Яратилиш санаси 24.01.2023

Buyuk muhaddisning ilm yo`li

Imom, hofiz, faqih, zohid, shayxulislom, muhaddis bo’lgan bu zotning to’liq ismi Yahyo ibn Sharaf ibn Murriy ibn Hasan ibn Husan ibn Muhammad ibn Jam’a ibn Hizom Abu Zakariyo Navaviy Damashqiy Shofe’iydir. Kunyalari Abu Zakariyo. Laqablari esa Muhiddin (dinni tiriltiruvchi). Lekin Imom Navaviy bu laqab bilan laqablanishni yoqtirmas edilar. “Chunki din doimo mavjud bo’luvchi va sobit turuvchi narsadir, tiriltiruvchi kishiga muhtoj emasdir”,  deb aytardilar. Lahmiy u zot haqida: “Meni Muhiddin deb ataydiganlarni do’st tutmayman, deb aytdilar”, deydilar. Imom Navaviy bu gapni kamtarlik qilib aytganlar. Lekin haqiqatdan ham Alloh taolo bu kishi bilan dinni tiriltirgan edi. Alloh taolo bu kishini shu nom bilan mashhur bo’lishini xohladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Kimki Alloh uchun kamtarlik qilsa, albatta, Alloh uning martabasini ko’taradi”.

Imom Navaviy hijriy 631-yili (milodiy 1233-yili) muharram oyida Damashqdagi Navo shahrida tavallud topganlar. U kishining otalari yoshligida Qur’oni karimni ta’lim beruvchi ustozga olib bordilar. Imom Navaviy Qur’on yodlashni boshladilar va kundan kunga Qur’onga bo’lgan muhabbatlari oshib boraverdi. Hatto shu darajaga yetdiki, Qur’onni yodlash va o’qishdan bir lahza ham chalg’ib qolishni xohlamas edilar. Yoshlikning sho’xligi-yu, bolalikning o’yinqaroqligi u kishini Qur’onni yodlashdan chalg’ita olmas edi. Ba’zi kunlari bolalar u kishini o’ynashga majbur qilishganida, yig’lab qochishga harakat qilar edilar.

Shayx Yosin ibn Yusuf Marokashiy aytadilar: “Men shayx Muhiddinni Navoda ko’rgan edim. U o’sha paytda o’n yoshlar atrofida bo’lib, bolalar uni o’zlari bilan o’ynashga majbur qilishardi. Uni majbur qilishgani uchun yig’lab, shu holatda ham Qur’on o’qir edi. Shunda men uni yaxshi ko’rib qoldim. Unga Qur’on o’rgatadigan odamning oldiga borib: “Bu bola o’z zamonasining olimrog’i va zohidrog’i bo’lishi mumkin, odamlar bundan ko’p manfaat topishadi”, dedim. U menga: “Munajjimmisan”, dedi. Men: “Yo’q, lekin Alloh meni shunday gapirtirdi”, dedim. Bu gap otasiga yetganida, farzandiga katta e’tibor qaratdi va bu sa’y-harakatlar samarasi o’laroq Imom Navaviy balog’at yoshiga yetmay turib Qur’oni karimni yodlab tugatdilar. Imom Navaviyning o’zlaridan rivoyat qilinadi, u kishi dedilar: “O’n sakkiz yoshga kirganimda otam meni Damashqqa olib bordilar. Rovahiyya madrasasida yashadim. Ikki yilga yaqin yonboshimni yerga qo’ymadim. U yerdagi taomim madrasa beradigan ozuqa edi, xolos. To’rt yarim oyda “at-Tanbeh” kitobini yodladim, yilning qolgan qismida esa “al-Muhazzab” kitobining to’rtdan birini yodlash bilan mashg’ul bo’ldim. Shayx Abu Ibrohim Is’hoq ibn Ahmadni lozim tutdim. Doim ilm bilan mashg’ul bo’lganim va odamlarga aralashmaganim uchun meni yaxshi ko’rib qoldi. Ellik birinchi yilda esa otam bilan birga haj qildim”. Imom Navaviy kechasi ham, kunduzi ham har bir vaqtlarini faqatgina ilm uchun sarflar edilar. Hattoki yo’lda yurgan vaqtlarida ham o’qiganlarini takror qilar yoki yangisini o’qir edilar. Valiyuddin Abul Hasan aytadilar: “Men oyog’imga yetgan dard sababli bemor bo’lib yotgan edim, shayx Imom Navaviy meni ko’rgani keldilar. Yonimga kelib o’tirgach, menga sabr qilish haqida gapira boshladilar. Har gapirganlarida og’riq asta-sekin ketar edi, hattoki hamma dard ketib, hech narsa qolmadi. Vaholanki men kechasi bilan og’riq sababidan uxlayolmagan edim. Shundan keyin bildimki, og’riqni ketishi shayxning barakalari sababidan ekan”.

Imom Navaviyning shogirdlaridan biri hikoya qiladi, men shayxning yeb-ichishda, kiyinishda juda e’tiborsizliklari sababli u kishiga: “Biror-bir kasallik sizni qasd qilgan narsangizga erishmoqligingizdan to’sib qolishidan qo’rqaman”, deb aytdim. Shunda menga shunday javob qildi: “Falonchi ro’za tutibdi va Allohga ibodat qilibdi, hattoki suyaklari ko’karibdi”. Shundan keyin men bildimki, ustoz bizning bu dunyoyimizga hojatlari yo’q va bizdagi narsalarga e’tibor bermas ekanlar”.

Imom Navaviy juda ko’p kitob tasnif etganlar, ularning ba’zilarini zikr etsak:

  1. “Sharhi sahihi Muslim”;
  2. Irshod”;
  3. “Taqrib va Taysir fi ma’rifati sunanil Bashir an-Nazir”;
  4. Tahzibul asmo val lug’ot”;
  5. “Tibyon fi odobi hamlatil Qur’on”;
  6. Minhoji at-tolibin”;
  7. Bo’stonil orifiyn”;
  8. “Xulosatul ahkom fiy muhimmoti sunani va qavoidil Islom”;
  9. Ravzatut tolibiyn va umdatul muftiyn”;
  10. Sharhul muhazzab”;
  11. Riyozus solihiyn”;
  12. Al-Azkor min kalami sayyidil abror”;
  13. Arba’in”;
  14. Iyjoz”;
  15. Jome’us sunna”;
  16. “Muxtasaru usdul g’oba”;
  17. At tarxis fil qiyomi li ahlil fazl”;
  18. At-Tahrir fi alfozi tanbeh”;
  19. Al-U’mda tas’hihul tanbeh”;
  20. Al-Izoh fi manosik”;
  21. Al-Fatovo”;
  22. “Manoqibush Shofe’iy”;
  23. “Adabul muftiy val mustafti”;
  24. Muxtasaru adabi istisqo”;
  25. Ruusul masoil”;
  26. Tuhfatu tullabil fazoil”;
  27. “Mas’alatu taxmisil g’onaim”;
  28. Muxtasori Taznib”;
  29. Mas’alatu niyati ig’tirof”;
  30. Daqoiqul minhoj var rovza”;


Damashqda istiqomat qilganlarida fiqh, hadis, usul, nahv kabi turli ilmlarni quyidagi ustozlardan ta’lim olganlar:

  1. Abu Ibrohim Is’hoq ibn Ahmad ibn Usmon al-Mag’ribiy.
  2. Abdurahmon ibn Nuh.
  3. Umar ibn As’ad Irbaliy.
  4. Abul Hasan Sallor ibn Hasan Irbaliy.
  5. Ibrohim ibn Iso Murodiy Andalusiy (so’ngra Misriy, so’ngra Damashqiy).
  6. Abu Is’hoq Ibrohim ibn Abu Hafs Umar ibn Muzar Vositiy.
  7. Shayx Zayniddin Abul Baqo Xolid ibn Yusuf ibn Sa’d Nobulisiy.
  8. Rizo ibn Burhon.
  9. Shayx Abdulaziz ibn Muhammad ibn Abdulmuhsin Ansoriy Hamaviy Shofe’iy.
  10. Zayniddin Abul Abbos ibn Abduddoim Maqdisiy.
  11. Abul Faraj Abdurahmon ibn Abu Umar Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Qudoma Maqdisiy.
  12. Qozi Imoduddin Abul Fazoil Abdulkarim ibn Abdussomad ibn Muhammad Haristoniy.
  13. Abu Muhammad Ismoil ibn Abu Is’hoq Ibrohim ibn Abul Yasar Tunavvihiy.
  14. Jamoliddin Abu Zakariyyo Yahyo ibn Abul Fath Soyrofiy Harroniy.
  15. Hofiz Abul Fazl Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Bakriy.
  16. Abu Bakr Muhammad ibn Nasrulloh ibn Abdulaziz.
  17. Muftiy Jamoliddin Abdurahmon ibn Solim ibn Yahyo Anboriy (so’ngra Damashqiy) Hanbaliy.
  18. Shamsiddin ibn Abu Amr.
  19. qozi Abul Fath Umar ibn Bundol ibn Umar ibn Ali ibn Muhammad Shofe’iydir.
  20. Ahmad ibn Solim Misriy.

Imom Navaviyning fiqh ilmidagi ustozlari Imom Shofe’iy (rohimahulloh)gacha, u kishidan esa ko’plab sanadlar bilan Nabiy alayhissalomgacha boradi.

Imom Navaviy rohmatullohi alayh hijriy 676-yili (milodiy 1277-yili), Rajab oyining 24-kuni, chorshanba kechasida Navo shahrida dorul baqoga rihlat qildilar va shu yerga dafn etildilar .

Bu zotning vafotlaridan butun Damashq ahli qayg’uga botdi. Imom, hofiz, faqih, muhaddis Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan al-Hizomiy al-Huvroniy an-Navaviy ash-Shofe’iy Islom olamining mo’tabar olimlaridan sanaladi.

Salimov Abdulkarim

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi