Яратилиш санаси 11.03.2023

Yangi O'zbekistonda yangicha yondashuv

So'nggi yetti yillikdagi Yangi O'zbekistonning yangi tarixida ko'plab o'zgarishlar, qator islohotlar bo'lgani va bo'layotgani hech kimga sir emas. Dastlab xalq bilan muloqot o'rnatilib, xalq qabulxonalari tashkil qilindi, natijada eng kichik muammolar ham Davlat miqyosi darajasida hal qilindi. Xalqni rozi qilish siyosati amalga oshirila boshlandi. Xalq Davlat organlari uchun emas, Davlat organlari xalq uchun xizmat qilishi kerak degan muhim qoida yuqori minbarlarda qayta-qayta uqtirildi. Umuman olganda, hamma sohalarga yangicha yondashuv kirib keldi. 

Albatta, bu o'z samarasini bermoqda, muammo va kamchiliklar haqida endi baralla aytilmoqda. Jamoatchilik nazorati shakllanmoqda. Barcha ishlar xalq uchun va uning manfaatlari uchun xizmat qilishi kerakligi toboro ayon bo'lib bormoqda.

Bu juda ham quvonarli holat, albatta. Barcha sohalar isloh bo'lib, muammo va masalalarga yangicha yondashuv talab etilmoqda. Jumladan, diniy-ma'rifiy sohada ham ulkan o'zgarishlar sodir bolmoqda. Eng asosiysi, ko'p masalalarning asl mohiyatiga e'tibor berib, yangicha talqin yoki aslicha talqin qilish boshlanmoqda.

Avvallari JAHOLATGA QARSHI MA'RIFAT bilan kurashamiz deb jar solinsada, lekin amalda haqiqiy ma'rifat berilmas edi. Natijada, jaholat yoyilgandan yoyilib, kengaygandan kengayib,  u o'z domiga ko'plab yoshlarimizni tortib ketib qoldi.

Qancha-qancha navqiron yoshlarimiz jaholat sababli, ayrim guruhlarning manfaati yo'lida qurbon bo'lib ketishdi. Ularga biz o'z vaqtida kerakli ma'rifatni bera olmadik. Ularni diniy-ma'rifiy ehtiyojlarini, tashnaliklarini zilol suv bilan qondira olmadik. Oqibatda tashna inson loyqa suvni ham ichishga majbur bo'lganidek, ular ham yot g'oya va mafkuralar domiga osongina tushib qolishdi. Xatto bu haqiqatni Davlat rahbari ham yuqori minbarda turib e'tirof etdi.

Mana shu nuqtadan Yangi O'zbekistonda yangicha yondashuv boshlandi. Xato qilganlar kechirildi. Jaholatga qarshi faqatgina shiorlarda emas, aksincha amaliy hayotimizda haqiqiy ma'rifat bilan kurashish kerakligi tushunib yetildi. Mana shunda biz muammoning ildiziga bolta urgan bo'lamiz, muammo daraxtini qurita olamiz. Bir narsani ko'r-ko'rona ta'qiqlashdan avval, aslida u nima ekanini va nima uchun mumkin emasligini tushuntirishimiz lozim bo'ladi.

Jamiyatda biror bir ishga ta'qiq qo'yar ekanmiz, uning evaziga boshqa bir mumkin bo'lgan eshikni ochishimiz kerak bo'ladi. Ana shundagina biz jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashgan bo'lamiz. Ana shundagina biz jaholat zulmatini ma'rifat nuri bilan yorita olamiz.

Mana shunday yondashuv Yangi O'zbekistonimizning yangicha yondashuvidir. Prezidentimiz ta'kidlagan yondashuv aslida shudir. Yangi O'zbekistonni mana shunday yangicha dunyoqarash bilan barpo etishimiz kerak.

Tohir Mamatxanov

"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti 52-guruh talabasi