Яратилиш санаси 06.03.2023

Yosh avlod xalqning yorqin kelajagi yoki tanazzuli

Har doimgidek vaqt atalmish tezoqar bu daryo xovliqma bir kayfiyatda oqib bormoqda. Odamlar o'z yumushlari bilan band. Har kim turfa o'y, tashvish bilan umr kechirmoqda. Ko'ngillar xotirjam, har kuni odamlar tinchlik atalmish ulug' bir ne'mat bergani uchun Allohga hamd aytib, o'z yumushlariga sho'ng'ib ketishadi.

Tunda esa oila davrasida baxtiyorlik lazzatidan-da bahramand bo'lishni untishmaydi. Lekin guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, xotirjam va sodda dillar orasida niyati buzuq va fasod tarqatuvchi, o'y-fikri dunyo moli bo'lgan "iblis xizmatkorlari" ham topiladi. Ular har zamon va har makonda o'zlarining fitnakorona razil niyatlariga yetish yo'lida har turfa holga kira bilishadi. Ularning tanalari buqalamun tanasidanda tuslanuvchan, zaxarlari chayon zaxridanda ta'sirchan ekanini ularning qurbonlari, afsuski, ko'p hollarda  juda kech anglab yetishadi. 

Nega endi ularni butkul yo'q qilib bo'lmaydi? Ular buni qanday uddalashadi? Ulardan qanday saqlanish mumkin?

Bu kabi savollar har bir insonni o'ylantiradi va har kim o'zicha bir yechib izlaydi. Ular shu qadar makkorki, iblislar unga tasanno aytishadi, ular turli davrlarda insonlarni kuch bilan emas vayronkor g'oyalari bilan zaxarlab kelishadi. 

Bugungi taraqqiy etgan, axborot va texnologiyalar asri insoniyatga katta bir yordamchi bo'lgani sir emas. Lekin afsuslar bo'lsinki,  bu kabi qulayliklar "iblis malaylari"ning ham ishlariga qo'l keldi.

O'tgan asrlarda o'g'rilar odamlarni hamyonini tunagan, cho'ntagini kesgan bo'lsa, bugun uyda o'tirib halol mehnatkash xalqning hisoblarini hotirjamgina bo'shatib ketmoqdalar.

O'tgan asrlarda fitnachilar saroylarda ulamolarga, bozorlarda xalqqa ta'sir o'tkazishga uringan bo‘lsa, bugun bir yerda turib bir nechta davlat va uning fuqarolarini zaxarlashga erishmoqdalar.

Bularning barchasiga bizning dunyoviy va diniy ilmimizning yetarli emasligi bosh sabablardan deb o'ylayman. 

Ma‘lumki, har zamondagi fitnachilar e'tiborini asosan, yosh avlodga qaratgan. Nega? -  degan o'rinli savol tug'iladi. Sababi yosh avlod xalqning yorqin kelajagi bo'ladi, yoki tanazzuli.
Yoshlar doim qiziquvchan bo‘lishadi, ilm izlashadi, yangidan yangi g'oyalarni o'rgangisi keladi.
Shubhasiz bu omil fitnachilarga juda qo‘l keladi. Agar shu kabi holatlarda yoshlar ongida bo'shliq bo'lsa, baliq kabi ularning to'rlariga tushib qolishi hech gap emas. Va biz buni yaqin tarixda guvohi bo'ldik ham. 

Fitnachilar o'tgan yillar davomida islom dinidan foydalanishga urindilar. Yosh, qiziqqon va e'tiqodiga sadoqatli, biroq bilimsiz yoshlarimiz ularning tuzog'iga tushib qoldi va afsuski, turli xil ekstremistik va terroristik harakatlarning ishtirokchisiga aylanib qoldi. Bu holatlar esa dunyo aholisi ongida  islom dini to‘g‘risida salbiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Yechim bormi?

Tasavvur qiling,  bir inson chanqab turibdi va oldidagi dishda suv bor. Siz unga u suv zaxarli ekanligini uqtirib uni suvdan qaytardingiz so‘ng esa unga toza suv aslida qanday bo‘lishini ta'riflab berdingiz. Shubhasiz, bu bilan siz uning chanqog‘ini bosolmaysiz va hanuz unga suv kerak. Siz nima qilmang, agar unga toza suvni bermas ekansiz, u to'siqlar qo'ysangiz ham idishdagi zaxarli suvni ichadi. Chunki, u toza suvni hali ko'rmagan  - ta‘rifini eshitgan xolos. Quruq gap va zaxarli bo‘lsa-da suv. Chanqog‘i avjiga chiqqan odam, shubhasiz, suvni ichishga urinadi.

Biz har kuni fitnachilar haqida aytib, ularning razilliklarini oshkor qilib, yoshlarni ulardan uzoq tutishga urinishimizning o'zigina to'g'ri yo'l emas. Chunki yosh avlod bir tashnadirki, chanqog'i bosilmaguncha, yo‘lida chiqqan suvdan totib ko'radi. Biz taqiq va ogohlantirishlar bilan bir qatorda yoshlarimizga asl islom go'zalligini, islom ilmini, islom tafakkurini va sof ta‘limotini beraylikki, chanqoqlari bosilsin, yaxshini yomondan ajrata bilsin, go'zal axloq ila ziynatlanishsin.

Bugun internet orqali yoshlarni yo'ldan urayotganlarga butkul taqiq qo‘ya olmaymiz. Biri bo‘lmasa, biri ularga yo‘liqadi. Biz bugun yoshlar ongini sof islom bilan to'ldiraylikki, ular boshqa yerdan islomni qidirmasin, boshqalar taklif etayotgan islom noto'g'ri islom ekanini bila olsin, yaxshi va yomonni farqlaydigan bo‘lsin.

Bu  jaholatga qarshi ma'rifat, vayronkor g'oyalarga qarshi bunyodkor g'oyalar bilan kurashishdir. Bu chin islom go'zalligi va ustuvorligini butun olamga ko'rsatishdir. Ana shunda dunyo islomning go'zalligini anglab yetadi, ana shunda dunyo xalqlari islom deganda "iblis malaylari"ning ko'rsatganini emas, chin islomni ko'radi.

G‘ofurov Shohrux

"Hidoya" oʻrta maxsus islom 
bilim yurti talabasi