Яратилиш санаси 22.05.2026

Fiqhiy qoida sharhi

القاعدة: "أن قول الفاسق فى الديانات غير مقبول"

Qoida: «Diniy masalalarda (diyonatda) fosiqning soʻzi qabul qilinmaydi».

Ushbu qoidaning maʼnosi va mazmuni

Fosiq – odil (adolati sobit) boʻlmagan yoki tavba qilmagan holda katta gunoh sodir etishi yoki kichik gunohda bardavom boʻlishi (iymoniy zaifligi) bilan tanilgan kimsadir. U guvohlik berish bobida (shariat talablariga) muvofiq keladigan, qoniqarli (solih) shaxs hisoblanmaydi.

Qoidaning mazmun-mohiyati shundan iboratki: Bunday fosiq kimsa tomonidan din ishlari, chunonchi, suvning najosat yoki pokligi haqida xabar berish, yangi oy (hilol) koʻringanini maʼlum qilish yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biron bir hadis rivoyat qilish kabi dinga daxldor boʻlgan ishlarda berilgan xabarlar qabul qilinmaydi. Shuningdek, sud va daʼvo ishlariga oid dunyoviy masalalarda ham fosiqning guvohligi oʻtmaydi.

Bunga asos boʻlgan hujjat (Asl) Alloh taoloning ushbu oyatidir: «Ey iymon keltirganlar! Agar sizlarga bir fosiq kimsa biror xabar keltirsa, (haqiqatni) aniqlab-tekshiringlar! Aks holda, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qoʻyasiz-da, keyin qilgan ishingizga pushaymon boʻlasiz».

Hujjat keltirish (istidlol) jihati: Alloh taolo fosiqning xabari kelganda uni aniqlashtirish va tekshirishga buyurdi. Bu esa fosiq kimsaning yolgʻiz oʻzi keltirgan xabari (boshqa dalilsiz) qabul qilinmasligiga dalolat qiladi.

Ushbu qoidaga oid misollar va fiqhiy masalalar:

Imom Margʻinoniy rahimahulloh aytadilar: «Agar osmonda (bulut yoki chang kabi) biror toʻsiq boʻlsa, imom (boshliq) hilolni (yangi oyni) koʻrganligi haqida bitta odil kishining guvohligini qabul qiladi — u xoh erkak boʻlsin, xoh ayol, xoh hur boʻlsin, xoh qul. Bunda (shohidning) odil boʻlishi shart qilinadi; zero, diniy masalalarda (diyonatda) fosiqning soʻzi qabul qilinmaydi».

Yana bir misol: «Agar osmonda gʻubor boʻlsa-yu, faqat bir kishi Ramazon hilolini koʻrganiga guvohlik bersa: agar ushbu xabar beruvchi guvoh odil (taqvodor) kishi boʻlsa, uning guvohligi qabul qilinadi va odamlarga roʻza tutish buyuriladi.

Agar ushbu xabar beruvchi guvoh fosiq boʻlsa, uning xabarida tuhmat-yolgʻon ehtimoli borligi sababli guvohligi qabul qilinmaydi. Chunki uning hilolni koʻrganligi haqidagi bu guvohligi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilish darajasidadir. Fosiqning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keltirgan xabari (hadisi) esa rad etiladi va qabul qilinmaydi».

Ismoilov Akramxon

ta'lim muassasasi o'qituvchisi