Яратилиш санаси 03.11.2023

Mahmudxo‘ja Behbudiy publitsistikasida vatan milliy g'oya va millat tarixi masalalarining yoritilishi

1. Adibning milliy g'oyaga doir qarashlari

O'tgan asr boshidagi milliy uyg'onish harakatini Mahmudxo'ja Behbudiy faoliyatidan ayri tasavvur etib bo'lmaydi. Jadidshunos Begali Qosimovning ta'kidlashicha: "Mahmudxo'ja Behbudiy XX asr bo'sag'asidagi Turkistonning orzu-armonlaridan biri sifatida maydonga keldi. U o'z davrining ijtimoiy-siyosiy harakatlarida faol qatnashgan eng yirik namoyandasi, yangi zamon o'zbek madaniyatining asoschisi edi. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi. Mustaqil jumhuriyat g'oyasining yalovbardori, yangi maktab g'oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o'zbek dramachiligini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist edi. Buni ulug' millatparvarning zamondoshlari ham e'tirof etgani ma'lum. "Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o'sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng keladigani yo'q deb o'ylayman" Mashhur davlat arbobi Fayzulla Xo'jaevning Behbudiy haqidagi bu so'zlarida zarracha mubolag'a yo'q. Zero, "Mahmudxoʻja Behbudiy siyosatshunos va publisist, adib va pedagog, noshir va jumalist sifatida keng qamrovli faoliyat olib bordi. Har bir ishida bosh mezon millat va milliyat masalalari bo'ldi

1913 yildan Behbudiy matbuot ishlari bilan shug'ullanadi. Apreldan "Samarqand" gazetasini chiqaradi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, so'ng to'rt sahifada chop etilgan. 45 ta sonidan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi to'xtagan. O'sha yilning 20 avgustidan u "Oyna" jurnalini chiqara boshlaydi. Mahmudxo'ja Behbudiy matbuotda publisistik maqolalari bilan muntazam chiqish qila boshlaydi. Uning maqolalarida zamonasining o'tkir ijtimoiy-siyosiy muammolari ko'tarilgani ma'lum.Millat va milliyat masalalariga doir qarashlari uning "Kitobi muntaxabi jug'rofiyai umumiy va namunai jug'rofiya" darsligida, "Duma va Turkiston musulmonlari", "Xayr ul-umuri avsatuho", "Muhtaram samarqandiylarga xolisona arz" va shu kabi maqolalarida ifodasini topgan. Ma'rifatparvar jadidlar ongida yetilib kelgan milliy g'oya Mahmudxo'ja Behbudiy publitsistikasida ham yetakchi o'rin tutadi.

Mahmudxo'ja Behbudiyning ustozi Ismoilbek Gasprinskiy 1895 yilda yozgan maqolalaridan birini "G'oya" deb atagan edi. Uning fikricha, "Xalqlar hayotidagi barcha buyuk voqealarning tag-zaminida u yoki bu g'oya yotadi. Eng ulug' kashfiyotlar, avvalo, ular haqidagi orzu-niyatlardan boshlangan.

Islom g'oyalari yarim dunyoni bir hovuch arablar atrofiga birlashtirdi. Moskva atrofiga birlashuv g'oyasi qudratli Rossiyani maydonga keltirdi. Tenglik va ozodlik g'oyasi fransuzlar mavqeini yevropada sarbaland qildi.

G'oyasizlik-chi! Millatni zaiflashtiruvchi, turg'unlikka tanazzulga olib boruvchi mana shu g'oyasizlik, maqsadsizlikdir.

Tarix necha martalab aqlu iste'dodiga guvoh bo'lgan Sharq xalqlari nega bunday zalolatga botdi? Necha yuz million xitoylar, hindlar so'nggi ming yil davomida o'zlarini ko'rsata olmay, nega boshqalar yetoviga tushib qoldilar? Sababi-g'oyasizlik, deb tushuntiradi muallif.

Shundan keyin u Rusiya qo'l ostidagi musulmonlar hayotiga o'tadi. "Taassufki, Rusiyaning musulmon jamiyatida asl va chinakam g'oya, orzu yo'q,- deb yozadi muallif. Ular yolg'iz shu kunning, shu daqiqaning manfaati, shu birgina qorinni to'qlab olish manfaati bilan yashaydilar va hozirgidan bir necha marta yaxshiroq ishlamoq va yashamoq mumkinligini bilmaydilar. Bizda tushni ta'bir qiluvchi risolalar, gul va bulbul haqidagi qo'shiqlar, oʻzi bir qarich, soqoli qirq qarich polvon haqidagi kitoblar ko'p, ammo miyamizni qoplab olgan jaholatni tarqatguvchi, ahvolimizni tushuntirib berguvchi, taraqqiyot xususida, kelajak xususida o'ylashga, ilgariga intilishga majbur etadigan biror kitob yo'q. Shunday ekan, maorifga, taraqqiyotga intilishni o'z oldimizga vazifa va orzu qilib qo'ymoq kerak emasmi?!"Shu g'oya bilan ish tutilsa, milatning jonlanishiga, ma'rifatli avlod shakllanib hayotning go'zallashishiga Ismoilbek dil-dildan ishonadi.

Bugina emas, uni hayot-mamot masalasi deb biladi. Millatning milliy, diniy, insoniy huquqlarini muhofaza qilishda birinchi vosita deb hisoblaydi.

Bu masala Mahmudxo'ja Behbudiy asarlarida ham yetakchi o'rin tutadi. "Bir millatning quvvat va matonati uning saodati va farog'ati ahlining oz-ko'pligi bilan emas, a'zolaridagi madaniyat va taraqqiyotga omil hayotiy xususiyatlarining darajasi bilan o'lchanadi", - deb yozadi Mahmudxo'ja Behbudiy "Xayrul umuri avsatuho" maqolasida - Ilm-hunar g'ayrat va mehnat bilan qoʻlga kiradi. G'ayrat va mehnat esa ilmu hunar tufayli samara beradi. Bular o'zaro bog'liq tushunchalardir. Qavmining ko'pchiligi jisman sog' bo'lib, ilmu hunardan bebahra qolishi va hayoti parishon bo'lib, o'zini himoya qilmoqdan ojiz holga tushishi mumkin. Ilm-ma'rifatda quvvatli yevropa millatlarining sog'lom Afrikani asoratga olishlari bejiz emasBehbudiy millat ravnaqi uchun universitetlar lozimligini dil-dildan his qildi. 1918 yilda Toshkentda ochilgan Turkiston musulmon dorilfununini chin yurakdan tabrik etdi. O'sha yili Samarqandda uning sho'basini ochib, bugungi Milliy universitetimizning maydonga kelishida oʻzining munosib hissasini qo'shdi.

Jadidchilikning bosh g'oyalaridan biri millatni uyg'otmoq, uni yangi turmushga tayyorlamoq edi. Bu degani jaholat va nodonlikka, xurofot va bid'atga qarshi kurashmoq edi. So'nggi to'rt asrlik tanazzul va ayniqsa, rus istilosi tufayli oʻzining zakiylik, shijoatlilik, tirishqoqlik, topag'onlik, ahillik, mehnatsevarlik, xushaxloqlik, ayniqsa, erk va bilimga chanqoqlik kabi asliy xususiyalarini yo'qotib, o'z-o'zini mahv etib borayotgan millatni uyg'otish, unga o'zligini anglatish kerak edi. Uni kundan-kun xor va zalil qilayotgan «kim o'zarga>>> to'ylardan, aqidaparstlikdan, «madaniyat» niqobi ostida kirib kelayotgan «vahshiylikdan saqlamoq kerak edi. U o'zining butun ongli faoliyatini shunga

qaratdi. Shu yo'lda qurbon bo'ldi. Lekin jisman mahv etilgan bo'lsa-da, uning nomi millatning nurli istiqboli yo'lidagi beqiyos xizmatlari bugungi va kelajak avlodlar qalbida mangu yashayajakdir.

Umuman, Mahmudxo'ja Behbudiy publisistik asarlarida milliy g'oya - millatga o'zligini anglatish, uni taraqqiy etgan xalqlar darajasiga yuksaltirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Vatan va millat taraqqiyotiga to'siq bo'layotgan illatlar qattiq tanqid qilindi. Zamon talablaridan kelib chiqib, millat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish masalasi kun tartibiga qo'yildi.

Adhamjon Otahanov

“Hidoya” o’rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi