Fiqhiy qoida sharhi
القاعدة: "أن الأبدال لا تنصب إلا شرعا"
Qoida: «Badallar faqat shariat tomonidangina tayin qilinadi (belgilanadi)» .
Ushbu qoidaning ma’nosi va mazmuni:
Abdol: «Badal» so‘zining ko‘plik shakli bo‘lib, u biror narsa topilmaganda uning o‘rniga qo‘yiladigan (almashtiriladigan) narsadir. Masalan, suv topilmaganda yoki undan foydalanishga qodir bo‘linmaganda tayammum qilish kabi.
Agar shariat o‘ziga badal tayin qilmagan biror narsa uchun (insonlar tomonidan) o‘z-o‘zidan badal joriy qilinsa, bu barcha ulamolarning ittifoqiga ko‘ra, shaxsiy fikr (ray) bilan joiz bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, shariat belgilagan o‘lchov va miqdorlarni ham shaxsiy fikr bilan belgilash joiz emasdir».
Ushbu qoidaga oid misollar va masalalar:
Imom Marg‘inoniy rahimahulloh aytadilar: «Agar (Hajji tamattu’ yoki qiron qiluvchi kishi) ro‘za tutishni o‘tkazib yuborsa va nihoyat qurbonlik kuni (iyd kuni) kelib qolsa, endi uning nomidan faqat qon chiqarish (qurbonlik qilish) kifoya qiladi, undan keyin ro‘za tutilmaydi. Chunki ro‘za (bu o‘rinda) badaldir, badallar esa faqat shariat tomonidangina tayin qilinadi».
Yana bir misol:
«Agar jarohatga bog‘langan bog‘ich (jabira) sababli a’zoni yuvish soqit bo‘lsa, u holda, agar (suv bilan) mash tortish zarar qilmasa, bog‘ichning ustidan mash tortish undan vojib bo‘ladi. Chunki toat (shariat buyurgan amal) qodir bo‘linganicha (imkoniyat darajasida) ado etiladi».
Ismoilov Akramxon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi