Makkiy va madaniy suralar, oyatlar
Qur`onning nozil bo`lish davrlari mavzusi o`rta asr olimlari tomonidan keng o`rganilgan hamda hozirgi davr tadqiqotchilarining ham diqqat-e`tiborlarida bo`lib kelmoqda. Manba va tadqiqotlarda vahiyning nozil bo`lish davrlariga alohida bo`limlarning bag`ishlanishi bunga misol bo`la oladi. Lekin tadqiqotlarda makkiylik va madaniylik masalasi Qur`onning davrlarda nozil bo`lishi jihatidan o`rganilib, unga joy va muhit nuqtai nazaridan o`rganishga kamroq e`tibor berilgan.
Islom manbalarida Qur`onning nozil bo`lishi Muhammad (s.a.v.) 41 yoshdaliklarida 17 ramazon 611 yildan boshlangani hamda vafotlariga 10 kundan 80 kungacha qolganiga qadar davom etgani aytilgan.
Qur`onning avval asosiy qismi Makkada, so`ng Madinada nozil bo`lgan. Makkada “Alaq” surasining birinchi beshta oyati nozil bo`lishi bilan boshlangan. So`ng vahy 3 yil davomida to`xtagan, keyin Nun, Muzzammil, Muddassir suralari bilan davom etgan.
Shunga ko`ra, Qur`on ikki davrda: birinchi Makka davrida 12 yil 5 oy 13 kun, Madina davrida esa, 9 yil 9 oy 9 kun, jami 22 yil, 2 oy 22 kun davomida nozil bo`lgan. Biroq, Qur`on birinchi vahiy tushgandan keyin uch yil davomida to`xtagani ayirilsa, 19 yil davomida nozil bo`lgani kelib chiqadi.
Qur`on suralarining ko`pchiligi kunduzi va Muhammad (s.a.v.) Makka yoki Madinada muqim bo`lib, safarda bo`lmagan holatlarida nozil bo`lgan.
Makkiy va madaniy suralar Qur`on ilmlarida alohida o`rin tutadi. Qisqacha ta`rif berib aytilganda, makkiy suralar asosan yakkaxudolikka chaqirish, tavhid mavzusini qamrab olgan bo`lsa, madaniy suralarda shar`iy hukmlar asosiy o`rin tutadi.
Musulmon olimlari tomonidan makkiy, madaniy sura va oyatlar ajratilgan. Bu ilmning e`tibor berib o`rganilishining sababi Makka davridagi sura va oyatlarni bilish nasx holatini aniqlashda ko`mak berishi uchundir.
Shu bois, islom dinining ilk davrlaridan bu ilmni bilish, oyat va suralarning nozil bo`lish joyi, zamoniga qarab ajratishga e`tibor qaratilgan. Muhammad (s.a.v.) tomonlaridan sura va oyatlarning makkiy va madaniyligi haqida aytilgan rivoyatlar mavjud emas. Biroq bu bilim sahobiylarning aytgan so`zlari va qarashlari asosida shakllangan.
Qayumov Sofvatulloh
ta'lim muassasasi o'qituvchisi