Hazrati Nuh alayhissalomning Alloh taologa ko’rsatgan odoblari
Hazrati Nuh alayhissalom o’zlarining qavmlarini hidoyatga boshlash uchun to’qqiz yuz ellik yil harakat qildilar. Lekin qavmlari o’zlarining adashuv, beodoblik, baxtsizliklarida qaysarlik ila qattiq turib oldilar. Alloh taolo ular haqida:
إِنَّهُمْ كَانُوا قَوْمًا عَمِينَ
Ular (qalbi) ko'r kishilar edi. (a’rof surasi, 64-oyat), deya ta’kidladi.
Bir safar qavmining ozorlaridan tushkunlikka tushgan Nuh alayhissalom shunday duo qildilar:
نُوحٌ رَبِّ لا تَذَرْ عَلَى الأرْضِ مِنَ الْكَافِرِينَ دَيَّارًا
"Ey, Rabbim, yer yuzida kofirlardan birorta (tirik) yuruvchini qoldirmagin. (Nuh surasi, 26-oyat).
Alloh taolo o’zining suyukli payg’ambarining duosini qabul qildi va kema yasashliklari, tez orada to’fon kelishi, u kishi va ahllari bu to’fondan najot topishi lekin kofirlardan esa nom-nishon qolmasligini bildirib vahiy nozil qildi.
Nuh alayhissalom kema yasab, unga odamlarni chiqardilar. Bir o’g’illariga kemaga chiqishni buyurganlarida u qaysarlik qilib turib oldi va kemaga chiqishdan bosh tortdi. Nuh alayhissalom unga necha martalab tushuntirishlariga qaramay o’g’illari otasining ko’rsatgan yo’liga yurmadi. Shunday qilib u to’fonda qolib, g’arq bo’ldi. Shunda otalik shafqati jo’sh urgan Nuh alayhissalom Alloh azza va jallaga shunday nido qildilar:
رَبِّ إِنَّ ابْنِي مِنْ أَهْلِي وَإِنَّ وَعْدَكَ الْحَقُّ وَأَنْتَ أَحْكَمُ الْحَاكِمِينَ
"Rabbim! O'g'lim mening ahlimdan. Sening (oilamni saqlashga bergan) va'dang esa haq va Sen hukm qiluvchilarning eng donosi (va odili)san". (Hud surasi, 45-oyat).
Bu nidoning har bir lafzi Alloh taologa nisbatan odobning yorqin namunasi sanaladi. U kishi Alloh taologa “mening o’g’lim cho’kib ketdi yoki sening va’dang haq emas ekan”, demadilar (balki yuqoridagi oyatda aytilganidek odob bilan yondashdilar). Shunda Alloh taolo javoban shunday dedi:
يَا نُوحُ إِنَّهُ لَيْسَ مِنْ أَهْلِكَ إِنَّهُ عَمَلٌ غَيْرُ صَالِحٍ فَلا تَسْأَلْنِي مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنِّي أَعِظُكَ أَنْ تَكُونَ مِنَ الْجَاهِلِينَ
"Ey, Nuh! U sening ahlingdan emas! Albatta, u (uning qilgani) yaxshi ish emas. Bas, Mendan o'zing (yaxshi) bilmagan narsani so'ramagin!Men senga johillardan bo'lishingdan (qaytarib) nasihat qilaman". (Hud surasi, 46-oyat).
Alloh taoloning bu tanbehidan so’ng Nuh alayhissalomning badanida titroq uyg’ondi va shunday dedi:
رَبِّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ أَنْ أَسْأَلَكَ مَا لَيْسَ لِي بِهِ عِلْمٌ وَإِلا تَغْفِرْ لِي وَتَرْحَمْنِي أَكُنْ مِنَ الْخَاسِرِينَ
(Nuh) aytdi: "Rabbim! Men Sendan o'zim (yaxshi) bilmagan narsani so'rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lurman". (Hud surasi, 47-oyat).
Alloma Shabbir Ahmad Usmoniy ushbu oyatning tafsirida shunday yozadilar: “Nuh alayhissalom titrab ketdi va tavba qildi. Nuh alayhissalom: “Men bunday qilmayman. Mening talabim amalga oshmadi”, deb beboshlik qilmadilar. Bandaning qo’lidan nima ham kelardi?! U bunday vaziyatda yana bunday holatni qaytarmaslikni diliga qat’iy tukkan holda Alloh taolodan mag’firat so’rashi lozim bo’ladi.
Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblaridan tarjima qilindi.
Muhammad Ibrohim Isoqjonov
Bilim yurti oʻqituvchisi