"HIDОYA" TA’LIM MUASSASASIDA PREZIDENT MAKTUBI YOSHLARGA O‘QIB ESHITTIRILDI
"Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yosh avlodning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, ularda ilm-ma’rifatga intilish, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Suyukli nabiram Shavkatbekka parvoz davomida bitilgan maktub"i talabalarga o‘qib eshittirildi.
Tadbirda Namangan viloyat bosh imom-xatibining birinchi oʻrinbosari O.Ikramov, ta’lim muassasasi direktori Q.Mirzabayev, O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari S.Madmusayev, Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Nasriddinov, o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida maktubning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilib, unda ilgari surilgan hayotiy saboqlar va tarbiyaviy ahamiyatga ega fikrlar yuzasidan talabalarga ma’lumot berildi.
Xususan, maktubda yoshlarning puxta bilim olishi, ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganishi, vaqtni qadrlashi, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektdan oqilona foydalanishi, qiyinchiliklar qarshisida matonatli bo‘lishi hamda Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosi misolida yoshlarga ajdodlarga munosib avlod bo‘lish, ilm yo‘lida tinimsiz izlanish va o‘z ustida ishlash zarurligi tushuntirildi.
Muloqot davomida insonning haqiqiy kamoloti faqat bilim va muvaffaqiyat bilan emas, balki uning odobi, halolligi, kamtarligi, mehnatsevarligi va odamlarga bo‘lgan munosabati bilan ham belgilanishi qayd etildi.
Mazkur maktub yoshlar uchun nafaqat samimiy nasihat, balki hayotiy maqsadlarni belgilash, o‘z oldiga yuksak marralar qo‘yish va kelajak uchun mas’uliyatni chuqur his etishga undaydigan muhim tarbiyaviy manba bo‘lib xizmat qiladi.












Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati