Яратилиш санаси 17.05.2026

Allohning bandaga yaqinligi va uni qalban his etish

Imom Rabboniy Shayx Ahmad Sarhandiy rohimahulloh shunday deydilar:

«إنَّ مَن يَعلَمُ أنَّ اللهَ أقربُ إليهِ قليلٌ، ومَن يَعرِفُ أَقْرَبِيَّتَهُ فهو أقلُّ القليل»
“Allohning o‘ziga juda yaqin ekanini biladiganlar ozdir. Ammo bu yaqinlikni qalban tanib, his etadiganlar esa undan ham ozdir.”

Inson hayotidagi eng ulug‘ haqiqatlardan biri — bu Alloh taoloning bandalariga yaqin ekanidir. Ko‘pchilik Alloh borligini biladi, Uning qudratini e’tirof etadi, ammo qalb bilan Allohning doimiy huzurini his etish har kimga ham nasib bo‘lavermaydi. Shu sababli Imom Rabboniy Shayx Ahmad Sarhandiy rohimahulloh: “Allohning yaqinligini biladiganlar oz, uni ma’rifat bilan his qiladiganlar esa undan ham oz,” deganlar.
Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

﴿وَنَحْنُ أَقْرَبُ إِلَيْهِ مِنْ حَبْلِ الْوَرِيدِ﴾
“Biz insonga uning jon tomiridan ham yaqinmiz.” (Qof surasi, 16-oyat)

Bu yaqinlik masofa bilan emas, ilm, qudrat, rahmat va ihota bilan bo‘ladi. Alloh banda qalbidan o‘tgan narsani ham biladi. Banda yolg‘iz qolganida ham, odamlar ichida yurganida ham Allohning nazarida ekanini unutmasligi kerak.

Ammo oddiy “bilish” bilan haqiqiy “tanish” o‘rtasida katta farq bor. Til bilan “Alloh menga yaqin” deyish oson, lekin qalb bilan buni his qilish — ma’rifat ahlining maqomidir. Qalb Alloh huzurini his qilsa, inson gunohdan hayo qiladi, ibodatdan lazzat topadi, duoda huzur sezadi va musibatlarda ham taskin topadi.

Tasavvuf va suluk yo‘lida tarbiya topgan ulamolar qalbni g‘aflatdan poklashga katta e’tibor berganlar. Chunki g‘aflat qalbni qattiqlashtiradi va banda Allohga yaqin bo‘la turib ham uzoqdek yashaydi. Zikr, tafakkur, Qur’on tilovati va ixlos esa qalbni uyg‘otadi.

Allohning yaqinligini his qilgan inson odamlardan ortiqcha madad kutmaydi. Chunki u biladiki, eng yaqin Zot — Allohdir. Dardini ham Unga aytadi, umidini ham Unga bog‘laydi. Shu sababli haqiqiy orom mol-dunyoda emas, qalbning Alloh bilan bo‘lgan aloqasidadir.

Hazrati Payg‘ambarimiz ﷺ ham ihson maqomini: “Allohga Uni ko‘rib turgandek ibodat qilishingdir. Agar sen Uni ko‘rmasang ham, U seni ko‘rib turibdi” deya ta’riflaganlar. Mana shu holat Allohning yaqinligini qalban his qilishning eng go‘zal ifodasidir.

Xulosa qilib aytganda, Allohning yaqinligini bilish — ilm, uni his qilish esa ma’rifatdir. Ilm odamni haqiqatga olib boradi, ma’rifat esa qalbni o‘sha haqiqat bilan yashashga o‘rgatadi. Saodatli inson — Allohning huzurida ekanini unutmay yashagan insondir.

Ahror Munavvarov

ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi