Яратилиш санаси 06.10.2023

TINCHLIKNING QADRIGA YETAYLIK!

Dunyoda shunday bir buyuk ne’mat borki, boshqa barcha ne’matlarning asosi bo’lib xizmat qiladi. Alloh taolo o‘z bandalariga bergan bu bebaho ne’mat tinchlik hisoblanadi. Darhaqiqat, Islom dini, uning nomidan ham ma’lumki, tinchlikni targ‘ib qiluvchi, osoyishtalikka da’vat etuvchi din hisoblanadi. Alloh taolo o‘z bandalarini o‘zaro bahamjihatlikka, do‘stlik va hamkorlikka, tinchlikka da’vat etib: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!”[1] degan. Yaratganning ushbu muborak kalomidan ham tinchlikning naqadar bebaho, insonning ma’naviy-axloqiy, ilmiy va aqliy rivojida benazir ahamiyatga ega ekanligini bilib olishimiz mumkin.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, barcha ilmiy yuksalishlar, Sharqda va Gʻarbda yuz bergan Uyg‘onish davrlarining asosida tinchlik omili turganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, IX-XII asrlardagi birinchi Sharq Renessansi, Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan sohasidagi taraqqiyotga mamlakatda o‘rnatilgan osoyishtalik asos bo‘lib xizmat qildi.

Ushbu ne’matning qadrlanmasligi, asrab-avaylanmasligi natijasida esa jamiyatlar, qudratli saltanatlar tanazzulga yuz tutgan, ming-minglab insonlarning hayoti barbod bo‘lgan. Birgina XX asrda yuz bergan ikkita jahon urushlari oqibatida insoniyat o‘z tarixida mutlaqo ko‘rmagan azob-uqubatlarga, vayronagarchiliklarga duchor bo‘ldi. Allohning kalomi – Qur’oni karimda tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, unga shukronalik keltirish borasida Yaratguvchi shunday deb marhamat qiladi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur”[2]. 

Aytish munkinki, bugun bir mamlakatdagi osoyishtalikni barbod etish uchun qurol bilan emas, g’oya bilan, mafkura bilan hujum uyushtirish eng samarali usullardan biri ekanligi tobora oydinlashib bormoqda. Bugungi globallashuv davrida, mafkuraviy xurujlar butun dunyo uchun xavfli bo‘lib bormoqda, turlivayronkor kuchlar yoshlar ongini nomaqbul g‘oyalar bilan zararlashga harakat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan muqaddas Islom dinidagi tinchlikka, yaxshilikka da’vat etuvchi tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilayotgan, ushbu tushunchalardan o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanuvchi kuchlarning xatti-harakatlari, dinni obro‘sizlantirishga qaratilgan g‘oyalariga qarshi immunitetni shakllantirish, mustahkam ma’naviy makonni shakllantirish  masalasi har qachongidan ham muhimdir. Bu jarayonda tinchlikni asrab-avaylash, uning mohiyatini butun jamiyat ongiga singdirish yanada dolzarb ahamiyatga egadir.

Nosirov Muzaffar

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi