“Bahrul Muhit” tafsirida nahv qoidalari ishlatilishi
Abu Hayyonning to’liq nomi Asiriddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Ali ibn Yusuf ibn Hayyon Al-Andalusiy Al-G’arnotiy Al-Jayyoniy bo’lib, u olti yuz ellik to’rtinchi hijriyda tug’ilgan va ulamolar orasida"Abu Hayyon" laqabi bilan mashhur. Abu Hayyon qiroatlar ilmida mashxur, ulug’ ustozlar huzurida tahsil olgan hofiz edi. U avval qiroatni Al-Xatib Abdulhaq ibn Ali huzurida, keyin Al-Xatib Abu Ja’far ibn At-Tabbo’ huzurida, undan so’ng esa Al-Hofiz Abu Ali ibn Abul Ahvas huzurida o’rganib, qiroat ilmining mashhur va mashhur bo’lmagan usullarini ham egalladi. Andalus va Afriqoning boshqa hofizlari darslariga ham quloq tutdi. Keyin Iskandariyaga keldi va u yerda qiroat ilmidan Abdunnasir ibn Ali Al-Marbutiy huzurida, Misrga kelib esa Abu Tohir Ismoil ibn Abdulloh Al-Maliyjiy huzurida ta’lim oldi. Ustoz Ash-shayx Bahouddin ibn An-Nahqosni uchratgandan so’ng, uning etagidan mahkam ushlab, uning huzurida juda ko’p adabiy kitoblarni o’qidi.
Abu Hayyonning o’zi guvoxlik berishicha, u ta’lim olgan ustozlarining soni to’rt yuz elliktadan oshgan. As-Safadiy aytadi: “Men Abu Hayyonni qachon ko’rmayin, u birovdan ta’lim olayotgan yoki yozayotgan yoki biror kitobni mutolaa qilayotgan holda bo’lardi, hech bekor o’tirmasdi”. Shuningdek, Abu Hayyon she’r va muvashshah (Muvashshah – biror odamning ismidagi qarflar tartibida yozilgan bag’ishlov g’azal)lar yozardi, lug’at, nahv, sarf ilmlarida ustozi mutlaq edi.
Uning ilmda benazirligi, ustozlarining ko’pligidan tashqari ilmning turli sohalarini egallagan shogirdlari ham ko’paydi.
Abu Hayyondan juda ko’p ilmiy meros qolgan. Ulardan"Al-Bahrul muhiyt" nomli tafsir, bir jildli “G’aribul Qur’on”, “Sharhut-tas’hil”, “Nihoyatul-e’rob”, “Xulosatul-bayon” nomli kitoblarini sanab o’tishimiz mumkin. Qur’on tajvidi haqida Ash-Shotibiyning mazmumasi singari unga nisbatan qisqaroq bo’lgan mazmuma (she’riy kitob)i ham bor.
Abu Hayyon avvalda hech bir mazhabda bo’lmagani, keyinroq Ash-Shofe’iy mazhabini qabul etgani haqida ulamolardan rivoyat bor. U falsafadan va e’tizoldan yiroq, salaf ulamolari yo’lini mahkam ushlagan kishi edi.
Abu Hayyon yetti yuz qirq beshinchi hijriy yilda Misrda vafot etdi[1]. “Al-Bahrul muhiyt” tafsiri sakkizta kitobdan iborat, ulamolar, xususan, qiroat usullari va kalimalarning tarkiblanishi bilan qiziqqan toliblar bu kitobga ko’p murojaat qiladilar.
Muallif ushbu nahv qoidalarini yozayotgan paytda hali juda yosh edi. Shunga qaramasdan, Alloh bergan iste’dod sababli, nahviy olimlar o’rtasidagi ixtilofni shu qadar batafsil yoritib berganki, uning bayonlariga qaraganda kitob tafsirdan ko’ra nahv kitobiga yaqinroq bo’lib qolgan. Lekin Abu Hayyon nahv qoidalari dengiziga shunchalik sho’ng’ib ketganiga qaramasdan, tafsirning boshqa sohalariga beparvo bo’lgan emas. Uning tafsirida lug’at ilmi ham, sababi nuzul, nosix-mansux, qiroat, balog’at, fiqq ilmlari borasida ham me’yoriga yetkazib fikrlar aytilgan va tafsir qilingan. Bu haqda muallifning o’zi tafsir muqaddimasida shunday deydi: “Mening bu kitobni yozishdagi tartibim shunday, ya’ni men avval oyatning har bir so’zi haqida, uning tafsiri, lug’aviy ma’nosi, jumlada egallagan o’rni-tarkibi, ikki yoki undan ko’p ma’noli so’z bo’lsa, oyatning tafsiriga muvofiq ma’noni tanlab olish uchun hamma ma’nolarini keltirib, keyin oyatning tafsiriga o’taman. Tafsirda esa, tartib bilan oyatning sababi nuzuli, nosix yoki mansuxligi, yuqoridagi oyatga bog’liqligi munosabati, shu oyat ustida qurrolarning mashhur yoki kam eshitilgan qiroatlari haqida to’xtalib, keyin oyatning ma’nosini tushunishda yordam beradigan salaf va keyingi ulamolarning fikrlarini bayon etaman.
Lekin takrordan qochgan holda, biror oyat yoki biror kalima haqida avval gapirgan bo’lsam, uni qaytarmaslikka harakat qilaman va takrorlash zarur bo’lgan joyda avvalgi mavzuga havola qilaman. Biror fiqhiy masala haqida gapirsam, bu masala borasida to’rt mazhabning fikrlarini bayon etish bilan birga, qaysi manbadan olinganini ham ko’rsatib o’taman.
Shuningdek, nahv qoidalarini bayon etganimda uning tahlilini batafsil qilib, keyin nahviy olimlarning kitoblaridan ham dalil sifatida iqgiboslar keltiraman va u manbalarga ham ishora qilaman.
Oyat tafsirini hamma tomondan mukammal bayon qilib bo’lganimdan keyin ushbu oyatning ma’nosini tasdiklovchi naqliy rivoyat keltiraman-da, ana shunga suyanib, gapni unchalik cho’zib yubormagan holda mazkur oyatni sharhlayman. Mendan keyin biror kishi shu ishni qilaman (tafsir yozaman) desa, mening uslubim unga namuna bo’lsin. Ba’zi oyatlarning tafsirida tasavvuf ahlining kalomlarini ham kiritganman. Lekin ulardan ba’zilarining aqldan uzoq gaplaridan qochganman. Men tafsirda botiniylarning Alloh, Hazrat Ali va u kishining avlodlari haqidagi botil fikrlarini keltirmadim”[2]. Abu Hayyon o’z tafsirida Az-Zamaxshariy, Ibn Atiyya tafsirlaridan foydalangan va ulardan iqtiboslar keltirgan. Shu bilan birga nahv qoidalari borasida ikki mufassirning gaplariga juda ko’p raddiyalar bergan. Abu Hayyonning tafsirida mazkur ikki olimning fikrlariga munosabati va raddiyalari nihoyatda ko’pligidan, uning shogirdi Tojiddin Ahmad ibn Abdulqodir ibn Ahmad ibn Maktum (u yetti yuz qirq to’qqizinchi hijriyda vafot ettan) muxtasar qilib, undan ustozining Az-Zamaxshariyga va Ibn Atiyyaga nahv borasida bergan raddiyalarini olib tashlagan. Muxtasarning nomi “Ad-durrul laqit minal Bahril-muhit” bo’lib, “Al-Bahrul muhit” kitobining hoshiyasida chop etilgan va uning bir qo’lyozma nusxasi Al-Azhar kutubxonasida mavjud. Ash-Shayx Yahyo Ash-Shoviy Al-Mag’ribiy esa Abu Hayyonning Az-Zamaxshariyga qilgan e’tirozlarini jamlab, katta bir kitob qilgan. Bu kitobning qo’lyozmasi ham Al-Azhar kutubxonasida saqlanmoqda.
Abu Hayyon o’z tafsirida Az-Zamaxshariyning e’tizoliy fikrlari uchun qattiq qoralash bilan birga, insofli olim sifatida uning “Qur’on balog’atlarini mohirlik bilan tushuntirishi” haqida gapirib, hatto: “Alloh Ta’olo unga (Az-Zamaxshariyga) Qur’on ilmini mukammal bergan, u Qur’on lafzlarini yaxshi tushunish bilan birga, uning ma’nolarini ochib berishda ham benazir olimdir”[3], - deydi.
Abu Hayyon o’z tafsirida keltirgan naqllarning barchasini ustozi Jamoliddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Sulaymon ibn Hasan ibn Husayn Al-Maqdisiyning “Kitobut-tahrir vat-tahbir li-aqvoli aimmatit-tafsir” kitobidan olgan. “Ibn An-Naqib” laqabi bilan mashhur bo’lgan ustozning yozgan kitobi ulumul-Qur’on borasida yozilgan eng katta asar bo’lib, yuz jilddan iboratdir.
An-Naysoburiyning to’liq nomi Al-Imom Ash-Shahir, Al-Alloma Al-Xatir Nizomiddin Al-Hasan ibn Muhammad Al-Husayn Al-Xurosoniy An-Naysoburiy bo’lib, uning kelib chiqishi Qum shahridan, unib o’sgan joyi esa Naysobur shahridir. An-Naysoburiy barcha ilmlarni, xususan arab lug’ati, ta’vil va tafsir ilmlarini batafsil o’rgangan, Xurosonda mashhur hofiz (Hofiz— Qur’onni mukammal yod oluvchi, muqri’– Qur’onni tajvid bilan yaxshi qiroat qiluvchi) va muqri’lardan biri sanaladi. Shunchalik mashhur bo’lishiga qaramasdan, o’ziga taqvoni, zohidlikni, tasavvufni tanlagani uchun, uning tafsirida shu ruh aks etib turadi.
An-Naysoburiydan bir necha asarlar qolgan. Ulardan biri Imom Ibn Al-Hojibning nahv ilmi bo’yicha yozilgan “Al-Kofiya Ash-Shofiya” asariga sharhi “Sharh An-Nazzom” deb ataladi. Xoja Nasirul milla vad-din At-Tusiyning astronomiya sohasida yozgan tazkirasiga sharhi"Tavzihat-tazkira” dir.
Yana hisob ilmi borasida “Rasoil fiy ilmi hisob”, Qur’ondagi vaqflar haqida bayon etuvchi “Kitobu fiy avqofil-Qur’on" asarlari ham ahamiyatga molik. Uning tasnifotlari orasida Qur’on tafsiri alohida o’rin tutadi va muallif bu kitobini “G’aroibul-Qur’on va Rag’oibul-Furqon” deb atagan.
An-Naysoburiyning vafot etgan yili ulamolar orasida ma’lum emas. Ammo uni As-Sayyid Ash-Sharif, Al-Mavlo Jaloliddin Ad-Davoniy, Ibn Hajar Al-Asqaloniy va boshqa jumhur ulamolarsafiga qo’shib, to’qqizinchi asr allomalaridan biri deb tan olinadi. Muallifning mazkur tafsiri taxminan sakkiz yuz elliginchi yillarda nihoyasiga yetkazilgan. Ba’zi olimlar An-Naysoburiyni shialikka nisbat berganlar.
[1] أحمد بن علي بن محمد بن حجر العسقلاني. الدرر الكامنة في أعيان المئة الثامنة // دائرة المعاف العثمانية – حيدر آباد.: 2012. – ص. 310.
[2] أبو حيان محمد بن علي يوسوف بن حيان. تفسير البحر المحيط // دار الكتب العلمية – بيروت.: 2007. – ص. 276.
[3] .أبو حيان محمد بن علي يوسوف بن حيان. تفسير البحر المحيط // دار الكتب العلمية – بيروت.: 2007. – ص. 276
Isoqjonov Muhammadibrohim
ta'lim muassasasi o'qituvchisi