Яратилиш санаси 19.12.2025

“Korrupsiyaga qarshi kurash — qonun ustuvorligi kafolati”

Bugun 19-dekabr kuni “Hidoya” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasida 1-2 kurs talabalari oʻrtasida “Korrupsiyaga qarshi kurash — qonun ustuvorligi kafolati” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy davra suhbati oʻtkazildi. Mazkur tadbir taʼlim muassasasining maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosari Rivojiddin domla Nasritdinov tomonidan ochib berildi hamda davra suhbatiga rahbarlik qilindi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashishning jamiyat hayotidagi oʻrni, qonun ustuvorligini taʼminlashdagi ahamiyati, shuningdek, yoshlar ongida halollik, adolat va masʼuliyat hissini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Davra suhbatiga taklif etilgan mehmon — Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti Ijtimoiy fanlar kafedrasi katta oʻqituvchisi, tarix fanlari nomzodi, dotsent  Zafarjon Yusupov maʼruza qildi. U oʻz maʼruzasida ta’kidlashicha – Jamiyatni har tomonlama rivojlantirish har bir davlat oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy toʻsiq boʻlayotgan global muammolardan biri sifatida dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Shu bois, jahon miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan bir qator xalqaro hujjatlar qabul qilingan boʻlib, ular davlatlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Maʼruzachi mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish izchil va tizimli ravishda olib borilayotganini taʼkidlab, Oʻzbekistonning BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qoʻshilgani, shu bilan birga, 2017-yil 3-yanvardan kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatimizda mazkur illatga qarshi kurashishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilayotgani, qonunda korrupsiyaning oldini olish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar oʻz ifodasini topgani taʼkidlandi. 

Shuningdek, korrupsiya va poraxoʻrlik Islom shariatida ham qattiq qoralanishi, Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida pora beruvchi va oluvchi qattiq laʼnatlangani haqida dalillar keltirildi. Islom taʼlimotiga koʻra, halollik va adolat jamiyat barqarorligining asosiy ustuni hisoblanishi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida talabalar bilan savol-javoblar oʻtkazilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi. Davra suhbati talabalarda qonunga hurmat, fuqarolik masʼuliyati va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qildi.

Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati