Яратилиш санаси 08.03.2023

ONA

Bu tabarruk soʻzni aytish yoki eshitish bilan yuragimizda bexosdan cheksiz mehr paydo boʻladi. Va har safar vujudimizda onaning munis va mehribon siymosi aks eta boshlaydi. Tomirlarimizda samimiyat va yaxshilik daryoday joʻsh uradi. Ona, deyish bilan tilimiz ham, dilimiz ham beqiyos insoniy mehr-muhabbatga, ezgulikka toʻlib-toshib boraveradi, boraveradi…

Bolaligimizda, aniqrogʻi esimizni taniy boshlagan kezlarda bizga; “Onangni yaxshi koʻrasanmi yoki otangni yaxshi koʻrasanmi”, deb paydar-pay savol berishadi. Va tabiiyki, koʻpchilik, “onamni”, deb javob beradi. Bu aslo otamni yomon koʻraman, degani emas. Aksincha, bu onaga boʻlgan mehr-muhabbatning yuksak ramzi, onaga boʻlgan samimiyatning bebaho izhori ekanligini otalarimiz ham tushunadi. Onalarimizni yaxshi koʻrishimiz, ardogʻlashimiz va xurmat qilishimiz otalarimizga hech mahal ogʻir botmaydi. Chunki, otalarimizning ham onalari bor. Ular ham oʻz onalarini bizday qadrlab, bizday yaxshi koʻrib biz kabi xurmat qilishiga ishonamiz. Onani eʼzozlash, qadr-qimmatini oʻrniga qoʻyib, boshga toj kabi koʻtarish bizlarga ota-bobolardan meros. Mashhur qoʻshiqda aytilganidek: “Bu olamda ulugʻ zot kim, desang, doim onam derman.

Ona shu qadar ulugʻ va qudratli zotki, u koʻzga koʻrinmas ulkan kuch bilan, mehr-muhabbat bilan faqat farzandlarini, yaqinlarini emas, balki butun boshli insoniyatni bagʻriga bosib, dardiga darmon boʻla oladi.

Ona baxti – farzandlar baxti, oila baxti, jamiyat baxti. Ona bu bebaho baxtni hech kimga, hech nimaga alishmaydi.

Abdulvohidov Muhammadyusuf

"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti 1-kurs talabasi