Яратилиш санаси 09.01.2022

Katta jamoa – ahli sunnaning belgisi - 3

Ushbu masalalar ahli sunnaning belgisi ekani, ularga ishonmaganlar esa ahli sunnadan emasligi ta’kidlangan.

Katta jamoa – ahli sunnaning belgisi quyidagilardan iborat:
أن لا يثبت لله تعالى مكاناً ولا زماناً ولا مجيئاً ولا ذهاباً

Qirq to‘rtinchi: Alloh taologa makon, zamon va kelib-ketishni nisbat bermaslik.

Mo‘min kishi Alloh taologa makon, zamon, kelish, ketish hamda maxluqotlarga xos bo‘lgan boshqa sifatlarni nisbat bermasligi lozim. Chunki komil imon kayfiyat bilan shug‘ullanmasdan Alloh taoloni tanish demakdir. Alloh taolo Muso alayhissalomga: “Ey Muso, ikki narsani bilgin, ularga tegishli ikki narsani bilishga harakat qilma. Bilginki, men Ilohman, mening kayfiyatimni bilishga harakat qilma. Bilginki, men Razzoqman, rizqni qaerdan olishimni bilishga harakat qilma”, – degan.

Bilingki, Alloh taolo biror makon ustida joylashmagan, Uning Arshga hech qanday ehtiyoji yo‘q. Arsh Alloh taoloning qudrati bilan mavjuddir. 
Alloh taolo kelish va borish fe’llari bilan sifatlanmaydi. Kelish va borish fe’llari uchta ma’nodan birini ifodalash uchun ishlatiladi. 

1.  Bir narsani u uzoqda bo‘lgani sababli ko‘rib bo‘lmaydi. Uni ko‘rish uchun unga yaqinlashish kerak bo‘ladi. 
2.  Bir narsani u uzoqda bo‘lgani sababli eshitib bo‘lmaydi. Uni eshitish uchun yaqinlashish kerak bo‘ladi.
3.  Biror narsadan uzoqda bo‘lgani sababli qudrati yetmaydi. Qudrati yetish uchun unga yaqinlashadi.

Kim Alloh taolo mana shu sifatlar bilan sifatlasa yoki shunday e’tiqod qilsa, Alloh taologa kofir bo‘ladi.

“Ityon” (kelmoq, bormoq) so‘zi zikr qilingan oyatlar, Nabiy alayhissalomdan naql qilingan “nuzul” (tushish) so‘zi kelgan hadislar hamda shunga o‘xshash boshqa oyat va hadislarni tafsir qilmasdan, ularning asliga imon keltirish lozim bo‘ladi. Oyat va hadislarda kelgan “maje’” (kelish), “zihob” (borish), “ayn” (ko‘z), “yad” (qo‘l) va “nafs” so‘zlari tafsir qilinganda, kim ularni biror narsaga tashbeh qilsa (o‘xshatsa), mushabbihaga aylanadi.

Mutashobih (shar’iy istilohiy ma’nosi noaniq bo‘lgan) oyat yoki hadislarning ma’nosini tafsir qilmasdan, Alloh taologa topshirish lozim. Shunda inson najot topadi. Chunki mutashobih oyat va hadislarning tafsirini bilish bandalar uchun farz emas. Balki ularga imon keltirish farz hisoblanadi.

Yuqoridagi dalillar oqil inson uchun kifoya qiladi.

Olimxon Isaqov

“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti o'qituvchisi