Яратилиш санаси 25.11.2026

Bir hadis sharhi

عَنِ المِقْدَامِ رضي الله عنه، عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم، قَالَ:
«مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ، وَإِنَّ نَبِيَّ اللَّهِ دَاوُدَ عليه السلام، كَانَ يَأْكُلُ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ».

Miqdom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:
«Hech kim o‘z qo‘li bilan ishlab topgan narsasidan yegan taomidan ko‘ra yaxshiroq taom yemagan. Albatta, Allohning payg‘ambari Dovud alayhissalom ham o‘z qo‘llari bilan ishlab topgan narsalaridan yerdilar».

الاكتساب من سنن الأنبياء فإن نبي الله داود كان يعمل السرد ويبيعه لقوته فاستنوا به ا هـ 

Kasb-hunar bilan shug‘ullanish payg‘ambarlarning sunnatlaridandir. Allohning payg‘ambari Dovud alayhissalom sovut yasash bilan shug‘ullanar va uni o‘z tirikchiliklari uchun sotardilar. Bas, sizlar ham u zotga ergashinglar.

Rivoyat qilinishicha, Dovud alayhissalom podshohlik davrlarida odamlarning o‘zlari haqidagi fikrlarini bilish uchun ularning holidan xabar olib turardilar. O‘zlarini tanimaydigan kishilardan: «Dovudning sizlarning orangizdagi tutgan yo‘li, xulq-atvori qanday?» deb so‘rardilar. Shunda Alloh taolo inson qiyofasidagi bir farishtani yubordi. Dovud alayhissalom uning oldiga kelib, undan ham shu haqda so‘radilar. U esa: «Dovud naqadar yaxshi inson! Faqat u kishi baytul-moldan yeb kun kechiradilar», deb javob berdi. Shundan so‘ng Dovud alayhissalom Rabbilaridan u zotni baytul-molga muhtoj bo‘lishdan behojat qilishini so‘radilar. Alloh taolo esa u zotga sovut yasash hunarini o‘rgatdi. U zot har kuni bittadan sovut yasab, uni olti ming dirhamga sotardilar. Shundan ikki ming dirhamini o‘zlari va oilalarining xarajatlariga sarflar, to‘rt ming dirhamini esa Bani Isroilning kambag‘allariga sadaqa qilardilar. 

Insonning o‘zi va oilasi uchun yetarli miqdorda kasb qilib, rizq topishi ko‘pchilik ulamolar nazdida vojibdir. Bundan ortiq miqdorda kasb qilish esa, agar u orqali faxrlanish va mol-dunyoni ko‘paytirish bilan boshqalardan ustunlik qilishni maqsad qilmasa, mubohdir.

Ushbu hadis va uning sharhida halol mehnat qilib rizq topishning fazilati bayon qilingan. Inson o‘z qo‘li bilan mehnat qilib topgan rizq eng pokiza va yaxshi rizqlardandir. Hatto Dovud alayhissalomdek ulug‘ payg‘ambar ham o‘z qo‘llari bilan hunar qilib, tirikchilik qilganlar.Shuningdek, inson o‘zi va oilasining ehtiyojlarini qondirish uchun halol kasb bilan shug‘ullanishi lozim. Ortiqcha mol-dunyo topish ham, agar unda kibr, maqtanish va boylik bilan faxrlanish maqsadi bo‘lmasa, joizdir.

«Mirqotul-mafotih sharhu Mishkotil-masobih» kitobi, oltinchi juz.

Shermatov Azimjon 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi