Imom Shofe'iy rohimahulloh: fiqh usulining poydevorini qo'ygan zot
Shofe'iy mazhabi asoschisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris (150/767 – 204/820)
Shofe'iy mazhabi sunniy islomdagi to'rt fiqhiy mazhabdan biri. Uning asoschisi Muhammad ibn Idris ash-Shofe'iy (150/767 – 204/820)-yilda tug’ilgan bo'lib, mazhab to'rt sunniy mazhabning uchinchisi hisoblanadi. To'liq ismlari: Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris ash-Shofe'iy.
Tug'ilishi va nasabi: Imom Shofe'iy Falastinning G'azo shahrida Quraysh qabilasining Banu Muttalib urug'ida tug'ilgan. Go'dakligida otasidan ayrilgan, ikki yoshida onasi uni qarindoshlari orasida tarbiyalash uchun Makkaga ko'chirgan. Ba'zi manbalarda ta'kidlanishicha, u 150-hijriy yilda, ya'ni Imom Abu Hanifa vafot etgan yili tug'ilgan.
Ilm yo'li: Makkada o'sib, yetti yoshida Qur'oni karimni yod olgan. Keyin Molik ibn Anasning "Muvatta" asarini yod olgan va Madinada uni ustozning o'ziga yoddan o'qib bergan. Madinada Molik vafotigacha, taxminan to'qqiz yil qolgan. Molik 179/795-yilda vafot etgach, Yamanga ketgan. Bag'dodda Abu Hanifaning shogirdi Muhammad ash-Shaybaniy va boshqalardan ilm olgan. Shu tariqa u ham Madina (Molikiy), ham Iroq (Hanafiy) ilmlarini o'zlashtirgan. Bag'dodda uning birinchi mazhabi shakllangan va u keyinchalik "al-madhhab al-qadim" (eski mazhab) deb nomlangan.
Misrga hijrat va vafoti: Imom Shofe'iy Misrga 199/814-15-yilda kelgan, u yerda huquqiy qarashlarini mustahkamlagan va eng muhim asarlarini yozgan. Misrda besh yil yashab, 204/820-yil Rajab oyining oxirida 54 yoshida vafot etgan. Keyinchalik Ayyubiylar davrida qabri ustiga maqbara qurilgan. Misrliklar uni Molikning shogirdi va fiqhdagi nufuzi sababli katta hurmat bilan kutib olishgan.
Ustozlari: Molik ibn Anas, Muhammad ibn Shayboniy, Ibrohim ibn Sa'd al-Ansoriy, Vaqi' ibn Jarroh al-Kufiy. Keyingi yillarda ba'zi masalalarda Molik bilan kelishmagan bo'lsa ham, uni "Ustoz" deb atashda davom etgan.
Shogirdlari: Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal. Imom Ahmad ham uning davrasida qatnashib, undan ilm olgan. Ibrohim ibn Xolid ibn Abul Yamon al-Kalbiy Ismoil ibn Yahyo al-Muzaniy Horis ibn Sulayj al-Bag'dodiy
Asarlari: 1. Kitob al-Umm. Misrda yozilgan bo'lib, uning keyingi (so'nggi) qarashlarini jamlagan. 2.Kitob al-Hujja. Bag'dodda turgan paytida yozilgan, fiqhiy qarashlarini o'z ichiga oladi. 3.Ixtilof al-Hadis. Bundan tashqari "Ahkom al-Qur'on" asarini ham yozgan. 4.Ar-Risola. Usul al-fiqhga bag'ishlangan eng mashhur asari bo'lib, fiqh manbalari – Qur'on, Sunnat, qiyos va ijmo'ni o'rganadi. U fiqh usuli metodologiyasi bo'yicha birinchi yozgan olim hisoblanadi.
Mazhabning tarqalishi: Imom Shofe'iy umrining so'nggi yillarini Misrda o'tkazgani uchun mazhab ayniqsa Misrda keng tarqalgan. Xulosa qilib aytganda Imom Shofe'iy Madina va Iroq ilmlarini birlashtirgan, fiqh usulini birinchi bo'lib tizimli yozgan va shogirdlari orqali ilmini keyingi avlodlarga yetkazgan olimdir. Uning "Ar-Risola" va "Al-Umm" asarlari bugungacha fiqh tarixida asosiy manba bo'lib qolmoqda.
Alisherov Hasanboy
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi