Makkiy va Madaniy suralarning bir-biridan farqi (1-qism)
Mashhur olim Al-Ja'boriy aytadilarki:
Oyat yoki suralarning qaysinisi Makkiy va yoki Madaniy ekanligini bilish mumkin. Ammo buning uchun ikkita eng muhim va asosiy yo'li bor:
1. Samoiy; 2. Qiyosiy.
Hech shak-shubha yo'qki eshitish orqali bilishlik asosan naqlga tayanadi. Qiyosiy esa aqlga e'tiqod qiladi. Demak aql bilan naql haqiqiy ilmiy haqiqatni bilish uchun manba bo'lar ekan.
Umuman olganda bu haqda qat'iy hujjat vorid bo'lmaganligi uchun ulamolar qaysi oyat Makkiy, qaysinisi Madaniy ekanligini bilishlikda ular uning istilohiy ma'nosi haqida ham har xil o'zlariga xos bo'lgan jihatlarni e'tiborga olib fikr bildirishgan.
1. Oyatning nozil bo'lgan zamoni, vaqtini e'tiborga olib hukm qilinadi:
Rosulalloh (s.a.v) Makkadan Madinaga hijrat qilishliklaridan oldin nozil bo'lgan oyat Makkiy deyiladi, garchi bu Madina shahrida yoki uning atrofida nozil bo'lgan bo'lsa ham.
Ammo qaysi oyat xijratdan so'ng nozil bo'lgan bo'lsa, garchi u Madinada nozil bo'lga bo'lsa ham, balki Makkada yoki Arofotda nozil bo'lsa ham bu Madaniy oyatlardan deyilaveradi.
Masalan Makka fatx qilingan yili nozil bo'lgan ushbu Allohning qavli kabi:
إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُكُمْ أَنْ تُؤَدُّوا الْأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا وَإِذَا حَكَمْتُمْ بَيْنَ النَّاسِ أَنْ تَحْكُمُوا بِالْعَدْلِ إِنَّ اللَّهَ نِعِمَّا يَعِظُكُمْ بِهِ إِنَّ اللَّهَ كَانَ سَمِيعًا بَصِيرًا۞
Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o'z ahliga erishtirishni va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat ila hukm qilishni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va'z qilur! Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchi Zotdir.[1]
Chunki bu oyat Makka to'liq fatx etilgan yili Ka'baning ichida nozil bo'lgan. Ammo shunday bo'lsada ushbu birinchi fikrni bildirgan kishilarning ijtihodiy qoidalariga ko'ra Madaniy oyatlar sirasiga kiradi.
Shuningdek, ushbu oyati karima ham hajjatil va'doda nozil bo'lgan bo'lsada Madaniy oyatlar deyiladi.
الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الْإِسْلَامَ دِينًا فَمَنِ اضْطُرَّ فِي مَخْمَصَةٍ غَيْرَ مُتَجَانِفٍ لِإِثْمٍ فَإِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ۞
Bugungi kunda Men sizlarning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne'matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb, rozi bo'ldim. Kimki gunohga moyil bo'lmagan holida ochlikda muztar bo'lsa, albatta, Alloh mag'firatli va rahmli Zotdir.[2]
2. Oyat nozil bo'lgan joyni e'tiborga olib Makkiy yoki Madaniy deyiladi.
Oyatning Makkiy oyat bo'lishligi uning Makkada va yoki uning atrofida, masalan: Mino, Arafot, Hudaybiyya kabi joylarda nozil bo'lgan bo'lishi kerak. Ana o'shanda bunday oyatlarni Makkiy oyatlardan deb hisoblanadi.
Madina va yoki uning atrofida nozil bo'lgan , masalan: Uxud, Qubo, kabi joylarda nozil bo'lgan bo'lsa bularni Madaniy suralar yoki oyatlar deyiladi.
Endi agar bu ikkinchi bildirilgan fikrga qaraladigan bo'lsa, taqsimot faqat ikki qismga bo'linishlik bilan chegaralanib qolmaydi.
Chunki ba'zi oyatlar safarda bo'lgan chog'larida yoki Tabukda, Baytil Maqdisda ham nozil bo'lgan. Bularni na Makkiy va na Madaniy deb bo'lmaydi. Shuningdek hijratdan so'ng Makkada nozil bo'lgan oyatlarni ham Makkiy oyatlar deyishlikka to'g'ri keladi.
3. Muxotabni e'tiborga olishlikdan kelib chiqadi. Agar oyatda xitob Makka ahllariga qarata aytilgan bo'lsa bu oyatni Madaniy oyatlar deyilmaydi. Bu fikrni bildirgan olimlarning fikru mulohazalaridan kelib chiqib:
Bu fikrdan ma'lum bo'ladigan ba'zi bir suralar umuman har ikkala hisob bilan ham boshlanmagan. Shunga ko'ra bu uchinchi holda ham ko'pam to'g’ri kelavermaydi.
Masalan: "Baqara" surasi Madaniy suralardan lekin shunday bo'lsada 168 - oyat mana bunday xitob bilan boshlanadi.
يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ۞
Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar. Va shayton izidan ergashmanglar, chunki u sizlarga ochiq dushmandir.[3]
Ammo surai "Haj" 77-oyati Makkiy suralardan. Lekin shunday bo'lsada unda Madaniy suralarda xitob qilinadigan xitob ishlatilgan. Masalan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا ارْكَعُوا وَاسْجُدُوا وَاعْبُدُوا رَبَّكُمْ وَافْعَلُوا الْخَيْرَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ۞
Ey iymon kеltirganlar! Ruku', sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar, shoyadki najot topsangiz.[4]
[1]. "Niso" surasi 58-oyat.
[2]. "Moida" surasi 3-oyat.
[3]. "Baqara" surasi 168-oyat
[4]. "Haj" surasi 77-oyat.
Qayumov Safvatulloh
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi