Ulamolarning nazdida - Ilm olish
Ilm - jannat ahlining yo‘li, vahshatda hamroh, g‘urbatda yo‘ldosh, xilvatda suhbatdosh, yaxshi kunda dalil, do‘stlar oldida esa ziynat, dushmanlar oldida silohdir. Alloh taolo u ila ayrim qavmlarni boshqalar ularning izidan yuradigan, fe’llariga ergashadigan yetakchilar darajasiga ko‘taradi.
Ilm - zulmatda ko‘zlarga chiroq, zaif badanlarga quvvatdir. U bandani axyorlar darajasiga yetkazadi dunyo va oxiratda oliy darajalarga ko‘taradi.
Ilm ichida tafakkur-fikr yuritish nafl ro‘zaga, muzokarasi esa nafl ibodatdagi qiyomga tengdir. U bilan qarindoshlik aloqalari, silai rahmlar bog‘lanadi, halol va haromning o‘rtasi farqlanadi”.
Ibn Javziy rahimahulloh: “Bilginki, Iblisning odamlar ustidagi eng avvalgi hiyla, nayrangi ularni ilmdan to‘sish bo‘lgan. Chunki ilm ularning chiroqlaridagi yorug‘lik, nurdir. Nurni o‘chirar ekan, ularni qorong‘u zulmatda xohlaganiday adashtiradi, gangitadi”, dedi.
Imom ibn Qoyyim rahimahulloh dedi: “Nafsning isloh bo‘lishini ulkan sabablaridan: tafakkuringni ilm bilan mashg‘ul qilish, o‘lim haqida tafakkur qilish, senga manfaati bo‘lmagan narsa haqida tafakkur qilmaslik hamda senga zarar beradigan xavotir va vasvasalardan qalbingni ehtiyot qilishingdir”.
Hasan Basriy rahimahullohdan rivoyat qilinadi: “Ilmni shunday talab qilingki, ibodatga zarar bermasin. Shunday ibodat qilingki, u ilm (o‘rganishga) zarar bermasin. Albatta kimki ilmsiz amal qiladigan bo‘lsa, isloh qilishdan ko‘ra ko‘proq buzadi”.
Ibn Qosim Utaqiy:
"Yigirma yil Imom Molikning xizmatida bo‘ldim. Shundan o‘n sakkiz yili (ustozning huzurida) adab ta’limi va ikki yili ilm ta’limi bo‘ldi".
Nurullayev Fozilxo‘ja
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi