“Mavlidun-Nabiy” muborak
Ma’lumki, biz kutgan Rabiul avval oyi ham kirib keldi. Xabaringiz bor, har yili Rabiul-avval oyida dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar. U ham bo‘lsa “Mavlidun-Nabiy”, ya’ni Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning tavallud kunlaridir. Bu oyda barchalarimiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg‘ambari etib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning muborak tarixlari va turmush tarzlarini yanada kengroq o‘rganishimiz, har ishda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishni bir-birimizga yanada ko‘proq targ‘ib qilishimiz kerak bo‘ladi. CHunki Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat va hidoyat nuri qilib yubordi. U Zot sababli insoniyatni zulmatlardan nurga chiqardi. U Zotni bu dunyoda hidoyat yo‘lboshchisi qildi. U Zot sallallohu alayhi vasallam keltirgan din va undagi ko‘rsatmalar barcha olamlarga – insonlar va hayvonlar olamiga ham, jamodot va nabotot olamiga ham mehr-muhabbat, rahm-shafqat manbaidir.
Alloh taolo O‘zining Kalomida:“(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, deya ta’kidlagan (Anbiyo surasi 107-oyat).
Rasulullohning mana shunday olamlarga rahmat va barcha insoniyatga mehribon va jonkuyar ekanliklarini bilish uchun bu Zot alayhissalomning muborak tarixlari, turmush tarzlari, odob-axloqlari, mehr-oqibatlari, ezgulik va fazilatlaridan xabardor bo‘lishimiz kerak.
Darhaqiqat, dunyo tarixida U Zotdek kishilarga marhamatli, mehribon inson bo‘lgan emas. Nabiy alayhissalomning ayollari Oisha raziyallohu anho onamiz aytadilar: “Bir kuni Nabiy sallallohu alayhi vasallamni xursand holda ko‘rib, U Zotga: “Ey, Allohning Rasuli! Meni duo qiling”, dedim. SHunda U Zot: “Ey, Alloh! Oishaning o‘tgan va kelajakda bo‘ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qildilar. Oisha onamiz (bu duodan quvonib) shunday kuldilarki, xursandliklaridan boshlari Rasulullohning tizzalariga tushdi. SHunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Duoim seni quvontirdimi?” – deb so‘radilar. “Sizdek zotning duosi meni quvontirmasmidi?!” – dedilar Oisha onamiz. SHunda Sarvari olam: “Allohga qasamki, bu mening ummatim uchun har bir namozimda qiladigan duoimdir!” – dedilar” (Imom Bazzor rivoyatlari).
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning shaksiz qabul bo‘ladigan duosi bo‘ladi. Barcha Nabiylar o‘z duolarini (bu dunyoda) qilib bo‘ldilar. Men o‘z duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo‘lishi uchun berkitib qo‘yganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk keltirmay vafot etganlarga, albatta etguvchidir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam liboslarini o‘zlari yamab, gohida sut ham sog‘ar edilar. Oisha onamiz raziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘ylaklarini yamar, oyoq kiyimlarini tikar, er kishi uyda qiladigan barcha ishlarni bajarar edilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Nabiy alayhissalom insonning vujudi, kiyimi va unga xos narsalar pokligi bilan birga, uning atrofidagi narsalar ham ozoda bo‘lishiga katta ahamiyat berar edilar. U Zotning o‘zlari bu borada barchaga o‘rnak edilar.
Bundan boshqa Payg‘ambarimiz alayhissalomning rostgo‘yliklari, amonatdorliklari, adolatli hukm chiqarishlari, sabr-bardoshli, halim, ochiq chehrali ekanliklari, jufti halollari bilan chiroyli muomala va munosabatda bo‘lishlari kabi son-sanoqsiz go‘zal xulqlari mavjud. Qolaversa, Alloh taolo Rasulullohning xulqlarini madh etib, shunday marhamat qilgan: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi 4-oyat). Ushbu maqtov oddiy maqtov emas. Balki u olamlarning Robbisidan kelgan maqtovdir. Zero, hech bir inson bunday sharafga erishgan emas. Alloh maqtab turgan shaxsni biz qancha sifatlasak yoki go‘zal xulqlarini aytsak-da, uni haqqini ado qila olmaymiz va tillarimiz ojizligicha qolaveradi.
SHunday ekan, biz ummatlar imkon qadar har bir fe’lu atvorimizda va o‘zgalar bilan muomala va munosabatimizda suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘rnak va namuna olsak, ayni muddao bo‘lar edi.
Biz ummat o‘laroq insoniyatning eng buyugi – suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari, sunnatlari, go‘zal shamoillari va yuksak axloqlarini qunt bilan o‘rganishimiz va yosh avlodlarga o‘rgatishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Alhamdulillah, hozirda Habibimiz alayhissalomning muborak siyratlariga bag‘ishlangan turli-tuman kitoblar nashr etilgan. Biz oila a’zolarimiz davrasida shu kitoblardan mutolaa qilishni joriy qilaylik. Farzandlarimiz qalbida Nabiy alayhissalomga nisbatan muhabbatni uyg‘otaylik.
Abrorxo’ja Rashidov
Bilim yurti xodimi