Bir hadis sharhi
٢٩٠٢ - (٤) وعن أبي قتادة ، قال : قال رسول الله ﷺ : من سره أن ينجيه الله من كرب يوم القيامة ؛ فلينفس عن معسر أو يضع عنه. رواه مسلم
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ dedilar: «Kim Alloh taolo uni Qiyomat kunining g‘am-tashvishlaridan xalos etishini istasa, qiynalgan qarzdorga muhlat bersin yoki uning qarzidan kechib yuborsin». Imom Muslim rivoyati.
Hadis sharhi
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh ﷺ dedilar: «Kim Alloh taolo uni Qiyomat kunining g‘am-tashvishlaridan xalos etishini istasa...» — ya’ni Alloh taolo uni Qiyomat kunidagi og‘ir qiyinchilik va mashaqqatlardan qutqarishini yaxshi ko‘rsa va bundan umid qilsa...
«...qiynalgan qarzdorga muhlat bersin...» — ya’ni qarzini to‘lashga imkoni bo‘lmay turgan kishidan qarzini talab qilishni u pul topib, to‘lash imkoniga ega bo‘lguniga qadar kechiktirsin.
«Yoki uning qarzidan kechib yuborsin» — ya’ni qarzdorning zimmasidagi qarzning hammasini yoki bir qismini undan soqit qilsin, uni to‘lash majburiyatidan ozod etsin.
Foydali eslatma
Farz amal nafl amaldan yetmish daraja afzal hisoblanadi. Biroq ayrim masalalarda nafl amal farz amalning o‘zidan afzal bo‘lishi mumkin:
Qiynalgan qarzdorning qarzidan kechish mustahab amal bo‘lib, unga qarzni to‘lash uchun muhlat berishdan afzaldir. Chunki qarzdorga muhlat berish vojibdir.
Salom berishni boshlash salomga javob qaytarishdan afzaldir.
Namoz vaqti kirmasidan oldin tahorat olish mustahab bo‘lib, namoz vaqti kirganidan keyin tahorat olishdan afzal sanaladi. Chunki namoz vaqti kirgach, namoz o‘qish uchun tahorat olish vojib bo‘ladi.
Ushbu eslatmalardan ma’lum bo‘ladiki, Islomda amalning fazilati uning hukmi, maqsadi va keltiradigan manfaatiga ko‘ra baholanadi. Qiynalgan qarzdorning qarzidan kechish, salom berishni boshlash va namoz vaqti kirmasidan tahorat olish kabi amallar ayrim jihatlardan alohida fazilatga ega. Xususan, qarzdorning qarzidan kechish moliyaviy qiyinchilikni yengillashtirish, insonlarga rahm-shafqat ko‘rsatish va ularning mushkulini oson qilish kabi ulug‘ axloqiy maqsadlarni mujassam etadi. Demak, musulmon kishi farz va vojib amallarni ado etish bilan birga, boshqalarga manfaat yetkazuvchi va Allohning roziligiga eltuvchi fazilatli amallarga ham intilishi lozim.
Miqotul Mafotih sharhi Mishkatul Masobihning 6 - juzi , 134 - bet.
Shermatov Azimjon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi