Яратилиш санаси 17.06.2023

Allohning zikri bilan qalblar orom olur

Zikrning lug‘aviy ma’nosi Allohni eslashdir. Allohni ko‘p zikr etgan bandaning qalbi poklanadi, imoni mustahkamlanadi, duolari ijobat bo‘ladi, ixlosi ortadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Qaysi bir qavm (jamoa) Allohning zikri uchun yig‘ilsa, ularni farishtalar tavof qiladilar, ularga Allohning rahmati yog‘iladi, ularning davrasiga sokinlik tushadi, Alloh ularni O‘ziga yaqin farishtalar bilan birga yodlaydi” (Muslim rivoyati).

Allohga tasbeh, takbir, tahlil aytish, hamd, shukr keltirish, duo va salavotlar aytish, Qur’on tilovat qilish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot, sadaqot va infoq qilish hamda haj va umra qilish ayni zikrdir.

Alloh taoloning zikrini ado etish uchun zokir ma’naviy jihatdan va jismoniy jihatdan pok bo‘lishi shart. Dil va til bilan bajariladigan zikrlar, masalan, tasbih, tahlil, tahmid, takbir, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yuboriladigan salavotlar va duolarni tahoratsiz, junub, hayzli, nifosli holda ham aytaverish joizdir.

Yo‘lda yurib ketayotgan va hammomda yuvinayotgan holda zikr aytish mumkin. Zikr aytuvchining og‘zi ham pok bo‘lishi zarur. Agar og‘izga najosat, masalan, mast qiluvchi ichimlik, giyohvand modda, nos va boshqa narsalar tushib qolsa, uni suv bilan yuvib poklamasdan turib zikr va duo o‘qish makruhdir.

Zikr va duo Allohga tazarru bo‘lgani uchun, eng go‘zal holda, qiblaga yuzini burgan, haqiqiy muhtoj kishilardek, yalinib-yolvorgan holda qilinsa, ijobati yaqinroq, savobi ulug‘roq bo‘ladi. Ammo har qanday holatda ham zikr va duo qilinsa joiz ekanligiga Qur’on oyati va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak hadislarida hujjat bor.

Qur’oni karimning o‘n uchta surasi 16 oyatida zikrga buyurilgan. Said ibn Jubayr: “Kishi biror amalni bajarishda Allohga itoat, Uning roziligini topish niyatida bo‘lar ekan, u zokirdir”, degan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Er yarim tunda ayolini uyqudan uyg‘otsa, ikkovlari ham ikki rakat (tahajjud) namoz o‘qisalar, “Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko‘p zikr etuvchi ayollar” (Ahzob, 35) qatoriga yoziladilar (Abu Dovud rivoyati).

Zikr paytida birov salom berib qolsa, biror odamning aksa urganini eshitib qolsa, imom xutba boshlab qolsa, muazzin azon aytib qolsa, birov chaqirib qolsa, birovga yordam berish kerakligini bilib qolsa, uyqu g‘olib kelsa, shu ondayoq zikrni to‘xtatib, zarur ishni bajarib oladi, keyin joyiga qaytib kelib, zikrni kelgan joyidan davom ettiradi.

Xulosa qilib aytganda, zikr biror ibodat yoki solih amal qilayotgan bandaning Alloh bilan qalban bog‘liqligidir. Zokirlar esa “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur” (Ra’d, 28).

Nurullayev Fozilxo'ja

“Hidoya” o'rta maxsus 
islom bilim yurti talabasi