Яратилиш санаси 24.11.2026

Muloyimlik, halimlik va bosiqlik

Jarir ibn Abdulloh al-Bajaliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim:

مَنْ يُحْرَمِ الرِّفْقَ يُحْرَمِ الخَيْرَ كُلَّهُ.

«Kim muloyimlikdan mahrum qilinsa, barcha yaxshiliklardan mahrum qilinadi». Sahih Muslim, 2592.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Ashaj Abdulqays roziyallohu anhuga shunday dedilar:

إِنَّ فِيكَ خَصْلَتَيْنِ يُحِبُّهُمَا اللهُ: الحِلْمُ، وَالأَنَاةُ.

«Albatta, senda Alloh yaxshi ko‘radigan ikkita xislat bor: halimlik va bosiqlik». Sunan at-Termiziy, 2011.

Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

إِنَّ اللهَ رَفِيقٌ يُحِبُّ الرِّفْقَ فِي الأَمْرِ كُلِّهِ.

«Albatta, Alloh muloyimdir va barcha ishlarda muloyimlikni yaxshi ko‘radi». Muttafaqun alayh

G‘arib so‘zlarning sharhi

الرِّفْقُ — muloyimli

So‘z va amal bilan yumshoq muomala qilish, eng oson yo‘lni tutishdir. U qo‘pollik va zo‘ravonlikning ziddidir.

الحِلْمُ — halimlik

Insonning g‘azablangan paytida o‘zini qo‘lga olishi, g‘azab ustidan hukmron bo‘lishidir.

الأَنَاةُ — bosiqlik, shoshilmaslik

Shoshilmay ish tutish, puxta o‘ylab, ishonch hosil qilish va shoshqaloqlikni tark etishdir.

Hadislarning umumiy mazmuni

Ushbu hadislar barcha ishlarda halimlik, bosiqlik va muloyimlik bilan ish tutishning shar’an joiz va maqtovga sazovor ekaniga dalolat qiladi. Shuningdek, ular g‘azabni yutish, sabr qilish va qiyinchiliklarga chidashga targ‘ib etadi.

Chunki ana shu xislatlar tufayli:

Yaxshiliklar ko‘payadi.

Oqibat go‘zal bo‘ladi.

Adovat va gina-kudurat kamayadi.

Shaytonning hukmronligi zaiflashadi.

Muloyimlik, halimlik va bosiqlik mo‘min kishining go‘zal axloqiy fazilatlaridandir. Inson har qanday vaziyatda o‘zini tuta bilishi, g‘azabini yutishi, boshqalarga yumshoqlik bilan muomala qilishi va har bir ishda shoshilmasdan, mulohaza bilan yo‘l tutishi lozim. Zero, bu fazilatlar yaxshiliklarni ko‘paytiradi, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlaydi va Allohning roziligiga erishishga sabab bo‘ladi.

Shermatov Azimjon

Ta'lim muassasasi oʻqituvchisi