“Qur’on — hidoyat va ma’rifat manbai”
2025 yil 21 noyabr kuni bilim yurtimizda ustozlar va talabalar ishtirokida “Qur’on — hidoyat va ma’rifat manbai” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda o‘qituvchilar va talabalar faol ishtirok etishdi.
Tadbirga ayni paytda imom-xatib va imom-noiblar uchun tashkil etilgan tajvid darslarini olib borayotgan Fazilatli Shayx Alijon qori Fayzulloxon maxdum o‘g‘lining ukalari — Xaydarov Abdulloh Fayzulloh Mahdum o‘g‘li tashrif buyurdilar.




Tadbirni bilim yurti o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari S. Madmusayev ochib berdi. U kishi tadbirning maqsadi va mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritib, Namangan viloyatida yashab ijod qilgan ustozlar va Qur’on xofizlari haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, tashrif buyurgan mehmon — Abdulloxon qori bilan qatnashchilarni tanishtirib, nutqni u kishiga topshirdi.





Mehmon ustoz Abdulloxon qori o‘z ma’ruzasida quyidagi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi:
Islom dini insonlarni ilm olishga keng da’vat qilishi;
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki “Iqro” oyati Islomning ilm-ma’rifat dini ekanini anglatishi;
Ilm insonni haqiqat, ma’rifat va ikki dunyo saodatiga yetaklashi, ilmsizlik esa insonni zalolatga boshlashi.
Shuningdek, u kishi bugungi kunda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalanish, vaqt qadriga yetish, internet orqali tarqalayotgan zararli axborotlardan saqlanish zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, vaqtini befoyda o‘yinlar va nomaqbul kontentlarga sarflayotgan yoshlarni ogohlantirdi.
Nutq davomida Qur’onning inson hayotidagi o‘rniga e’tibor qaratilgan holda:
Qur’on inson yo‘lini yorituvchi nur ekani;
Ummatni zalolat zulmatidan chiqarib, hidoyatga yetaklashi;
Qabrda va qiyomatda ham mo‘minga nur va madad bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Abdulloxon qori Abu Zarr (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisni keltirib, Qur’on tilovati va uni o‘qishning fazilati, savobi inson uchun “zaxira” bo‘lishi, Qur’on odamini ruhiy va axloqiy jihatdan yuksaltirishi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, qiroat turlari va tahqiq uslubi haqida to‘xtalib, tahqiq bilan o‘qishda harakatlarni ortiqcha cho‘zish va ifrotga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi uqtirildi.
Tadbir yakunida talabalar Qur’oni Karimni yodlash uslublari va tartibi haqidagi savollariga Abdulloxon qoridan atroflicha javoblar oldilar.
Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati