Яратилиш санаси 05.01.2022

Juma namozi farz bo'lgan kishilar

Hafsa roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir ehtilom bo‘luvchiga Jumaga borish lozimdir. Har bir Jumaga boruvchiga g‘usl lozimdir», dedilar». Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.

Sharh: Demak, Juma namozi har bir balog‘atga etgan erkak musulmon shaxsga farzdir. Balog‘atga yetgan musulmon erkak uzrsiz Juma namozini tark qilsa gunohkori azim bo‘ladi. Jum’aga boruvchi har bir shaxs g‘usl qilib borishi lozim. CHunki ko‘pchilik jamlanadigan, birga va’z-nasihat eshitib, namoz o‘qiydigan joyga hamma g‘usl qilib poklanib bormasa, turli hidlar tarqab, noxush holat yuzaga keladi. Ushbu hadisi sharifni hayotimizga tatbiq qilib, har Juma kuni g‘usl qilib, Juma namoziga borishimiz lozim.

Toriq ibn Shihob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jamoat ila Juma (o‘qimoq) har bir musulmonga haqdir, vojibdir. Magar to‘rt kishi –mamluk, ya’ni, qul, ayol kishi, yosh bola va bemor mustasnodir», dedilar». Abu Dovud, Bayhaqiy va al-Hokim rivoyat qilgan.

SHarh: Avvalo hadisning roviysi Toriq ibn SHihob roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik. Toriq ibn SHihob ibn Abu SHams ibn Salama al-Bajaliy al-Ahmasiy, kunyalari Abu Abdulloh. Toriq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdilar-u, lekin suhbatlarida bo‘lmaganlar. Hadislarini to‘rtta xalifa va bir nechta sahobalardan rivoyat qildilar. Abu Bakr va Umar ibn Xattob davrlaridagi 33 ta g‘azotda ishtirok etdilar. Toriq ibn SHihob Kufada istiqomat qildilar. Hijratning 83-yili vafot etdilar. Ushbu hadisi sharifda Juma namozi har bir musulmon shaxsga farz ekani qattiq ta’kidlanmoqda. Buni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘z uslublaridan «Haqdir, vojibdir», deb aytishlaridan ham bilib olamiz.

SHu bilan birga ushbu hadisi sharifda Jumaga borishi uzrli bo‘lgan shaxslar ham zikr etilmoqda. Mazkur toifadagi kishilar Jumaga bormasliklari mumkin:

1. «Mamluk, ya’ni, qul»
Birovning mulki bo‘lmish qul kishilarga Juma farz bo‘lmaydi u narsalarda ortiqcha qiyinchiliklarga duch keladilar. SHuning uchun ularga engillik yaratish uchun Juma namoziga borishlari farz qilinmagan.

2. «Yosh bola»
Balog‘atga etmagan yosh bola, boshqa ibodatlarni qilishi ham farz emas. YOsh bola, mukallaf emas. Binobarin, unga Juma namozi ham farz emas.

3. «Ayol kishi»
Islomiy hayot tarzida ayol kishining o‘ziga yarasha holatlari, vazifalari bor. Ana o‘shalar e’tiboridan muslima ayollarga Juma namozi farz qilinmagan.

4. «Bemor»
Islom engillik dini. Kishilarni toqatdan tashqari narsalarga taklif qilmaydi. Jumaga borish bemorga og‘ir bo‘lsa, u bormasligi mumkin.

Ushbu hadislar va boshqa shu ma’nodagi dalillarni to‘liq o‘rganib chiqqan ulamolarimiz, xususan, ma’lum va mashhur to‘rt sunniy mazhab imomlari Juma namozini ado etish farzi ayn – har bir shaxsga alohida farzdir, deydilar. 

Tursunov Isoqxo'ja

“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti xodimi