Яратилиш санаси 30.06.2025

Ta’lim muassasasida 2024-2025- o‘quv yilining yozgi ta’tili oldidan yig‘ilish o‘tkazildi

2024–2025 o‘quv yilining yakunida, 27-iyun kuni “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida talabalarni yozgi ta’tilga kuzatish oldidan umumiy yig‘ilish o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda ta’lim muassasasining o‘qituvchilari va jami 160 nafar talaba ishtirok etdi. Yig‘ilishga muassasa direktori Qobiljon domla Mirzabayev rahbarlik qildi.

Tadbirda Ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rivojiddin domla Nasritdinov talabalarga yozgi ta’tilni samarali va xavfsiz o‘tkazishlari uchun bir qator muhim ko‘rsatmalar berdi.   Jumladan: *Xavfsizlik qoidalari: Talabalarga ta’til davrida texnika xavfsizligi va yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, ayniqsa transport vositalarini boshqarayotganda ehtiyotkor bo‘lishlari lozimligi ta’kidlandi. Bu ularning shaxsiy xavfsizligi va atrofdagilarning tinchligi uchun muhimdir. 

*Odob-axloq va shaxsiy mas’uliyat: Ta’lim muassasasi va talabalik sha’niga dog‘ tushirmaslik, uyda ota-ona, aka-singillar bilan, mahallada esa yoshi kattalar va tengdoshlar bilan odobli va madaniyatli muomalada bo‘lishga chaqirildi. Har bir talaba o‘z xatti-harakatlari bilan ta’lim muassasasining obro‘sini himoya qilishi zarur. 

*Diniy amallar va qoidalar: Juma namozlarini faqat o‘z mahallasi hududidagi rasman faoliyat yuritayotgan masjidlarda ado etishlari alohida ta’kidlandi. Faoliyati to‘xtatilgan masjidlarga va xonadonlarga namoz o‘qishga bormaslik, shuningdek, norasmiy joylarda jamoat bo‘lib namoz o‘qish yoki imomlikka o‘tmaslik qat’iyan man qilindi. Bu — diniy amallarni to‘g‘ri va tartibli bajarish muhimligini anglatadi.

*Ijtimoiy aloqalar va cheklovlar: Sinfdosh va kursdoshlar bilan turli xil ruxsat etilmagan yig‘inlar, darsxonliklar tadbirlarga bormaslik uqtirildi. Shuningdek, ruxsat etilmagan suv havzalarida cho‘milmaslik, baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun muhim ekani eslatildi.

*Axborot xavfsizligi va taqiqlangan materiallar: Ta’til vaqtida turli xil diniy adabiyotlar, qo‘l telefonlari va kompyuterlarda aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan kino, foto, audio, video mahsulotlari hamda shunga o‘xshash matbaa nashrlarini olib yurmaslik kerakligi urg‘ulandi. Bu — talabalarni zararli g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan chora hisoblanadi.

*Ruxsatsiz harakatlanmaslik: Talabalardan ta’lim muassasasida ustozlaridan, uyda esa ota-onadan so‘roqsiz hech qayerga bormasliklari so‘raldi. Qo‘shni viloyatlarga bormoqchi bo‘lsalar, albatta ta’lim muassasasi rahbariyatiga xabar berishlari shartligi uqtirildi. Bu ularning xavfsizligi va nazorati uchun muhimdir. 
 

Yig‘ilish yakunida, yuqorida keltirilgan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilish zarurligi, aks holda ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarida belgilangan choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati