Kasallik — mo‘min uchun sinov va ajr eshigi
Ba’zan inson sog‘lig‘i, quvvati va imkoniyatlari bilan o‘zini kuchli his qiladi. Ammo bir kasallik kelib, unga o‘zining naqadar ojiz banda ekanini eslatadi. Mo‘min uchun kasallik faqat dard emas — u sabr, tavba, tavakkal va Allohga yaqinlashish eshigidir.
Qur’onda kasallik va sinov haqida
Alloh taolo aytadi:
﴿وَلَنَبْلُوَنَّكُم بِشَيْءٍ مِنَ الخَوْفِ وَالجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الأَمْوَالِ وَالأَنفُسِ وَالثَّمَرَاتِ ۗ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ﴾
“Albatta sizlarni qo‘rquv, ochlik, mol-mulk, jon va mevalardan kamaytirish bilan sinaymiz. Sabr qiluvchilarga xushxabar bering.” (Baqara surasi, 155-oyat)
Yana Alloh taolo:
﴿إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُم بِغَيْرِ حِسَابٍ﴾
“Sabr qiluvchilarga ajrlari hisob-kitobsiz to‘liq beriladi.” (Zumar surasi, 10-oyat)
Demak, kasallik — Allohning bandani yomon ko‘rgani emas, balki uni sinab, poklab, darajasini ko‘tarishi ham bo‘lishi mumkin.
Hadislarda kasallikning fazilati
Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar:
«ما يُصيبُ المسلمَ من نصبٍ ولا وصبٍ ولا همٍّ ولا حزنٍ ولا أذًى ولا غمٍّ حتى الشوكةِ يُشاكُها إلا كفَّر الله بها من خطاياه»
“Musulmonga yetadigan har qanday charchoq, kasallik, g‘am, tashvish, ozor, hatto kirgan tikongacha — Alloh uning sababidan gunohlarini kafforat qiladi.”
Yana Rasululloh ﷺ dedilar:
«إنَّ عِظَمَ الجزاءِ مع عِظَمِ البلاءِ، وإنَّ اللهَ إذا أحبَّ قومًا ابتلاهم»
“Ajrning ulkanligi baloning ulkanligiga qarab bo‘ladi. Alloh bir qavmni sevsa, ularni sinovga tutadi.”
Kasallik — uyg‘otuvchi ne’mat
Dunyo insonni ko‘pincha g‘aflatga tortadi. Kuch, mashhurlik, boylik yoki sog‘liq sabab inson o‘zini mustaqildek his qilishi mumkin. Ammo bir dard kelib, qalbni uyg‘otadi.
Mashhur bokschi Muhammad Ali Parkinson kasalligi haqida shunday degan edi: “Alloh menga Parkinson xastaligini berdi. Buni menga hayotda eng buyuk men emas, balki haqiqiy Buyuk Zot — Alloh ekanligini ko‘rsatish va eslatish uchun berdi. Men oddiy bir insonman. Insonlar meni ‘Eng buyuk’ deb atashardi, lekin men ham boshqalar kabi ojiz bir bandaman.
Ushbu kasallik — mening eng og‘ir jangim.
Hamma buyuk insonlar Alloh tomonidan sinovga tutilganlar.
Yoshligimda mashhurlik ketidan quvardim. Parkinson bularning barchasini to‘xtatdi. Endi menda jannatga kirish uchun haqiqiy imkoniyat bor.
Men bu dunyoda qancha qolishimni bilmayman, lekin o‘limim yaqinlashganda afsusim bo‘lmaydi.
Eng muhimi — Allohning huzuriga yorug‘ yuz bilan borishdir.”
Bu so‘zlarda katta ibrat bor. Ba’zan insonni Allohga eng yaqin qiladigan narsa — uning ojizligini his qilishi bo‘ladi.
Payg‘ambarlar ham sinovdan o‘tgan
Eng og‘ir sinovlar aynan eng yaxshi insonlarga kelgan. Ayyub alayhissalom yillar davomida kasallikka sabr qildilar. Lekin tillaridan nolish emas, duo chiqdi:
﴿أَنِّي مَسَّنِيَ الضُّرُّ وَأَنتَ أَرْحَمُ الرَّاحِمِينَ﴾
“Menga dard yetdi. Sen esa rahmlilarning eng Rahmlisisan.” (Anbiyo surasi, 83-oyat)
Shuningdek, Muhammad sollallohu alayhi va sallam dedilar:
«أشدُّ الناس بلاءً الأنبياءُ ثم الأمثل فالأمثل»
“Odamlarning eng qattiq sinaladigani payg‘ambarlar, so‘ng ularga o‘xshash yaxshilaridir.”
Kasallik paytida mo‘min nima qiladi?
1)Sabr qiladi.
2)Shifo uchun sabablarni qiladi.
3)Duo qiladi.
4)Gunohlariga tavba qiladi.
5)Allohdan umidini uzmaydi.
6)Dardni ibodat va tafakkurga aylantiradi.
Kasallik mo‘minni sindirish uchun emas, balki poklash va yuksaltirish uchun ham kelishi mumkin.
Xulosa
Sog‘liq — katta ne’mat. Kasallik esa ba’zan undan ham katta uyg‘otuvchi ne’mat bo‘lishi mumkin. Mo‘min dardga faqat og‘riq deb emas, balki Alloh tarafidan kelgan tarbiya va sinov deb qaraydi.
Agar banda sabr qilsa, rozilik ko‘rsatsa va iymonini saqlasa, uning dardi:
1)gunohlariga kafforat
2)darajasiga sabab
3)qalbiga nur
4)oxiratiga xazina bo‘ladi
Muhiddinov Abdulaziz
ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi