Яратилиш санаси 27.10.2023

Imom Termiziy rohimullohning hayoti (1-qism)

Islom ilmlarining taraqqiy etishida Turkiston shaharlari ichida Termiz kenti ham katta ahamiyat kasb etgan. Samarqand va Buxoroni Balx kabi qadimiy ilm markazi bilan bog‘lovchi shahar Termiz edi. Shuning uchun ham bu yerda ko‘plab allomalar yetishib chiqqan. Shulardan biri - Abu Iso Imom Termiziydir. Manbalarda aytilishicha u 300 dan ortiq asar bitgan. Shulardan 57 tasi bizning zamonamizgacha yetib kelgan.

Imom  Termiziyning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok as-Sullamiy az-Zarir al-Bug‘iy Termiziy[1] bo‘lib, 209/824 yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rtahol bir oilada tavallud topgan. Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Said Abdulkarim as-Sam’oniy (1113-1167) Imom  Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun al-Bug‘iy nisbati bilan ham atalgani, olimning ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan az-Zarir (ko‘zi ojiz) ta­xallusini olganligini ham qayd qiladi. Lekin xalq orasida Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganidan, shuningdek, alloma tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘i Termiz shahriga yaqin, ma’muriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanidan, deb izohlash mumkin[2].

Imom Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan, faqat tarixchilar uning: “Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelganlar”, degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, Imom  Termiziyning ko‘zi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi mualliflar u zotni tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lgan desa, ko‘pchilik mualliflar olimning keyinchalik – umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganini yozadilar.

Imom  Termiziy yoshligidan g‘oyatda tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lib, bu fazilatlari bilan o‘z tengdoshlaridan batamom ajralib turgan. Uning yoshlik chog‘laridan ilmga o‘ta qiziqish va ishtiyoqi o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallashida to‘liq namoyon bo‘ldi. U yoshlik paytlaridan boshlab Ter­miz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamolar va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgana boshladi, keyinchalik qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan aloqalar o‘rnatdi. Imom Termiziy 850-yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab, uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. 

Jumladan, u Hijoz – Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddislar, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsiddin Zahabiyning ta’kidlashicha, Imom  Termiziy Misr va Shomga shaxsan safar qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chog‘ida Imom Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilmul qiroat, ilmul bayon, fiqh, tarix va ilmu fanning boshqa sohalarida ham ko‘plab ustozlardan saboq olib, o‘z bilimini oshiradi. Bularning hammasi Imom Termiziyning yirik olim darajasiga yetishiga mustahkam zamin tayyorlaydi.[3]

Shu bilan birga, Imom Termiziy o‘zi yoshlikdan qiziqqan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini to‘plashga alohida e’tibor bilan qaraydi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki birorta roviydan eshitgan hadisni alohida qog‘ozlarga qayd qilib, ularning asli va isnodini izchillik bi­lan aniqlagach va qayta-qayta tekshirib, to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilgach, ularni alohida-alohida maxsus qog‘ozlarga qayd qilib borgan. Turli roviylardan eshitgan hadislarining to‘g‘riligiga shubha va ikkilanish bo‘lganda, ularni ham ajratib, alohida, tartib bilan yozib borgan. Shu tariqa, hadislarning to‘g‘riligi, isnodi tadqiq qilinganligi yoki shubhalilari turli tabaqalarga bo‘linib, ular sahih (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘arib (g‘alati) kabi xillarga ajratilgan. Imom Termiziy o‘z asarlarida keltirilgan hadislarni ushbu tabaqalar asosida ko‘rsatib o‘tgan.

Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom  Termiziy o‘z davrining ko‘pgina mashhur muhaddislari, jumladan, Imom  Buxoriy, Imom  Muslim ibn Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Is’hoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘iylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar Marvaziy, Ahmad ibn Muni’, Muhammad ibn Musanno, Sufyon ibn Vaki’lardan tahsil olgan. U o‘z davrining yosh muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Uning shogirdlaridan Makhul ibn Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, ibn Muhammad Nasafiy, Hammod ibn Shokir, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy, Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub Mahbubiy kabi yetuk olimlarni ko‘rsatish mumkin.[4]

Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Imom Termiziyning ustozlari va shogirdlari orasida turli mamlakat va elatlarning vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, uzoq o‘tmishda ham ilm-fanning taraqqiyot va ma’rifat urug‘larini tarqatish borasida turli o‘lkalarning vakillari yakdil bo‘lib faoliyat ko‘rsatib, samarali hamkorlik qilganlari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yo‘lida haqiqiy hamjihatlik ruhi mavjud bo‘lgani hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.

Imom  Termiziy zehnining o‘tkirligi, xotirasi hamda quvvai hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumla­dan, arab tarixchisi Shamsiddin Zahabiyning (1274-1347) “Tazkiratul huffoz” (Hofizlar haqida tazkira) nomli asarida quyidagi hikoya bor: 

Abu Iso Muhammad Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda ko‘p mashhur muhaddislar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lib, olimlarning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qilgan. U olim: “Bo‘lmasa, qog‘oz-qalam ol”, - degan. Aksiga olib, shu payt Imom  Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib, eshitgan hadislarini go‘yo yozib olayotgandek, qo‘lini qog‘oz ustida harakat qildiravergan. Olim esa turli mavzularga oid hadislar keltirib, ularning yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada u qog‘ozga qarab, unda hech qanday yozuv ko‘rmagan va Imom Termiziyning bu ishidan jahli chiqib: “Nima, sen hali mening vaqtimni bekorga olmoqchimisan?”, - deb qattik ranjigan. Imom Termiziy bo‘lsa, bamaylixotir: “Siz aytgan hadislarni yoddan aytib beraymi?”, - degan-u, hozirgina o‘zi olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin aynan takrorlab aytib bergan. Imom Termiziy xotirasining bu qadar kuchliligidan boyagi olim hayratga tushib, qoyil qolgan[5].


[1] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.7.

[2] Nuriddin Itr. Аl-Imom аt-Termiziy. – Istаnbul: Dorus sаlom. 2009. – B.21-22.

[3] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.6.

[4] Shаmsiddin Muhаmmаd ibn Аhmаd ibn Usmon аz-Zаhаbiy. Siyar а’lomi аn-nubаlo. – Bаyrut: Muаssаsа аr - risolа, 1992. J.13. – B. 271.

[5] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.8.

Muhiddinov Muzaffar

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi