Oʻzbek tili tarixi, buguni va kelajagi
Oʻzbek tili (Oʻzbekcha) — Oltoy tillaritillari" oilasining turkiy tillar turkumiga kiruvchi til. Ushbu til "Oʻzbekiston Respublikasi" Konstitutsiyasiga muvofiq davlat tili hisoblanadi.
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni
Butun yer yuzi 50 milliondan ziyod (2021)
2. Afgʻoniston 3 million atrofida (2021)
3. Rossiya 4-5 million (migrantlar)
4. Tojikiston 1.386 million
5. Qirgʻiziston 986 ming
6. Qozogʻiston 638 ming
7. Turkmaniston 558 ming
Tartiblovchi tashkilot
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti.
Davlat tili haqidagi Qonun 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan. 1995-yil 21-dekabrda u yana ham takomillashtirildi.
Oʻzbek adabiy tili tarixi quyidagi davrlarni oʻz ichiga oladi:
Miloddan oldingi davrlardan to X asrlargacha boʻlgan davr. Bu davrdagi til fanda qadimgi turkiy til deb yuritiladi. Qadimgi xalq ogʻzaki ijodi namunalari, Oʻrxun-Enasoy yodgorliklari (VI—VII asrlar) shu tilda yaratilgan.
XI—XIV asrlarda amalda boʻlgan til eski turkiy til deb ataladi. Mahmud Qoshgʻariyning „Devonu-lugʻatit-turk“ („Turk tillari devoni“), Yusuf Xos Hojibning „Qutadgʻu bilig“ („Saodatga yoʻllovchi bilim“), Ahmad Yugnakiyning „Hibatul haqoyiq“ („Haqiqatlar armugʻoni“), Xorazmiyning „Muhabbatnoma“, Rabgʻuziyning „Qissasi Rabgʻuziy“ asarlari shu tilda yaratilgan.
XV asrdan XIX asrning ikkinchi yarmigacha qoʻllangan til eski oʻzbek adabiy tili deb nomlangan. Atoyi, Sakkokiy, Sayfi Saroyi, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Turdi, Maxmur, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqa koʻplab ijodkorlarning asarlari shu tilda yaratilgan.
XIX asrning ikkinchi yarmidan hozirgi davrgacha ishlatib kelayotgan til hozirgi oʻzbek adabiy tili deb ataladi. „Turkiston viloyati gazeti“ nashr qilina boshlagan vaqtdan (1870-yildan) eʼtiboran to hozirgi kungacha yaratilgan barcha asarlar hozirgi oʻzbek adabiy tilining namunalari hisoblanadi.
Oʻzbek tili XI asrdan boshlab mustaqil til sifatida shakllana boshladi va XIII asrda eski oʻzbek adabiy tili shakllanib boʻldi.
Eski oʻzbek tilining rivoji buyuk Alisher Navoiyning nomi bilan bogʻliqdir. U eski oʻzbek tilining keng imkoniyatlaridan foydalangan holda ajoyib asarlar yaratibgina qolmasdan, bu tilni ilmiy jihatdan chuqur tadqiq qiluvchi „Muhokamat-ul-lugʻatayn“ nomli yirik ilmiy asar ham yozdi va unda oʻzbek tilining boshqa tillardan hech kam emasligini ishonarli misollar bilan isbotlab berdi.
Hozirgi oʻzbek adabiy tilining lugʻat tarkibi asosan, 5 manba negizida tashkil topgan :
Umum turkiy soʻzlar;
Oʻzbekcha soʻzlar;
Fors-tojikcha soʻzlar;
Arabcha soʻzlar;
Ruscha soʻzlar;
Umumturkiy soʻzlar koʻpchilik turkiy tillarda hozir ham ishlatiladigan barcha turkiy tillar uchun umumiy boʻlgan koʻpgina soʻzlar borki, ular azaldan turkiy qabilalar tilida mavjud edi, ular hozir ham ishlatiladi. Masalan: kishi, ot, qoʻl, oyoq…
Oʻzbekcha soʻzlar oʻzbek tili sharoitida, ushbu til yoki boshqa til elementlari yordamida koʻpgina soʻzlar yaratilgan. Masalan: ishxona, soʻroq, ulfatchilik, bogʻdorchilik…
Fors tillaridan oʻzlashgan soʻzlar hozirgi oʻzbek tilida tubandagi kabi soʻzlar bor. Ular dasturxon, chiroq, parda, marvarid, marjon…
Arab tilidan oʻzlashgan soʻzlar. Arab soʻzlari oʻzbek tiliga VII—VIII asrlardan boshlab kiradi. Bu hol arablarning shu davrda Oʻrta Osiyoni zabt etishlari bilan bogʻliq. Hozirgi oʻzbek tilida arab tilidan kirgan quyidagi kabi soʻzlar mavjud: kasb, mehnat, hayvon, ittifoq, millat…
Arab soʻzlari birinchidan kitob, madrasa, din, davlat tuzimi orqali kirgan. Ikkinchidan Eroniy tillar orqali kirgan. Uni masalan arab soʻzlariga tojikcha morfemalar qoʻshib yasalgan. Masalan: darxaqiqat, mansabdor, mulkdor, baquvvat… kabi soʻzlardan bilsa boʻladi.
