Яратилиш санаси 02.05.2023

Istixora duosi

Istixora” so‘zi lug‘atda “yaxshilik so‘rash” ma’nosini bildiradi. Shar’iy istilohda, bandaning namoz o‘qish yoki duo qilish bilan Alloh nazdida yaxshi sanalgan ishga yo‘llashini so‘rashi istixoradir. Ulamolar istixora sunnatligiga ittifoq qilishgan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga har bir ishda , xuddi Qur’ondan sura o‘rgatgandek istixora qilishni ta’lim berardilar”, deyilgan . Unga ko‘ra, istixora qilmoqchi bo‘lgan odam ikki rakat nafl namozdan keyin duo qiladi.

Quyida istixora duosini keltiramiz.

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلاَ أَقْدِرُ وَتَعْلَمُ وَلاَ أَعْلَمُ وَأَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي أَوْ قَالَ فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ فَاقْدُرْهُ لِي وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي أَوْ قَالَ فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ وَاقْدُرْ لِي الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ ثُمَّ رَضِّنِي بِهِ.

Duoning o‘qilishi: “Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmik, va astaqdiruka biqudrotik, va as’aluka min fazlikal ’aziym, fainnaka taqdiru va laa aqdir, va ta’lamu va laa a’lam, va anta ’allaamul g‘uyuvb. Allohumma in kunta ta’lamu anna haazal amro xoyrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy vaqdurhu liy, va in kunta ta’lamu anna haazal amro sharrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy fasrifhu ’anniy vasrifniy ’anh, vaqdur liyal xoyro haysu kaana summa rozziniy bih”.

Duoning ma’nosi: “Yo Alloh, ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Zero, Sen qodirsan, men ojizman. Sen biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Yo Alloh, agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et. Agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, uni mendan va meni undan uzoqlashtir. Qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi qil”.

Istixorada mana bu duoni o‘qish ham joiz.

اللَّهُمَّ خِرْ لِي وَاخْتَرْ لِي.

Duoning o‘qilishi: “Allohumma xir liy, vaxtar liy”.
Duoning ma’nosi: “Yo Alloh, ishimni yaxshi qil. (Ikki ishdan) yaxshisini tanlashimga madad ber”.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar alayhissalom biron ishga kirishmoqchi bo‘lsalar, “Allohumma xir liy, vaxtar liy”, deb duo qilardilar .

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قاَلَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا أَنَسُ إِذَا هَمَمْتَ بِأَمْرٍ فَاسْتَخِرْ رَبَّكَ فِيهِ سَبْعَ مَرَّاتٍ ثُمَّ انْظُرْ إِلَى الَّذِى يَسْبِقُ إِلَى قَلْبِكَ فَإِنَّ الْخَيْرَ فِيهِ. رَوَاهُ ابْنُ السُّنِّيِّ فِي عَمَلِ الْيَوْمِ وَاللَّيْلَةِ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Anas, agar biron ishni niyat qilsang, bas, Parvardigoringga bu borada yetti marta istixora qil. Keyin qalbingga ustun kelgan narsaga qara. Zero, yaxshilik o‘shandadir”, dedilar” (Ibn Sunniy “Amalul yavmi val-layla”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif).

Istixora namozi yoki duosi yetti martagacha o‘qiladi. Keyin Alloh duoni ijobat qilishi sabr bilan kutiladi. Istixoradan keyin qalbning ochilishi, undan chigallik va ikkilanishning ketishi istixoraning qabul bo‘lgani alomatidir. 

Bobojonov Samandar

“Hidoya” o'rta maxsus 
islom bilim yurti talabasi