Яратилиш санаси 04.06.2026

ILMLI AYOL – JAMIYAT VA OILA POYDEVORI

Annotatsiya 
Ushbu maqolada islom dinida ayol kishining ilm olishiga bo‘lgan munosabat, ma’rifatli ayolning sog‘lom oila  muhitini shakllantirish hamda jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Mavzu dinimiz qadriyatlari  va Sunnatdan (Haddis shariflardan) olingan mustahkam dalillar asosida tahlil qilingan. Shuningdek, maqola  yakunida bugungi kun talaba-yoshlari, xususan, xotin-qizlar uchun amaliy tavsiya va xulosalar bayon etilgan. 

Kalit so‘zlar:
Islom va ilm, ayol ma’rifati, oila poydevori, Sunnatdan dalillar, sog‘lom jamiyat, onalik mas’uliyati, 

Har qanday millat va jamiyatning madaniy darajasi, ma’naviy salohiyati va kelajak poydevori undagi ayollarga  bo‘lgan munosabat hamda ularning ilm-ma’rifat darajasi bilan belgilanadi. Insoniyat tarixida ayollarga haq-huquq  va erkinliklar berish, ularni jamiyatning teng huquqli a’zosiga aylantirish borasida Islom dini ulkan inqilob qildi. 

Dinimiz ilk bor nozil bo‘lgan davrdanoq ilm olishni nafaqat erkaklarga, balki ayollarga ham birdek majburiyat (farz) qilib yukladi. Negaki, ilmli ayol — ma’rifatli oila demakdir, ma’rifatli oila esa sog‘lom jamiyatning poydevoridir. 

Dinimiz Qadriyatlari: Ilm Olishda Erkak va Ayol Tengligi 
Islom qadriyatlariga ko‘ra, ilm iymonning hamrohi, to‘g‘ri hayot kechirishning kalitidir. Qur’oni Karimning ilk tushgan oyati "O‘qi!" ("Alaq" surasi, 1-oyat) deb, butun bashariyatga xitob qilgan. Bu yerda jinsiy ajratish yo‘q. 
Islomda ayol kishi faqat ro‘zg‘or yumushlari bilan cheklanib qolishi kerak bo‘lgan shaxs emas, balki chuqur  tafakkur egasi, murabbiy va jamiyatning yetuk a’zosi sifatida ko‘riladi. Ayol kishi bilimli bo‘lsa, u avvalo o‘zining  haq-huquqlarini taniydi, yaratuvchisini anglaydi, oilada o‘z burchlarini sidqidildan sadoqat bilan bajaradi.  Bilimsizlik va xurofot esa oilalarning barbod bo‘lishiga, jamiyatning tanazzuliga olib keladi. 

Sunnatdan (Hadislardan) dalillar 
Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo (s.a.v.) o‘zlarining sunnatlarida ayollarning ta’lim-tarbiya olishiga bir necha  bor alohida urg‘u berganlar: 

1. Ilm olishning umumiy farzligi: 

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilar: "Ilm talab qilish har bir musulmon (erkak va ayol)ga farzdir". (Ibn Moja rivoyati).
Ushbu hadis dinimizda ilm olish masalasida hech qanday kamsitish yo‘qligini, ayol kishi ham hayoti va ibodati uchun zaruriy ilmlarni o‘rganishi shartligini ko‘rsatadi. 

2. Qiz bolaga ilm va odob berishning mukofoti:
Nabiy (s.a.v.) aytdilar: "Kim ikki qizni voyaga yetguncha parvarishlab, chiroyli tarbiya qilsa (ilm va odob bersa), qiyomat kunida men bilan mana shunday birga bo‘ladi" deb, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatdilar. (Imom Muslim rivoyati).

3. Ayol kishining oiladagi mas’uliyatli maqomi: 
Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: "...Ayol kishi erining uyida rahbar (boshqaruvchi va mas’ul)dir va u o‘z qo‘l ostidagilaridan (oilaviy vazifalaridan, farzandlar tarbiyasidan) so‘raladi.." (Imom Buxoriy rivoyati).

Uyni mukammal boshqarish, farzandlarni sog‘lom va aqlli qilib o‘stirish uchun ayol kishi albatta diniy, tibbiy va dunyoviy bilimlarga ega bo‘lishi lozim. 

4. Ayollar uchun maxsus ta’lim kunining tashkil etilishi: 
Sahobiy ayollar ilmga shunchalik tashna edlarki, ular Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga: "Sizning suhbatlaringizdan erkaklar bizdan o‘zib ketishmoqda. Biz uchun ham bir kun ajrating", deyishgan. Shunda Rasululloh (s.a.v.) ular uchun maxsus kun belgilab, o‘sha kuni faqat ayollarga dars berganlar. (Imom Buxoriy rivoyati) 

Ilmli ayol – Oila va jamiyat baxti 
Ayol kishi — kelajak avlodning birinchi ustozi (madrasasi)dir. Donishmandlar aytganidek: "Agar erkakka ilm bersangiz — bir shaxsni, agar ayolga ilm bersangiz — butun bir millatni tarbiyalagan bo‘lasiz". 

Islom tarixida bunga misollar koʻp masalan Oisha (r.a.) onamiz katta faqiha ayol bo‘lganlar. Sahobalar eng murakkab masalalarda u zotdan fatvo so‘rashgan. Demak, ayol kishining ilmli bo‘lishi oilada farzandlarning intellektual salohiyatini oshirsa, jamiyatda shifokor, pedagog, va olima ayollarning ko‘payishi orqali umumiy yuksalishga xizmat qiladi. 

Ushbu mavzuni o‘rganayotgan bugungi kun talaba-yoshlari, xususan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlarimiz quyidagi xulosalarni o‘zlari uchun dasturilamal qilib olishlari lozim: Ilm olishni shunchaki diplom uchun emas, burch deb bilish: Talaba qizlar oliy ta’limni faqatgina moddiy manfaat yoki kasb egallash vositasi deb emas, kelajakda shakllanadigan oilasining ma’naviy poydevori, farzandlarining mustahkam tarbiyasi uchun diniy va ijtimoiy burch deb hisoblashlari kerak. 

Diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘unlashtirish: Zamonaviy fanlarni (texnologiya, til, iqtisod, tibbiyot) mustahkam o‘rganish bilan birga, milliy-diniy qadriyatismizni, oila muqaddasligi va axloq me'yorlarini ham chuqur o‘zlashtirish lozim. 

Vaqtdan unumli foydalanish: Talabalik davri — ilm yig‘ish uchun eng oltin davrdir. Oisha onamiz kabi islomiy va intellektual yetuklikka intilish har bir talaba qizning oliy maqsadi bo‘lishi zarur. 

Iffat va hayoni saqlagan holda yuksalish: 
Islom dini xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. Talaba qizlar ilm-fan va kasb-hunarda eng yuqori cho‘qqilarni zabt etish bilan birga, sharqona hayo, iffat va kiyinish madaniyatini saqlab, jamiyatga o‘rnak bo‘lishlari lozim. 


Foydalanilgan adabiyotlar 
1.Qur’oni Karim va ma’nolari tarjimasi. (Shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi). 
2.Imom al-Buxoriy. "Al-Jome’ as-sahih" (Sahihul Buxoriy). Hadislar to‘plami. 
3.Imom Muslim. "Sahihul Muslim". Hadislar to‘plami. 
4.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. "Baxtiyor oila". 
5.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. "Hadis va Hayot"

Jamalov Qodirxon

ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi