Яратилиш санаси 19.05.2026

ISLOM — INSONIYLIK TIMSOLI

Olamda insondan fazilatli va mukarram birorta mahluq yo’q.

Inson jismida esa eng fazilatli va sharafli a’zo qalbdir, ko’ngildir. Insonning insoniyligi qalbi bilan, ko’ngil musaffoligi bilandir.

Qalb ma’rifat o’rnidir. Insonning boshqa mahluqotlardan yuksakligi aynan ma’rifat tufaylidir. Inson qalbi bilan Alloh subhanahu va taologa iymon keltiradi va Unga yaqin bo’ladi.

Dinimiz har bir insonga o’z qalbini asrashni buyuradi. O’zgalar qalbiga tajovuz qilishdan qaytaradi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: "(Ey Muhammad) marhamatli bo’ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o’giring".[1]

Payg’ambarimiz s.a.v. aytganlar: "Chiroyli xulq sizdan bordi-keldini uzib qo’ygan kishiga silai rahm qilishingiz, sizni mahrum etganga berishingiz, zulm qilganni kechirishingizdir."

Yaxshi muomala va samimiy munosabat qalblarga sevinch bag’ishlaydi. 

Qalbni quvontirish ibodat sanaladi. Hadisi qudsiyda bunday marhamat qilinadi: "Farz amallarni ado qilishdan so’ng musulmon qalbini xursand qilishdan ortiq amal yo’q." Bu fazilatli, ulug’ ish ekani Payg’ambarimiz s.a.v.ning hadislarida ko’p bora ta’kidlangan.

So’fi Allohyor r.a. yozadilar:

Kel, ey obid, o’zingni aylagil xok, 
Haromu shubhadan xulqingni qil pok.
Ochiq qo’llik, kushoda yuzli bo’lgil,
Muruvvatlik, muloyim so’zli bo’lgil.

Xushxulq, go’zal tabiatli, yaxshi fe’l-atvorli bo’lish odamlarning ulug’ g’oyalaridir. Inson shu maqsadiga erishgach, insonlik darajasiga kamolotga etadi. Islom dini odamlarga xushxulqni talqin etadi. Payg’ambarimiz s.a.v.: "Din go’zal axloqdir", deb marhamat qildilar.

Chunki, din insonni zalolatdan, yomonlikdan uzoqlashtiruvchi, xushxulqqa etkazuvchidir.

Bir sahobiy Payg’ambarimiz s.a.v.dan xushxulq xususida so’radi: "Yo Rasululloh! Go’zal axloq nima?" "Xafalashgan bilan so’zlashmog’ing, seni mahrum etganga bermog’ing, senga zulm qilganni avf etmog’ingdir" dedilar Rasululloh s.a.v.

[1] A'rof surasi, 199-oyat.

Mahmudov Kalimulloh

ta'lim muassasasi o'qituvchisi