Яратилиш санаси 18.10.2023

RADIKALIZM NIMA O`ZI?

Radikal so`zi lotin tilidan olingan bo`lib, lotincha “radix” so`zi “ildiz” degan ma`noni bildiradi, ya`ni, tub, qatiy va keskin choralar, harakatlar, dasturlar tarafdoriga nisbatan bu atama ishlatiladi. 

Radikalizm – muayyan shaxs yoki guruhning mavjud ijtimoiy, siyosiy va madaniy holatini tubdan va murosasiz o‘zgartirish istagidan iborat jarayondir. Radikalizm jarayonlari diniy yo‘nalishda ham kuzatilishi mumkin. Bunda shaxs o‘z diniy e’tiqodini haq deb bilib, o‘zgacha e’tiqodiy qarashlar va fikrlarga murosasiz va keskinlik asosida yondashadi hamda ularni zo‘rlik yo‘llari bilan o‘zgartirish tarafdori bo‘ladi. Bu holat ko‘pincha jamiyatda mavjud turli diniy konfessiyalarlarga keskinlik bilan yondashish, bir din doirasidagi o‘zga mazhab yoki qarashlarni murosasiz inkor etish hamda ularni raqib sifatida qabul qilishda namoyon bo‘ladi.

Radikalizm umume`tirof etilgan an`analarga butunlay zid munosabatda bo`lib, keskin harakatlarni yoqlab chiqadi. Tarixda bu atama mo`tadil islohotlar tarafdorlariga nisbatan ham qo`llangan. Hozir qator so`l siyosiy partiyalarga nisbatan ham radikalizm tushunchasi qo`llanadi.           

Oʻrta asrlar soʻnggi va Yangi davr boshida radikalizm demokratiya shiorlari bilan chiqdi. Uning tarafdorlari notabiiy ijtimoiy munosabatlar va sharoitlarni radikal tarzda oqilona tartiblar bilan almashtirish gʻoyasini ilgari surdi. 

Hozirgi davr radikalizmga xos boʻlgan xususiyatlardan biri ijtimoiy hayotning ham nazariy, ham amaliy muammolarini hal qilishda zoʻrlik usulidan foydalanishga moyillikdir.  Tinch yoʻl bilan hal qilish mumkin boʻlgan oddiy muammolarni yechishda ular kuch, zoʻravonlikdan foydalanishga intiladi. Tarixning burilish nuqtalarida, tanglik yuz bergan holatlarda radikalizm avj oladi.

Sobiq shoʻrolar tuzumi oʻrnida tashkil topgan mustaqil davlatlar hududida rivojlanishning dastlabki bosqichida radikal oqimlar paydo boʻla boshladi. Bu oqimlar baʼzi mamlakatlarda fuqarolar urushini keltirib chiqardi. Uning koʻpchiligida siyosiy radikalizm diniy niqob ostida namoyon boʻldi. Ular islom davlati qurish, xalifalikni qayta tiklash shiorlari bilan chiqib, jamiyatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy rivojini toʻxtatishga, bu jarayonni ortga – oʻrta asrlarga qaytarishga intilayotgani oʻta xatarlidir. Diniy aqidaparastlik ham radikalizmning bir koʻrinishi hisoblanadi. Diniy radikalizmning mazmun-mohiyati radikalizmning boshqa koʻrinishlari kabi oʻziga mos kelmaydigan boshqa har qanday oqim va qarashlarga nisbatan murosasizlikda, jamiyat taraqqiyotiga zid, gʻayriinsoniy gʻoya va qarashlarni ilgari surishda namoyon boʻladi.

Radikalizm tushunchasi va uning tarixi haqida ma`lumotlarga ega bo`lib oldik. Endi muqaddas islom dinimizning bunday g`oyalarga qarshi ekanligi xususida so`z yuritamiz.

Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining asosini tashkil etadi. Ammo bugungi kunda dinni niqob qilib, uning nomidan ish olib borishga intilayotgan ekstremistik va terrorchi oqimlarning chirkin faoliyati muqaddas islom dini va tinchliksevar musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Makka davrida Payg‘ambar (alayhis-salom) va sahobiylar Alloh taoloning: 

«(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!», (Nahl, 125) degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar. 

Taassufki, hozirda ekstremistik va terrorchi oqimlarning mutaassiblik bilan yo‘g‘irilgan g‘arazli maqsadlari yo‘lidagi bosqinchilik urushini «jihod» deb e’lon qilishi va bu yo‘lda o‘zini portlatgan va boshqa begunoh insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan kimsalarni «shahid» deb atayotganlari dinimiz ta’limotlariga mutlaqo ziddir. Vaholanki, islom dinida jon ne’matiga Allohning eng buyuk va qadrli ne’matlaridan biri, deb qaraladi. Bu ne’matning qadriga yetmaganlarga ulkan azoblar borligi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab ko‘rsatmalar kelgan. 

Jumladan, Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda shunday deyiladi: Alloh taolo marhamat qilurki: "Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, Mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim»

Shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Muslimdan rivoyat qilingan yana bir hadisda ham shunga oid masala bayon etilgan. Unda aytilishicha,«Kimki o‘zini tog‘ tepasidan tashlab o‘ldirsa, o‘lgandan keyin ham jahannamda shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O’zini suvga tashlab yoki osib yoki kuydirib o‘ldirgan kishilarning hukmi ham uning hukmi bilan barobardir»

Yuqoridagi hadislar faqat o‘zini o‘ldirgan kimsa haqida bo‘lsa, o‘zi bilan birga begunoh insonlar o‘limiga sabab bo‘layotgan shaxslarning gunohi undanda og‘irroq bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi: «Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay», (Niso, 93).

   Muhammad (alayhis-salom) Makkadan Madinaga kelganlaridan so‘ng qilgan dastlabki ishlaridan biri musulmonlar jamoasi va hududdagi turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro tinch-totuv yashashni ta’minlashga qaratilgan shartnoma tuzish bo‘lgan. 622 yilda tuzilgan bu shartnoma «Madina sahifasi» nomi bilan mashhur bo‘lib, unda yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar o‘zaro hurmat asosida yashash, ularning o‘z diniy e’tiqodini amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilmaslik, kabi muhim masalalar o‘rin olgan edi. Islom dini hamma davr va har qanday vaziyatda tinch-totuvlikning barqaror bo‘lishidan manfaatdor bo‘lganini uning tarixi ham namoyon etadi.

So`zimiz nihoyasida Liviyalik olim doktor Aliy Sallobiyning haqiqiy musulmon bilan radikal musulmonning farqini ajoyib tarzda tushuntirib bеrgan qarashlarini keltirib o`tishni lozim, deb topdik:

1. Haqiqiy musulmon o‘z iymoni bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Radikal musulmon birovlarning iymoni bilan mashg‘ul bo‘ladi.

2. Haqiqiy musulmon o‘zini va boshqalarni jannatga kirishi uchun harakat qiladi.

Radikal musulmon boshqalarni do‘zaxiy ekanini isbotlashga harakat qiladi.

3. Haqiqiy musulmon kishilarning xato va toyilishlarini kеchirish uchun uzr qidiradi.

Radikal musulmon esa insonlarni jazolash va ularni gapirib yurish uchun ularning xatolari, ayblari va toyilishlarini qidirib yuradi.

MEN RADIKALIZMGA QARSHIMAN!
BIZ RADIKALIZMGA QARSHIMIZ!

ARABBOYEV ELSHODBEK

“Hidoya” o'rta masxsu 
slom bilim yurti talabasi