Rus tilidan oʻzlashgan soʻzlar. Oʻzbek milliy tilining shakillanishi va rivojlanishida rus millatining tili gʻoyat katta rol oʻynaydi. Rus xalqi bilan oʻzbek xalqi orasidagi yaqin aloqa, ayniqsa ruslarning iqtisodiy va madaniy taʼsiri rus tilidan ruscha va yevropa tillariga oid soʻzlarning oʻzbek tiliga kirib kelishiga sabab boʻlgan. Rus tilidan oʻzlashgan soʻzlar: fabrika, gimnaziya, doktor, shapka…
Tarixda oʻzbek tilini yozish uchun koʻp alifbolardan qoʻllanilgan. 1928-yilgacha savodli kishilar oʻzbek tilini arab yozuvida yozishgan.
Oʻzbek tili alifbolari
Arab yozuvi
Oʻzbekistonda 1929-yilgacha arab yozuvidan foydalanilgan. 1920-yillarning oʻrtalaridan Oʻzbekistonda arab yozuviga keng hujum boshlandi. Arab yozuvi qoloqligimizning, savodsizligimizning, dindorligimizning sababchisi deb eʼlon qilindi.
Yangi alifbo
1929-yildan boshlab arab yozuvidan yangi lotin yozuviga (yangi alifbo) oʻtilgan. 1929—1930 oʻquv yilidan Oʻzbekiston lotin yozuviga oʻtdi va biz oʻzbek xalqining asrlar davomida yaratilib kelingan hamda chop etilgan ilmiy, badiiy va falsafiy adabiyotdan uzilib qoldik. U 1940-yilgacha ishlatilgan.
Kirill yozuvi
1940-yil Iosif Stalinning buyrugʻi bilan majburan kirill yozuviga oʻtilgan. 1992-yilgacha oʻzbek tili shu yozuvda yozilgan. Buning natijasida 1929—1940-yillar oraligʻida chop etilgan ilmiy, badiiy, pedagogik, oʻquv adabiyotlardan uzilib qoldik.
1940-yildan 1991-yilgacha oʻrta hisob bilan oʻzbek tilida 50 ming nomda 50 million nusxada kitoblar chop etilganini (bunga shu yillari nashr etilgan jurnal, gazetalar kirmaydi) hisobga olsak, biz yana lotin yozuviga oʻtishda qanchadan-qancha adabiyotdan yiroqlashishimiz mumkinligi ayon boʻladi.
Lotin yozuviga koʻchish
Lekin, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari (ularni sanab oʻtirishning hojati yoʻq) lotin yozuvidan foydalanadilar. Shuning uchun ham hozirgi eng zamonaviy texnika, tabiiy fanlar yoki ijtimoiy tadqiqotlar haqidagi adabiyotlar shu yozuv asosida yoritiladi. BMT, UNESCO va boshqa xalqaro tashkilotlarning xabar qilishlaricha, yangi texnika, texnologiya va fanga tegishli adabiyotlarning 80 foizi lotin yozuvida chop etilar ekan. Shu boisdan Oʻzbekiston ham jahon hamjamiyatidan ortda qolmaslik va jahon hamjamiyatiga qoʻshilish uchun 1993-yil Oʻzbekiston rasman lotin yozuvini yana qaytadan kirgizdi. Hozirda Oʻzbekistonda taʼlim joylarida lotin yozuvidan qoʻllaniladi. Shunday boʻlsa ham yoshi kattalar va Oʻzbekiston tashqarisida yashaydigan oʻzbeklar hali ham kirill yozuvidan foydalanishadi.
Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek yozuvini isloh qilish zaruriyati paydo boʻlmoqda. Bunga sabab esa faqatgina oʻzbek tilida hos bolgan oʻ va gʻ harflari va sh, ch harf birikmalaridir. Bularni zamonaviy dunyoda yagona belgi bilan ifodalash zaruriyati paydo boʻlib qoldi. Va bunga bir necha bor urinishlar boʻlmoqda.
Oʻzbek tilining yana bir muammolaridan biri oʻz sofligini saqlashdir. Koʻcha-koʻylarda, oilani suhbatlarda yoki hatto rasmiy uchrashuvlarda ham oʻzbek tilida muqobili boʻla turib boshqa tildagi soʻzlarni qoʻshib ishlatish, eʼlonlarda boshqa tillar va yozuvlardan foydalanish holatlari istalgan tilni shu jumladan oʻzbek tilini ham qadrini va mavjudligini pasayadi.
Oʻzbek tilimizni faqatgina bayramlarda emas hardoim eʼzozlashimiz, befarq boʻlmasligimiz, buzmasdan ravon gapirishimiz, va uni faol targʻib qilishimiz, yoshlarga trio tushuntirishimiz lozim boʻladi. Aks holda kelajak avlodga borib tilimiz unutilib ketishligi hech gap emas. Tilsiz millatning oʻzi ham boʻlmaydi.
Ming yillarkim bulbul kalomi
Oʻzgarmaydi yaxlit hamisha
Ammo shoʻrlik toʻtining holi
Oʻzgalarga taqlid hamisha
Ona tilim sen borsan shaksiz
Bulbul kuyin sherga solaman
Sen yoʻqolgan kuning shaksiz
Men ham toʻti boʻlib qolaman.
(Abdulla Oripov)
Najmiddinov Kariymulloh
“Hidoya” oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi