Яратилиш санаси 06.07.2023

SHUKR QILISH OLIY FAZILATI

Alloh taolo O‘zining fazlu karami ila inson zotini aql va idrok sohibi qilib yaratdi va unga behisob ne’matlarni ato qilib, ulardan bahramand qildi. Shu bilan bir qatorda O‘zining ne’matlariga shukr aytishga ham buyurib, kalomida shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda qilish va’dasini berib, shunday deydi:
“Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar) ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”.
Islom ta’limotida ne’matlarga shukr qilish ulug‘ fazilat va yuqori daraja deb alohida qayd qilingan. Bu haqda Abdulloh ibn Abbos (r.z.) shunday degan ekan:
“Shukr qilishlik imonning yarimidir”. Buyuk bobokalonimiz Qaffoli Shoshiy o‘zining mashhur “Javomi ul-karim” kitobida keltirgan Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning “Ne’matlar haqida gapirishlik shukr qilishlikdir” deganlar. Ne'matning salmog‘iga yarasha shukr lozimdir. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda "alhamdu lillah" deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne'matlar ham borki, ularning shukrini ado etishda til bilan aytilgan hamdning o‘zi kifoya qilmaydi. Masalan, namoz, ro‘za kabi ibodatlarni ado qilish jism ne'matining shukri bo‘lsa, farzand ne'matining shukri ularni iymon-e'tiqodli, pok vijdonli, vataniga sadoqatli qilib voyaga yetkazishdir.

Tinch-xotirjam hayotimiz farovon o‘tayotgan kunlarimizning qadriga yetish uchun shukr qilib, eng avvalo hushyor bo‘lishimiz lozimligini, ana shu ne’matlardan ayirmoqchi bo‘lgan turli g‘arazli kuchlar, nopok toifalarning nayranglaridan hamisha ogoh bo‘lib, ularga munosib javob qaytarish kerak. Inson turli hiyla va aldovlarga aldanib, pirovardida oilasidan, yaqinlaridan, tinchligidan ajralib qolgan kishilar qismatiga nazar solsa bu kunlarimizga qanchalar shukr keltirishligimiz lozimligini anglab yetamiz.

Bugun ko‘p do‘stlarimizni yoru-birodarlarimizni noshukrlik qilib noliyotganliklariga guvoh bo‘lamiz. Etti muchali sog‘ odam bugun hamyonida mablag‘i yo‘q bo‘lsa, shunga nolishi kerakmi endi? Borib, shifoxonalarda qo‘l - oyog‘i yo‘q, yoki xastalanib, ajalini kutib yotgan bemorlarni ko‘rsinlarda qanday buyuk ne’mat sohibi ekanliklarini his qilsinlar. 

Uy-joylari eskirib qolganiga noliyotganlar esa, uy-joysiz, ijarami-ijara yoki olisda Vatangado bo‘lib yurganlarni ko‘rsinlar.

“Markabim eski” deyotganlar markabi yo‘qlarga, “Men markabsiz yuribman” deganlar esa oyog‘i yo‘qlarga nazar solib, qanday ne’matlar ichra yurganlarini his qilsinlar. SHunday yurtda tinch-omon tong ottirayotganliklariga shukr qilsinlar, zero, e’tibor berib qarasangiz, bugun o‘zga yurtlar boshida qora bulutlar sang‘ib yurganiga, ular tinchlikni butunlay yo‘qolganiga guvoh bo‘lasiz.

Banda ikki qoidani bilib olishi kerak, ya’ni bir insonga ikki qanot kerak, bilasizmi u nima? Biri shukr, ikkinchisi sabrdir. Masalan: mashaqqat ustida sabr qilib, boriga shukr qilsak, Alloh taolo O‘zining fazli ila engillikni ato qiladi. Engillikda ham shukr qilsak, Alloh yanada ziyoda qiladi. Bizning hamyonimiz sabr va shukr bo‘lsin. 

Qarang, Yurtimiz tinch. O‘qishga, ishga ketayotgan odamning ota-onasi nima deydi? «Bolam, yaxshi o‘qib kelgin», «O‘g‘lim, ishing baroridan kelsin» yoki «Yaxshi borib kelgin» deyishadi.

Alloh taolo aziz yurtimizni tinch, hayotimizni yanada farovon aylab, barchamizni o’ziga shukr qiluvchi solih bandalardan bo’lishimizni nasib aylasin.

Nasritdinov Rivojiddin 

bilim yurti Yoshlar bilan ishlash,
ma'naviyat-ma'rifat bo'limi boshlig'i