Яратилиш санаси 23.09.2023

Imom Buxoriy ilmiy merosining ahamiyati (1-qism)

Muhaddislar sultoni Imom al – Buxoriyning to’liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al – Mug’iyra ibn Bardizbah[1] al –Buxoriy al – Ju’fiy[2] bo’lib, u shayx al –islom va Imom al –Xuffoz nomlari bilan mashhur bo’lgan. Shuningdek, u hadisda “mo’minlarning amiri” unvoniga sazovor bo’lgan. Muhammad al – Buxoriy hijriy 194 yil 13 shavvolda /milodiy 810 yil 20 iyulda jum’a kuni Buxoro shahrida ziyolilar oilasida dunyoga keldi. Shuning uchun, unga al – Buxoriy sifati berilgan. U o’rta bo’yli, ozg’indan kelgan, bug’doy rangli odam bo’lgan.

Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriyning bobosi Badrizbahni al – Axnaf ismi bilan ataganlar. Axnaf bu eng aqlli, dono kishilarga berilgan nisbatdir.

Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriyning otasi Ismoil muhaddis bo’lgan. Lekin ko’p rivoyat qilganlar qatoriga kirmaydi. Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy otasini “at – Tarix al – Kabir” kitobida zikr qilib o’tgan. Shuningdek, Ibn Xibbon “as - Siqot”  kitobida keltirib o’tadi. Ismoil Xammod ibn Zayd va Abdulloh ibn al – Muborak al – Marvaziy(736 – 797) bilan ko’rishgan hamda ulardan ta’lim olgan. Ismoil faqih, muhaddis, molikiylik mazhabining asoschisi Molik ibn Anasdan (713 – 795) hadis tinglashga musharraf bo’lgan. 

Ismoil ilm bilan shug’ullanishdan tashqari tijorat bilan mashg’ul bo’lardi. U farzandlari kamchiliksiz hayot kechirishlari uchun kattagina meros qoldiradi. Ismoil vafoti chog’ida shunday deydi: “Men nimani ishlab topgan bo’lsam, faqat haloldan kelgandir. Zarracha ham harom va shubhali narsa aralashtirmadim”.

Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy chaqaloqlik paytida otasi vafot etadi. U akasi Ahmad bilan yetim qoladi. Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy ulg’ayib voyaga yetishishida onasining xizmati katta va beqiyos bo’lgan. Onasi o’z davrining oqila ayollaridan bo’lgan. Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy mukammal ilm olishi uchun qo’lidan kelgan barcha yordamni ko’rsatgan. Uning yoshligida ko’zlari ko’rmay qoladi. Onasi juda ko’p duo va iltijolar qilib, Allohdan farzandiga sihat – salomatlik so’raydi. Kunlardan bir kun onasi tushida Ibrohim (a.s.) ni ko’radi. Ibrohim (a.s.) Muhammad ibn Ismoilning onasiga shunday deydi: “Ey ayol! Alloh yolvorib qilgan duolaringni qabul qildi. Alloh o’g’lingni ko’z nurini qaytarib berdi ”. Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy ertalab uyqudan uyg’onganda ko’zlari yana ko’ra boshlaydi[3]. Biroq, Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriyning ko’zi yoshligida nima sababdan ojiz bo’lib qolganligi haqida aniq ma’lumotlar uchramaydi.

Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy yoshligidan ilmga chanqoq bo’lgan. U ilk ta’limini onasidan oladi. Hali balog’at yoshiga yetmasdan Qur’oni Karimni yod oladi va arab tilini o’rganadi. Bunga qo’shimcha o’laroq, onasi unga hadisdan ham dars beradi. Shuning uchun bo’lsa kerak, Muhammad hadislarga va hadis ilmiga ishtiyoqi cheksiz bo’lgan. Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy shunday degan: “Men bir oyda 500 dirham foyda ko’rardim. Barchasini ilm o’rganish yo’lida sarf qilardim. Alloh xuzuridagi narsa yahshi va boqiydir”.

Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy o’zining ilmga bo’lgan qiziqishi tufayli qisqa vaqt ichida nom chiqaradi. U boshlang’ich maktabdan boshlaboq ilmiy davralarga qatnashib, o’z bilimi va ko’nikmasini boyitib borar edi. U yoshligidan hadislarni yodlash bilan kifoyalanmay, balki ularni “sahih” va “g’ayrisahih”larga ajratish, illatini aniqlash, hadis roviylarini o’rganib, taxqiq qilish[4], roviylar silsilasini o’rganish, roviyning hayoti, yashash joyi, tug’ilgan va vafot etgan yillarini o’rganish, roviylarning bir – biri bilan o’zaro bog’liqligi, uzilishlar bo’lgan holatlarni aniqlsh, hadis ilmining turli masalalarini tadqiq etish, ularni jamlash va Qur’on oyatlari bilan uzviy bog’liqlikda o’rganish kabi masalalar bilan qiziqdi.

Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy zehni o’tkir, xotirasi kuchli, juda uquvli, tez yodlab olishi bilan birgalikda zakovatli, fatonatli, iqtidorli, keng tafakkurli va istagan narsasini juda tez esga olib takrorlashi bilan tengdoshlari orasida o’xshashi yo’q edi. U 10 yoshdanoq hadis tinglashni boshlaydi va 15 yoshigacha 70 minga yaqin hadisni yod oladi. U o’zi haqida shunday deydi: “Men boshlang’ich maktabda o’qib yurgan kezlarimdayoq hadis yodlash menga ilhom qilindi”[5].

[1] “Bardizbah”Buxorocha ism bo’lib, ma’nosi qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanuvchi odam, ya’ni dehqon.( Qarang: al – Amir Abu Nasr ibn Mokulo. Taxzib al – asmo val - lug’at. 1 – jild, - B. 67; Vafoyot al –a’yon. 4 – jild. – B. 190.)

[2] Imom al – Buxoriyning bobosi Bardizbah majusiy bo’lgan. Uning o’g’li al –Mug’iyra ibn Bardizbah Buxoro voliysi Yamon al Ju’fiy dalolati bilan islom dinini qabul qilgan. Shuning uchun, Muhammad al – Buxoriyga al – Ju’fiy sifati berilgan. (Qarang: al – Xatib al –Bag’dodiy. TArix Bag’dod. 2 – jild. – B. 6) 

[3] Shamsiddin Muhammad ibn Axmad ibn Usmon az – Zahabiy. Siyar  a’lom an – nubalo .12 – juz.  – Bayrut: Muassasat ar – risola, 1992. – B. 393. 

[4] Taxqiq qilish: bu o’rinda : shaxsini aniqlash.

[5] Muhammad Abu Zaxv. Al – Hadis val – Muhaddisun. Bayrut.: dar al – Kitob al – arabiy, 1984. B. 353.

Muhiddinov Muzaffar

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi