Яратилиш санаси 14.10.2026

Molik ibn Anas rohimahulloh

Abu Abdulloh Molik ibn Anas ibn Molik ibn Abu Omir al-Ansoriy al-Himyariy al-Madaniy. (hijriy: 93–179-yillar, melodiy: 711–795-yillarda yashagan) Faqih va muhaddis. Ahli Sunna val Jamoa to’rt imomining ikkinchisi. Islom fiqhiy mazhablaridan Molikiy mazhabi asoschisi.U kishi Molik ibn Anas ibn Molik ibn Abu Omir al-Asbahiydirlar. Yaman qabilasidan bo'lmish Zu Asbah qabilasiga mansubdirlar. U kishining ajdodlaridan birlari Madinaga kelib, shu erda yashab qolganlar. Katta bobolari Abu Omir buyuk sahobiy bo'lib, payg'ambar alayhissalom bilan birga Badrdan boshqa barcha g'azotlarda qatnashganlar. Ba'zi rivoyatlarga qaraganda u kishi tobe'in muhazram (ya'ni, sahobalar davrida yashagan, ularni birortasi bilan uchrashmagan) bo'lgan. Kichik bobolari Molik tobe'inlarning kattalaridan va ulamolaridan bo'lgan. U kishi Usmon raziyallohu anhuni kechqurun qabrlariga ko'tarib borgan to'rt kishining birlaridir. Birinchi mulozimlik qilgan ustozlari Abdurrahmon ibn Hormuzdirlar. U kishi bilan juda uzoq vaqt birga bo'ldilar, shu orada boshqa olimlardan ham dars olib yurdilar. 

Bundan tashqari ibn Umarning ozod qilgan qullari Nofe'dan va ibn Shihob az-Zuhriydan ilm oldilar. Fiqhdan dars bergan ustozlari Robe' ibn Abdurrahmondirlar, u kishi “Robe'atur ra'y” nomi bilan mashhurdirlar. Molik 17 yoshga etganlarida hadis va fiqh fanlari bo'yicha mudarrislik mansabiga tayinlandilar. Molik o'zlari shunday deydilar: “Ahli ilmlardan etmish kishi meni mudarrislikka loyiq deb guvohlik berganlaridan keyin men fatvo berishlik va hadis aytishlik uchun o'tirdim”.

Shundan keyin u kishining nomlari hamma tarafga ovoza bo'lib ketdi, shuhratlari ufqlarni tutib ketdi. Oqibatda odamlar u kishidan ilm olishga har tarafdan kela boshladilar. Ilm talab qilib kelganlar eshiklarining oldida izdihom bo'lib, hatto bir-birlari bilan urishib ketar edilar. Imom Molik odamlarga etmish yil chamasida fatvo berdilar va ilm o'rgatdilar. Odamlar u kishining imomliklariga, ilmda martabalari yuqori ekanligiga, o'ta dindorliklariga, taqvolariga va sunnatga amal qilishlariga bir ovozdan ittifoq bo'lishgan. Imom Shofeiy aytadilar: “Molik Alloh taoloning xalqlariga ko'rsatgan hujjatidir”. Ibn Mahdiy aytadilar: “Men Molikdan ko'ra aqli to'laroq va taqvosi kuchliroq biror kimsani ko'rmadim”. Hammod ibn Salama aytadilar: “Agar menga Muhammad salallohu alayhi vasallamning ummati uchun ularga ilm beradigan kishini tanlagin deyishsa, men ana shu o'ringa Molikni tayinlagan bo'lar edim”. Lays ibn Sa'd aytadilar: “Molik taqvodor olimdir. Molikni ilmi uni olgan kishi uchun omonlikdir”. 

Jumladan Imom Shofiʼiy: “Ulamolar haqida gapirilsa aniqki, Imom Molik yo’lchi yulduzdir. Molik ibn Anas tobeinlardan keyin insonlarga Allohning hujjatidir”. Imom Molikning “Muvatto” kitobi nabaviy hadis kitoblarining eng mashhuri, eng sahih va eng avval yozilganlaridan hisoblanadi. Imom Shofiʼiy “Muvatto” asari haqida shunday degan: “Alloh taoloning kitobidan boshqa barcha kitoblar ichidagi eng to’g’ri kitob Muvattodir”.Imom Molik o’zi chiqaradigan fatvoda xatoga yo’l qo’ymaslikka qattiq urinardi. U mutloq mujtahid bo’lishiga qaramay, xato qilishdan qo’rqib savollarga ko’p martalab “bilmayman” javobini aytardi. U yana shunday degan: “Men oddiy bir insonman, gohida to’g’ri topsam, bazida adashaman. Men aytgan fikrga nazar soling, agar u Qur’oni karim va Sunnatga muvofiq kelsa uni oling. Qur’oni karim va Sunnatga muvofiq kelmaganini esa tark qiling”. Imom Molik hijriy 179-yili yigirma ikki kun davom etgan kasallikdan so’ng vafot etdi. O’sha vaqtdagi Madina amiri Abdulloh ibn Muhammad ibn Ibrohim Imom Molikning janozasini o’qib berdi. Imom Molik Baqe’ qabristoniga dafn qilingan.

Zokirjonov Shamsiddin

ta'lim muassasasi talabasi