Яратилиш санаси 25.04.2023

Shavvol oyi ro‘zasi va fazilati

Shavvol oyining ajoyib fazilati bo‘lib, bu xususda «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Ramazon oyi ro‘zasini tutib, unga qo‘shimcha tarzda shavvol oyida olti kun ro‘za tutgan kishi yil bo‘yi ro‘zador bo‘lgan kabidir», dedilar». (Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Ma’lum bo‘ladiki, hadisi sharifda berilgan tavsiyaga har yili amal qilgan odam umr bo‘yi ro‘za tutganlik savobini qozonadi. Ramazon ro‘zasidan keyin shavvolda olti kun ro‘za tutgan kishiga bir yil davomida ro‘za tutganlikning mukofoti berilishi, qilingan ibodat va toatlarning savobi o‘n misl qilib belgilanganligi uchundir.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur. Kim bir yomonlik qilsa, unga faqat qilganiga yarasha jazo bo‘lur...» (An’om surasi, 160-oyat).

Shunday bo‘lgach, o‘ttiz kun ramazon ro‘zasi 10 oy, ya’ni, 300 kun o‘rniga o‘tadi. Olti kunning o‘n barobari esa oltmish kun, ya’ni, ikki oy bo‘ladi. Demak, ularni qo‘shib hisoblaganda musulmon kishi butun yilni ro‘za  tutish bilan o‘tkazgan bo‘ladi.

Ramazondan keyin shavvolda tutiladigan ro‘zaning misoli farz namozlar ortidan o‘qilgan sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzdagi ehtimolli kamchiliklarni bartaraf qilish uchun bo‘lganidek, shavvol ro‘zasi ramazon ro‘zasida yo‘l qo‘yilgan ayrim xatoliklarning o‘rnini to‘ldirish uchundir. Shuningdek, bu o‘z mohiyati bilan musulmon kishining ro‘zadan zerikmaganini ham ifoda etadi.

Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish mustahab amal bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ro‘za tutib, boshqalarga ham shuni tavsiya qilganlar. Bu ro‘zani bayramdan keyin peshma-pesh tutishda fazilat bisyor, shu bilan birga, oyning boshqa kunlarida ado etish ham mumkin. Qazo bo‘lgan ro‘zalarni mazkur kunlarda tutish bilan ham ayni savobga erishiladi.

Karimov Muhammadrasul

"Hidoya" o'rta-maxsus maxsus
islom bilim yurti talabasi