Яратилиш санаси 18.10.2023

Takfirda ulkan xatar bor

Eʼtiqodimizga koʻra, agar biror kishi Alloh taolo harom sanagan narsani halol, halolni harom demas ekan uni kofirga chiqarilmaydi. Afsuski hozirgi kunda oʻzini musulmon sanayotgan va halolni halol, haromni harom deyayotgan moʻminlarni baʼzi bir adashgan firqalar tomonidan kofirga chiqarish, yaʼni takfir masalasi uchrab turibdi. Aslida takfir nima degani? Va buning islom shariatidagi taʼrifi va hukmi qanday?

Bu ibora arabcha “kufr” so‘zi o‘zagidan olingan. Lug‘atda “inkor qilish”, “yopish”, “kaffo­rat berish” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa mo‘min kishini asossiz sabablar bilan kofirga chiqarish demakdir.

Musulmonni kofirga chiqarishning gunohi juda katta. Bu haqida paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ»

(رَواهُ الإمامُ البُخاري عن ثابتٍ بنِ الضَحَّاكِ رضي الله عنه)

Yaʼni: Kim moʻmin kishini kofirga chiqarsa uni oʻldirgandek (gunohkor) boʻladi. (Imom Buxoriy rivoyati)
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: “Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi”, – deganlar. Moʻminni qasddan oʻldirishning jazosi esa jahannamda abadiy qolish ekani Qurʼoni karimda ochiq oydin taʼkidlangan. 

وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا

Yaʼni: Kimda - kim qasddan biror moʻminni oʻldirsa, bas uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. (Niso surasi 93-oyat)

Takfirning xatarlaridan yana biri quyidagi hadisda bayon qilinadi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Ulamolarimiz biror kishining 99 ta belgisi kufrga dalolat qilib tursayu birgina sifati islomga dalolat qilib tursa uni kofir deyishdan qaytarganlar. Kimnidir kofirga chiqarayotgan kimsalar bu bilan nimaga erishadi? Nima foyda topadi? Takfir masalasi ochiq-oydin zalolatdir va bu insonni tahqirlashdir. Buning ortidan katta-katta fitnalar kelib chiqishini hisobga olsak, takfir oʻta katta gunohdir. Chunki Alloh taolo: 

وَٱلۡفِتۡنَةُ أَشَدُّ مِنَ ٱلۡقَتۡلِۚ

Yaʼni: Fitna oʻldirishdan ham yomonroqdir (Baqara surasi 191-oyat) degan.
Moʻminni garchi u gunohi kabira qilgan boʻlsa ham modomiki, uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi. Shunday ekan, parokandalik keltiruvchi va oʻta xatarli boʻlgan takfirdan Alloh taolo barchalarimizni oʻzi oʻz panohida saqlasin. Omin!

Abdurashidov Abdulvahhob 

"Hidoya" o'rta maxsus 
islom bilim yurti xodimi