Яратилиш санаси 17.10.2023

Suls xati

Aholining ijtimoiy sharoiti va san’atning gullab-yashnashi bilan kalligrafiya talablari yana oshdi. Endilikda bir-biriga asosan o‘xshash bo‘lgan xat turlaridan sezilarli farq qiluvchi yangi xat turiga ehtiyoj tug‘ildi. SHu yo‘sinda suls xati vujudga keldi. Xatning bu turi masjid va madrasalar peshtoqlarini bezay boshladi. Suls xati boshqa arab xatlaridan o‘zining qiyinligi, harflarining tuzilish jihati va shakllarining go‘zalligi hamda o‘ta chiroyi bilan ajralib turadi. Bu xat qoidalari boshqa xatlar qoidalaridan biroz jiddiy va mukammal hisoblanadi. Suls xati “Xatlar onasi” deb ham nomlanadi. Xat III hijriy asr oxirida paydo bo‘lgan. “Ibrohim Shajariy o‘zining o‘tkir qalami bilan tumor varaqi parchasiga yozishlik uchun ikki  yangi xatni ixtiro qildi, birini “Suls”, birini esa “Sulusiyn” xati deb nomladi”. Suls xati qoidalariga eng birinchi mukammal e’tibor qaratgan shaxs Ibn Muqilla hisoblanadi. Ibn Muqilladan so‘ng Ibn Bavvob kunyasi bilan mashhur Ali ibn Hilol suls xati qoidalariga kerakli bo‘lgan qoidalarni qo‘shdi. Ulardan keyingi suls xati bilan mashhur bo‘lgan Yoqut Mu’tasimiydir. Bu xattotlardan so‘ng suls xatini davom ettirgan va shu xat bilan shuhrat topgan xattotlar faqatgina yuqorida kelgan xattotlar shogirdlari bo‘lib qoldi. Hozirda ham bu xat borasida o‘rganiladigan bo‘lsa, asl qoidalar Ibn Muqilla, Ibn Bavvob va Yoqut Mu’tasimiylarning shogirdlari va bizga qoldirgan ma’lumotlariga murojaat qilinadi.

Suls xati – harflarni bir-birining oralariga joylab, san’atkorona kompozitsiyalar tuzish yo‘li bilan har xil chiroyli shakllar yasash imkoniyati bo‘lgani bilan ajralib turadi. Bu xatda bezak belgilar ham katta ahamiyat kasb etadi. Suls – bir narsaning uchdan bir hissasi yoki uchinchi hissasi, demakdir. Suls xati deyilishiga sabab shuki, bunda qalamning uchinchi hissasi ishlatiladi yoki suls xati ta’limida qalamning uchdan bir hissasi ko‘proq ishga solinadi. Mazkur yozuv uslubida “alif”, “dol”, “lom” harflari gajakli bo‘ladi. Boshlanishda tikka chiziqlarning uch qismi changaksimon boshlanib, oxiri nafis burama bilan tugaydi.
Suls xati egiluvchan, yumshoq qayishqoq xat hisoblanib, xattot bu orqali harflarga shakl berish va chiroy bilan yozishda keng imkon beradi.

Suls xati  “sulsu odiy” va “sulsu jaliy” qismlarga bo‘linadi.

Sulsu odiy. Sulsu odiy xati miqdor jihatidan 4 millimetr o‘lchamida va satrlarda oddiy bir xil o‘lchamda yoziladi. Qur’on karim suralarining boshlarida, kitoblarning kirish qismida va Qur’oniy va boshqa fanlar lavhalarida ham asosiy foydalaniladi.

Sulsu jaliy. Sulsu jaliy xati miqdor jihatidan 8 millimetr o‘lchamida va asosan tuxumsimon va doira, satrlarda esa, o‘ta murakkab shakllarda  yoziladi. Bu xat turi harflar va ko‘rinish murakkabligi bilan boshqa xatlardan ajralib turadi. Qur’oniy lavhalar va murakkab shakllarni yozishlikda foydalaniladi.

Abdurahimov Bahromjon

"Hidoya" o'rta maxsus islom 
bilim yurti o'qituvchisi