshqalarida ham namozni qasr o‘qishni mashru’ qiladigan safarni belgilashda bosib o‘tiladigan masofa zikr qilinishi mulohaza etiladi.
Lekin namozni qasr qilib o‘qishga oid barcha oyat va hadislarni to‘liq, chuqur va atroflicha o‘rganib chiqqan ulamolarimiz, musofirlik va unda namozni qasr qilib o‘qish uchun masofani emas, muddatni belgi – o‘lchov qilib olganlar. Yurish tezligini va boshqa shartlarni ham e'tiborga olganlar.
Ana shu e'tiborlardan Hanafiy mazhabida:
“Musofir odatda, safarga otlanib, o‘rtacha yurish ila uch kunlik yo‘l yurishni niyat qilib, o‘z turar joyidan ajrab chiqqan kishidir.”
Boshqa mazhablarda esa ikki kunlik yo‘l e'tiborga olingan.
Ushbu safarda kunduzi yo‘l yurib, kechasi dam olish e'tiborga olingan. G‘olibo o‘sha vaqtlarda mazkur vaqtda to‘rt barid masofa yurilgan bo‘lsa kerak.
Shuning uchun ham bugungi kunimizdagi ulamolarimiz namozni qasr o‘qish masalasida ikki xil gap aytadilar.
Masofani e'tiborga olganlar 88 km. yoki 96 km.ga safar qilgan odam namozni qasr o‘qiyveradi, deydilar.
Ba’zi bir ulamolarimiz esa mazkur masofaga borish bugungi kunda namozni qasr qiladigan safarga o‘xshamay qoldi. Balki, bundan bir necha barobar uzoq masofaga borib kelish ham oson bo‘lib qoldi. Shuning uchun safarni e'tiborga olishda masofa uzunligi emas, vaqtni e'tiborga olsak yaxshi bo‘ladi. Bir kishi odatda musofir qiladigan ishlarni; niyatni qilib, kerakli narsalarni olib, ahli-ayoli bilan xayrlashib, tunashga uyiga qaytib kela olmaydigan darajada safarga chiqsa, haqiqiy musofir hisoblanadi, deydilar.
Bizning fikrimizcha ham ushbu ikkinchi yo‘l rojeh hisoblanadi.
Yahyo ibn Yazid al-Hunoniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Anas ibn Molik roziyallohu anhudan namozni qasr qilish haqida so‘radim. Bas, u kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon uch millik yoki uch farsaxlik yo‘lga chiqsalar, namozni ikki rakaat o‘qir edilar», dedi». Muslim, Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilgan.
Sharh: Hadisning roviysi Yahyo ibn Yazid al-Hunoniy roziyallohu anhu ulug‘ tobe’inlardan bo‘lib, hadislarni Anas ibn Molik, Farzadaq va boshqa kishilardan rivoyat qildilar.
Bu kishidan Muhammad ibn Dinor, Xalf ibn Xalifa, Utba ibn az-Zobiy, Shu'ba va boshqalar rivoyat qilishdi.
Bir mil 1848 metr bo‘lib, uch mil bir farsaxni, ya'ni 5544 metrni tashkil qiladi.
Ushbu rivoyatda roviy shakka tushib uch mil, deyildimi yoki uch farsax, deyildimi aniqlay olmay qolib ikkovini ham aytgan.
Qoida bo‘yicha bundoq paytlarda ehtiyot tomoni qabul qilinadi. Ya'ni, bu suratda uch farsax qabul qilinadi. Chunki uch mil ham, uch farsax ichiga kiradi. Ammo uch mil olinsa-yu, aslida farsax deyilgan bo‘lsa, shar'iy amalda kamchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi. Ya'ni, namozni qasr o‘qish shart bo‘lmaganda, qasr o‘qilgan bo‘ladi.
Buning ustiga boshqa rivoyatlar ham uch emas, balki to‘rt farsaxda namoz qasr o‘qilishi ta'kidlamoqda. Albatta, rivoyatlarning birida, uch, ikkinchisida to‘rt deyilishi va shunga o‘xshash xilma-xilliklar uzrlidir. Chunki o‘sha vaqtlarda aniq o‘lchov asboblari bo‘lmagan, hamma o‘z taxminiga qarab aytgan.
Xo‘sh, shar'iy safarni niyat qilib chiqqan odam qachondan boshlab namozni qasr o‘qiy boshlaydi?
Bu savolga ulamolarimiz, o‘z turar joyining chegarasidan chiqqandan boshlab deganlar. Ya'ni, shahar yoki qishloqning chetidagi devordan yoki ko‘prikdan uzoqlashgandan boshlab, deyishgan.
Anasxanov Islomxon
ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi